Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jizzaxda odam o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir etgan haydovchi YPX xodimlaridan qochgani ma’lum bo‘ldi
Viloyat IIB YHXB axborot xizmati YPX xodimi va haydovchining xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishini ma’lum qildi.
Bundan bir necha kun oldin Jizzax viloyatida 21 yoshli shaxs “Lasetti” mashinasini boshqarayotib, belgilanmagan joydan qayrilib, avtobus bilan to‘qnashgani va 21 yoshli yo‘lovchi vafot etgani haqida xabar berilgandi.
Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda “Lasetti”ni YPX xodimlari quvib borgani haqida xabarlar tarqaldi. Jizzax viloyat IIB YHXB axborot xizmati hodisa qanday sodir bo‘lganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2024 yil 25 may kuni Navoiy viloyati Xatirchi tumanida tug‘ilgan 21 yoshli haydovchi davlat raqamlari yechib olingan “Lasetti” bilan Samarqand-Toshkent yo‘nalishida ketayotganda YPX xodimlarining to‘xtash ishoralariga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirgan.
Xodimlardan biri miltillovchi chiroqlarni va sirenani yoqqan holda “Lasetti”ni kuzatib borgan va haydovchiga ovoz kuchaytirgich yordamida to‘xtash kerakligini aytgan. Uning yoniga yetganda qo‘li bilan to‘xtashga ishora qilgan. Biroq “Lasetti” haydovchisi YPX xodimiga bo‘ysunmagan va belgilanmagan joydan qayrilib olish uchun mashinani keskin chapga burgan.
Shunda “Lasetti” Toshkent-Samarqand yo‘nalishida kelayotgan avtobusning yo‘liga chiqib ketgan. Avtobus uni urib yo‘l chetiga chiqarib yuborgan. Oqibatda “Lasetti” salonidagi 21 yoshli yigit voqea joyida halok bo‘lgan.
20 yoshli yana bir yo‘lovchi va “Lasetti” haydovchisi RShTYoIM Jizzax filialining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Avtobus haydovchisi va uning yo‘lovchilarga tan jarohati yetmagan.
“Hozirgi paytda holat yuzasidan Sharof Rashidov tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan dastlabki surishtiruvlar olib borilmoqda. Surishtiruv yakuniga ko‘ra YPX xodimi va haydovchining xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi”, deyiladi xabarda.
Mavzuga oid
09:30 / 17.06.2026
Toshkentda Lacetti va BYD to‘qnashuvi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi
18:17 / 15.06.2026
“Suv ichaman deb chalg‘idim” – Navoiyda YTHga uchragan avtobus haydovchisi 10 yilga qamaldi
14:23 / 15.06.2026
Samarqandda Damas haydovchisi YTH sodir etib, mashinadan tushib qoldi
15:55 / 13.06.2026