O‘zbekiston | 19:42 / 28.05.2024
6291
2 daqiqa o‘qiladi

Respublikadagi ikkita ruhiy kasalliklar shifoxonasida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan bemorlar borligi aniqlandi

Toshkentdagi Respublika kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida 59 nafar bemor, Buxorodagi shifoxonada ayrim bemorlar shaxsni tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagani uchun turli muammolarga duch kelgan.

Toshkent va Buxoroda joylashgan ruhiy-asab kasalliklari dispanserida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan bemorlar ham saqlanayotgani aniqlangan. Bu haqda Ombudsman matbuot kotibi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Toshkent shahri va Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili ikkita hududdagi ruhiy-asab kasalliklari dispanserida monitoring o‘tkazgan.

Jumladan, Toshkentdagi 445 o‘rinli va Buxorodagi 500 dan ortiq bemor davolanayotgan shifoxonalarda yotoqxonalar, oshxona, davolash bo‘limlari hamda hududdagi boshqa shart-sharoitlar ko‘zdan kechirilgan.

Monitoringda har ikkala muassasadagi barcha bemorlar elektron reyestrga kiritilib, ro‘yxati shakllantirilgani, shifokorlar davolanayotgan shaxslarning ruhiy holatini nazorat qilayotgani, davolanishga ko‘rsatmasi mavjud bemorlar sog‘lomlashtirishga jalb etilayotgani ma’lum bo‘lgan.

Biroq Buxorodagi shifoxonada ham ba’zi bemorlarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘qligi, shu sababli ularga nogironlik nafaqasini tayinlashda amaliy yordam ko‘rsatish zarurligi, shaxsi noma’lum, boquvchisi va qarovchisi yo‘q bemorlarga vasiylik tayinlash bo‘yicha ehtiyojlar borligi aniqlangan.

Toshkentdagi muassasada davolanayotgan 59 nafar majburiy davolanish o‘tayotgan bemorlarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘qligi bois Tibbiy mehnat ekspert komissiyasi ko‘rigidan o‘tkazish hamda ularga nafaqa puli to‘lanishi to‘xtatilgan.

Ba’zi bemorlar davolanish uchun boshqa viloyatda joylashgan psixiatriya muassasasiga ko‘chirilganda ularga maxsus avtoulov zarurligi, so‘nggi 4 yil ichida davolanuvchilarga kiyim-kechak va boshqa kerakli jihozlar ajratilmagani ma’lum bo‘lgan.

Qayd etilishicha, monitoring yakunlariga ko‘ra, har ikki shifoxonada aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa tashkilotlarga Ombudsman taqdimnomasi kiritilgan.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid