Jahon | 07:44 / 29.05.2024
5559
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh - o‘zi bergan qurol bilan Rossiyaga hujum qilinishiga qarshi

«Biz AQSh tomonidan Ukrainaga yetkazib berilgan qurollardan Rossiya Federatsiyasiga hujum qilish uchun foydalanishni rag‘batlantirmaymiz va bunga ruxsat bermaymiz», dedi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Kirbi.

Jon Kirbi Foto: Ken Cedeno/UPI/newscom

Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga yetkazib berayotgan qurollardan Rossiya hududidagi nishonlarga hujum qilish uchun foydalanishga qarshi. Bu haqda 28 may, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ma’lum qildi.

«Bu masala bo‘yicha siyosatimizda hech qanday o‘zgarishlar yo‘q, dedi u. - Biz Rossiyaga zarba berish uchun Qo‘shma Shtatlar tomonidan Ukrainaga yetkazib berilgan qurollardan foydalanishni rag‘batlantirmaymiz va bunga yo‘l qo‘ymaymiz».

24 may kuni NATO bosh kotibining The Economist nashriga bergan intervyusidan so‘ng G‘arb tomonidan Ukrainaga yetkazib berilgan yuqori aniqlikdagi uzoq masofali qurollardan Rossiya hududidagi nishonlarni urish uchun foydalanish imkoniyati haqidagi munozaralar yangi kuch bilan avj oldi. Yyens Stoltenberg shunday dedi: «Ittifoqchilar Ukrainaga o‘tkazgan qurollardan foydalanishga qo‘yilgan ba’zi cheklovlarni bekor qilish imkoniyati haqida o‘ylash vaqti keldi».

Makron G‘arb qurollari bilan Rossiya hududiga zarba berish haqida 

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 28 may kuni Germaniya kansleri Olaf Shols bilan qo‘shma matbuot anjumanida, shuningdek, G‘arb Ukrainaga Rossiya hududidagi harbiy bazalarni «zararsizlantirish» uchun unga yetkazib berilgan yuqori aniqlikdagi uzoq masofali qurollardan foydalanishga ruxsat berishi kerakligini aytdi.

O‘z navbatida, Olaf Shols kengroq gapirib, AQSh, Fransiya va Germaniya tomonidan Kiyevga yetkazib berilgan qurollardan foydalanish xalqaro huquq doirasida bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Germaniya hukumati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, «Ukraina, xalqaro huquq nuqtayi nazaridan, qilayotgan ishlari uchun barcha imkoniyatlarga ega». «Biz aniq aytishimiz kerak: u (Ukraina) hujumga uchradi va u o‘zini himoya qila oladi», - deya qo‘shimcha qildi Shols.

Mavzuga oid