O‘zbekiston | 20:05 / 31.05.2024
23264
7 daqiqa o‘qiladi

Ijodiy imtihonlarda, chet tili yo‘nalishlarida yangilik – Oliy ta’lim vazirligi mas’uli bilan suhbat

“Bu yilgi qabulda ijodiy imtihon topshiradigan abituriyentlar ham 5 ta OTM tanlashi mumkin. Chet tilidan ijodiy imtihon bo‘ladigan 8 ta OTMda test bo‘ladi”. Qabulga va yangi o‘quv yiliga oid muhim ma’lumotlarni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departament boshlig‘i Abduvali Xoliqov Kun.uz bilan suhbatda aytib o‘tdi.

Bu yil talabalikka qabul qilinadigan yoshlarni butunlay yangi tizim kutib turibdi. Ular oliy ta’lim muassasalariga yangi tartibda ro‘yxatdan o‘tishadi, OTMga kirgach ham oldingi yillardagi talabalardan farqli ravishda grantni saqlab qolish uchun raqobat olib borishadi.

Prezident farmoni bilan amalga kiritilayotgan yangi tartib bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departament boshlig‘i Abduvali Xoliqov Kun.uz’ga intervyu berdi.

Kasbiy-ijodiy imtihon topshiradigan abituriyentlar ham 5 ta OTM tanlaydi

Vazirlik mas’ulining ma’lumot berishicha, bu yil kasbiy-ijodiy imtihon topshiradigan abituriyentlar uchun yaxshi yangilik bor. Endi ular ham 5 tagacha OTM tanlashi mumkin bo‘ladi.

“Ijodiy imtihon topshiradigan abituriyentlarda bitta yo‘nalish tanlash saqlanib qoladi. Sababi ular tanlaydigan yo‘nalishlar uchun alohida iqtidor talab qilinadi. Lekin OTMni 5 tagacha tanlashi mumkin bo‘ladi.

Dastlab, bu toifadagi abituriyentlar hujjat topshirishning 1-bosqichida ijodiy imtihon topshiradigan OTMni tanlaydi. Bu OTM ular o‘qish uchun tanlaydigan joy emas, faqat ijodiy imtihonni topshirishlari uchun tanlanadi. Imtihonlarni topshirib bo‘lgach, abituriyentlar qo‘lidagi balli bilan o‘z yo‘nalishi bo‘yicha, masalan, tasviriy san’at yo‘nalishi bor 5 ta OTMni tanlashi mumkin bo‘ladi”, deb javob berdi Abduvali Xoliqov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, kasbiy-ijodiy imtihon topshiradigan abituriyentlarga ijodiy imtihonda qatnashishlari uchun ruxsatnoma beriladi. Bu toifadagi abituriyentlar avvalgi yillarda kasbiy-ijodiy imtihon uchun ruxsatnoma olishmagan va faqat oliy ta’lim muassasalari tomonidan imtihon sanasi haqida ogohlantirilar edi.

8 ta OTMda chet tilidan ijodiy imtihon bekor bo‘ldi

Yana bir katta yangilik chet tili yo‘nalishlariga topshiruvchi abituriyentlarga aloqador. Ma’lumki, 8 ta OTMning chet tili birinchi mutaxassislik fan bo‘lgan yo‘nalishlarida abituriyentlardan test emas, ijodiy imtihon olinardi. Bu yilgi qabulda mana shu OTMlarda ham ijodiy imtihon o‘rniga test bo‘ladi. Va bu OTMlarga topshiradigan abituriyentlar ham o‘tgan yildagi kabi faqat shu OTMlar doirasida emas, respublikadagi barcha OTMlardan o‘z yo‘nalishiga to‘g‘ri kelgan 5tasini tanlashi mumkin bo‘ladi.

2024 yilda ushbu ro‘yxatdagi OTMlarda ham boshqa chet tili yo‘nalishi bor OTMlar kabi test imtihoni o‘tkaziladi:

  • O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti;
  • Samarqand davlat chet tillar instituti;
  • Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti;
  • Toshkent davlat pedagogika universiteti;
  • Qo‘qon davlat pedagogika instituti;
  • Nukus davlat pedagogika instituti;
  • Andijon davlat chet tillar instituti;
  • Namangan davlat chet tillar institutining xorijiy tillar bo‘yicha pedagoglarni tayyorlovchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari.

“Prezident farmonida 2025/2026 o‘quv yili qabulidan boshlab fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshiriladi, deyilgan.

Bu keyingi yildan chet tili birinchi fan bo‘lgan barcha yo‘nalishlarga hujjat topshiruvchi abituriyentlar uchun sertifikat majburiy bo‘lishini anglatadi. Agar keyinchalik qaysidir yo‘nalishga chet tili birinchi fanga aylantirilsa ham, shu yo‘nalishga topshiruvchi abituriyent uchun sertifikat talabi majburiy bo‘ladi. Bu haqida bir yil oldindan abituriyentlarni ogohlantiryapmiz: keyingi yildan chet tili birinchi fan bo‘lgan yo‘nalishlarga topshiruvchi abituriyentlar hozirdan harakat boshlashi kerak”, deb tushuntirdi Abduvali Xoliqov.

Grantdagi o‘zgarishlar va 3 yil ishlab berishning bekor bo‘lishi

Abduvali Xoliqov grant kvotalarning oliy ta’lim muassasaalari kesimida emas, balki yo‘nalishlar kesimida taqsimlanishi qay tartibda amalga oshirilishini ham tushuntirib berdi. Bunday taqsimot bilimli abituriyentlarning yaxshiroq OTMlarda ko‘proq ta’lim olishiga olib keladi.

Shuningdek, talabalarga beriladigan grant ijtimoiy rag‘batlantiruvchi va ta’lim granti turlariga ajratilmoqda.

Ijtimoiy rag‘batlantiruvchi ta’lim granti qonunchilikda belgilangan imtiyoz bo‘yicha davlat granti asosida va maqsadli qabul doirasida talabalikka qabul qilingan talabalarga, shuningdek, tarmoq va sohalarning, davlat organlari va tashkilotlarining grantlari sohiblari uchun ajratiladi. Ular bu grantni to o‘qishni tugatguncha saqlab qoladi. Ta’lim granti esa umumiy kvota doirasida talabalikka qabul qilinadigan yoshlarga 1 yilga beriladi, keyingi yildan yana bilimli talabalarning o‘zlashtirishiga qarab taqsimlanadi.

“Birinchi kursda grantga kirgan talaba keyingi yil kontraktda o‘qishi ham mumkin. Ular 4 yil to‘liq grantda o‘qimaganliklari sababli 3 yil ishlab berish majburiyati ham bekor bo‘ladi. Lekin maqsadli qabul asosida talaba bo‘lganlar, turli tashkilotlarning buyurtmasi asosida talaba bo‘ladigan toifadagi yoshlarning ko‘rsatilgan muddatda ishlab berish majburiyati saqlab qolinadi”, deb ma’lumot berdi Abduvali Xoliqov.

Shuningdek, intervyuda qayd etilishicha, 3 yil ishlab berish talabi bekor bo‘lishi 2024 yildan talabalikka qabul qilinadigan yoshlarga tegishli. Bu ayni paytda oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan talabalarga tegishli emas. Ularning bo‘ynida 3 yil ishlash talabi hali ham turibdi.

“Abituriyent o‘zi ro‘yxatdan o‘tsin”

Abduvali Xoliqov abituriyentlar oliy ta’lim tashkilotlariga ro‘yxatdan o‘tishda hech kimdan yordam so‘ramasdan o‘zlari ro‘yxatdan o‘tishlari kerakligini ta’kidladi.

“Bizda ko‘pincha maktab direktori yo Paynet’dan yordam so‘raladi va natijada yo‘nalish tanlashda, imtihon topshiradigan hududni tanlashda tushunmovchiliklar bo‘ladi. Masalan, o‘tgan yili bir abituriyent 189 ball to‘plagan, lekin birinchi yo‘nalish sifatida agrar yo‘nalishni, so‘ng tibbiyot yo‘nalishlarini tanlagan ekan. Menimcha, u bola o‘tgan yili agrar yo‘nalishda o‘qimagan. Bu xato – uning bir yili “kuyishini” anglatadi”, dedi Abduvali Xoliqov.

Eslatib o‘tamiz, OTMlar va professional ta’lim muassasalariga qabul 5 iyundan boshlanadi.

 Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid