21:20 / 05.06.2024
11162

Moldova bosh shtabining sobiq boshlig‘i Rossiyaga josuslik qilgani ma’lum bo‘ldi

The Insider surishtiruviga ko‘ra, u rus qo‘shinlari respublikaga bostirib kirishini taklif qilgandi.

Foto: NATO

Moldova bosh shtabining sobiq boshlig‘i Igor Gorgan ko‘p yillar mobaynida Rossiya Bosh razvedka boshqarmasi (GRU)ning axborot yetkazib turuvchi informatori bo‘lgan. Bu haqda Moldovadagi «Malenkaya strana» nashri bilan birga Gorganning GRUdagi kuratori, polkovnik Aleksey Makarov bilan telegramdagi yozishmalarini o‘rganishga muvaffaq bo‘lgan The Insider nashri xabar berdi.

Jurnalistlarning ma’lumotiga ko‘ra, moldovalik harbiy muntazam ravishda rossiyalik razvedkachilarga respublikadagi ichki siyosiy holat haqida hisobot berib turgan, shuningdek, Moldovadan Rossiyaga qarshi urushda foydalanish uchun harbiy texnikalar va snaryadlar sotib olgan Ukraina mudofaa vazirligi vakillari tashriflari haqida gapirib bergan.

Igor Gorgan kim o‘zi?

  • The Insider ma’lumotiga ko‘ra, 1991 yilda Igor Gorgan Novosibirskdagi Oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtini tamomlagan, keyin Odessa oblastidagi havo-desant diviziyasida xizmat qilgan, keyin esa — Kishinyovda 2-motopiyodalar brigadasi komandiri bo‘lgan. 2001 yilda Fort-Livenvortdagi AQSh armiyasi qo‘mondonligi va bosh shtab kollejida tahsil olgan. 2003 yildan NATOning Bosniya va Gersegovina, Gurjiston va Iroqdagi xalqaro missiyalarida qatnashgan. 2013 yilda general Gorgan Moldova bosh shtabiga rahbarlik qilgan, ammo mudofaa vaziri bilan kelishmovchilikdan keyin ishdan ketgan. 2019 yilda Igor Dodon boshqaruvi chog‘ida u yana bosh shtab boshlig‘i lavozimini egallagan. 2021 yilda esa Moldovaning yangi prezidenti Mayya Sandu uni iste’foga chiqargan. 2023 yilda Gorgan BMTning Kishinyovdagi qochqinlar masalalari bo‘yicha vakolatxonasiga ishga joylashgan.

The Insider nashrining harbiy razvedkadagi manbasi taxmin qilishicha, Gorgan 2004 yildayoq, NATOning Bosniya va Gersegovina, Gurjiston va Iroqdagi xalqaro missiyalarida xizmat qilgan chog‘ida yollangan. O‘shanda u Rossiyaning Kishinyovdagi harbiy attashesi Vadim Uxnalev bilan aloqa o‘rnatgandi. Keyin esa unga keyingi harbiy attashe Igor Dovbnya (2017 yilda uni josuslik faoliyati uchun Moldovadan chiqarib yuborishadi) kurator bo‘ladi.

2019 yildan buyon Gorgan polkovnik Aleksey Makarov bilan aloqa qilib kelgan, u ham Rossiyaning Kishinyovdagi elchixonasida harbiy attashe bo‘lib ishlagan. Moldovalik jurnalistlar bir necha marta Gorganni Rossiyaning Kishinyovdagi elchixonasida uchratishgan, shuningdek bir marta Makarov bilan maxfiy uchrashganini ko‘rishgan.

2022 yil aprelida, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin, Gorgan va Makarov o‘rtasidagi yozishmalar faollashgan. Xususan, u kuratoriga Ukroboroneksport Moldovadan MiG-29 rusumli oltita samolyot sotib olishga urinayotgani va «ukrainlar uch haftadan buyon mudofaa vazirligiga kelib, hammadan artilleriya uchun snaryadlar so‘rayotgani» haqida aytgan.

Shuningdek, The Insider nashri yozishicha, Gorgan «Makarovga tinimsiz xabar yuborib, Moldovada barcha Rossiya qo‘shini kirishiga tayyorligi»ni bildirgan. «Biz zudlik bilan mamlakatni barcha fashistik chiqindilardan tozalashimiz darkon!!! Ko‘pchilik tayyor. Yetkazing… Vaqti keldi. Men armiyadagi butun vaziyatni nazoratda ushlab turaman… Bu yerda, baxtimizga „Azov“ va boshqa millatchi tuzilmalar yo‘q, siyosatchilarni esa tezda biryoqlik qilamiz», — deya Gorganning o‘z kuratoriga xabarlaridan birini keltiradi jurnalistlar.

Nashrning qayd etishicha, Gorgan Moldova mudofaa vazirligidan 2021 yildayoq bo‘shatilganiga qaramay, uning vazirlikda yetarlicha odamlari bo‘lib, aynan ular maxfiy ma’lumotlarni yetkazib turishgan.

2023 yil iyulida, rossiyalik diplomatlar Moldovadan yoppasiga chiqarib yuborilishi boshlanishi arafasida, Gorgan GRUdagi kuratoriga aloqaga chiqishni bas qilgan va BMTning Kishinyovdagi qochqinlar masalalari bo‘yicha vakolatxonasiga (UNHCR-Moldova) ishga joylashgan.

Top