15:31 / 06.06.2024
3255

Politico: Ukraina F-16 uchuvchilarini tayyorlash sekin ketayotganidan norozi

Ukraina hukumati F-16 qiruvchi samolyotlari uchun uchuvchilarni tayyorlashni tezlashtirmoqchi, biroq AQSh va Yevropa Ittifoqining o‘quv markazlarida joy yetishmayapti, deya ta’kidlaydi Politico.

Foto: Mads Claus Rasmussen/Ritzau Scanpix/AFP

Ukraina rasmiylari AQSh va boshqa davlatlardan F-16 qiruvchi samolyotlari uchun uchuvchilarni tayyorlashni tezlashtirishni talab qilmoqda. Bu haqda 6 iyun, payshanba kuni Politico nashri xabar berdi. Ukraina rasmiylarining aytishicha, hozirgi tayyorgarlik jarayoni Kiyev tez orada harbiy yordam sifatida oladigan jangovar samolyotni boshqarish uchun yetarli uchuvchilarni tayyorlashga ulgurmayapti, deb yozadi Politico. 

AQShda ukrainalik uchuvchilarni o‘qitish uchun joy yetishmayapti

Nashr manbalariga ko‘ra, Ukraina zudlik bilan 30 nafar uchuvchini F-16’dan foydalanishga o‘rgatish uchun AQShga jo‘natishga tayyorligini bir necha bor ta’kidlagan. Biroq Oq uy Kiyevni Arizonadagi bazasida joy yo‘qligi va sentabr oxirigacha bor-yo‘g‘i 12 nafar ukrainalik uchuvchini o‘qitishga tayyorligi haqida xabardor qildi, deya ta’kidlaydi Politico. 

AQSh Vakillar palatasining razvedka qo‘mitasi raisi Mayk Terner ham ukrainalik uchuvchilarni tayyorlashni tezlashtirish lozimligini ta’kidlagan, u may oyida boshqa rasmiylar bilan birgalikda Pentagonga ushbu masalaga ustuvor e’tibor berilishini talab qilib maktub yo‘lladi, deb yozadi nashr. 

O‘z navbatida, Oq uy 30 nafar ukrainalik uchuvchini bir vaqtning o‘zida mashg‘ulotlarga qabul qilishdan bosh tortishini boshqa davlatlar ham F-16’dan foydalanishga tayyorgarlik ko‘rish uchun navbatda turgani va AQSh bu boradagi majburiyatlarini buzolmasligi bilan asosladi. 

Politico manbalariga ko‘ra, Daniya va Ruminiyadagi boshqa F-16 uchuvchilarni tayyorlash markazlarida ham o‘quv joylari yetishmovchiligi bor.

YeIning to‘rt davlati Kiyevga 60 dan ortiq qiruvchi samolyotlarni topshirishni rejalashtirmoqda 

Daniya, Norvegiya, Niderlandiya va Belgiya yozda Ukrainaga Amerikada ishlab chiqarilgan 60 dan ortiq qiruvchi samolyotlarni yuborishni rejalashtirmoqda, deb yozadi nashr. Taxminlarga ko‘ra, samolyot Ukrainaga Rossiya Federatsiyasi bilan havoda kurash olib borishga va rus qo‘shinlarini front chizig‘idan, masalan, Xarkiv viloyatidan uzoqlashtirishga yordam beradi. Bundan tashqari, Niderlandiya va Daniya Kiyevga F-16 samolyotlaridan Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga hujum qilish uchun ruxsat berdi. 

Mavzuga oid
Top