Muallaq qolgan BMT rezolyutsiyasi, Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar va Pashinyanning KXShT to‘g‘risidagi bayonoti - kun dayjesti
Jahonda o‘tgan kun davomida ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Garchi BMT Xavfsizlik kengashi AQSh prezidenti Jo Baydenning G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish taklifini ma’qullab, rezolyutsiya qabul qilgan bo‘lsa-da, hozirgacha na HAMAS, na Isroil AQSh prezidenti rezolyutsiyada nazarda tutilgan majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishga tayyor ekanini rasman bildirgan.
Garchi HAMAS vakillari Jo Baydenning G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga «ijobiy» javob berganliklarini ma’lum qilishgan, o‘z bayonotida Baydenning rejasi Isroil bilan kelishuvga erishish uchun «keng yo‘l» ochadi, degan bo‘lsa-da, Isroil rasmiylari HAMAS bu rejani rad etgan, deb hisoblamoqda.
Ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan isroillik mulozim HAMAS Bayden rejasining «barcha asosiy va eng muhim shartlarini o‘zgartirganini», jumladan, «garovga olinganlarni ozod qilish taklifini rad etgani»ni ma’lum qilgan.
HAMAS esa yana bir bor «o‘z pozitsiyasini tasdiqlagani»ni da’vo qilmoqda. «Endi to‘p Isroil tomonida», degan o‘z nomi sir qolishni istagan Falastin harakatidagi manba.
Isroil bosh vazirining tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Ofir Falk iyun oyi boshida Isroil rejaning asosiy qoidalariga rozi ekanini, biroq ko‘p shartlarni hali qayta ishlash zarurligini aytgan edi.
«Bu unchalik yaxshi kelishuv emas, lekin biz haqiqatan ham barcha garovga olinganlarning ozod etilishini xohlaymiz», deb qo‘shimcha qilgan u.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha mustaqil xalqaro tergov komissiyasi Isroil keskin tanqid qilingan hisobotni taqdim etdi. Komissiya Isroil, shuningdek, Falastinning bir qancha tashkilotlarini, jumladan HAMASni urush jinoyatlarida aybladi.
Komissiyaning taqdim etilgan hisobotida aytilishicha, Isroil «insoniyatga qarshi jinoyatlarni, falastinlik erkak va o‘g‘il bolalarni yo‘q qilish, o‘ldirish, jinsiy ta’qib qilish, majburan ko‘chirish, qiynoqlar, g‘ayriinsoniy va shafqatsiz munosabatni» sodir etgan.
Komissiya, shuningdek, Falastinning HAMAS va yana boshqa olti qurolli guruhining 7 oktyabr kungi harakatlari, shuningdek, Isroilga qarshi davom etayotgan raketa hujumlari ham urush jinoyati sifatida baholanganiga diqqat qaratdi.
Hujjatda «HAMAS va Falastin qurolli guruhlari raketa hujumlarini zudlik bilan to‘xtatib, barcha garovga olinganlarni ozod qilishlari kerak», deyiladi.
Hisobotda ta’kidlanishicha, G‘azoda tinch aholi orasida «katta» qurbonlar, fuqarolik obektlari va infratuzilmalarining keng miqyosda vayron bo‘lishi Isroilning farqlash, mutanosiblik va ehtiyotkorlik tamoyillarini e’tiborsiz qoldirib, maksimal zarar yetkazish niyatida amalga oshirgan strategiyasining muqarrar natijasidir.
Komissiya raisi, BMTning inson huquqlari bo‘yicha sobiq oliy komissari Navi Pilley aytishicha, Isroil zudlik bilan o‘z jangovar harakatlarini to‘xtatishi, HAMAS esa Isroil hududiga raketa otishni bas qilishi kerak.
Tel-Aviv komissiyaning tekshiruvlari va jangovar hududga kirishiga to‘sqinlik qilgan. Ushbu hisobot 19 iyun kuni Jyenevada bo‘lib o‘tadigan BMT Inson huquqlari kengashining 56-sessiyasida davlatlarga taqdim etiladi.
«Hizbulloh»ning Isroilga hujumi
Livandagi «Hizbulloh» harakati o‘zining yuqori martabali qo‘mondoni Tolib Sami Abdulloh Isroil maxsus kuchlari tomonidan yo‘q qilingach, Isroil shimoliga 100 dan ortiq raketa uchirdi.
Havo hujumidan ogohlantirish signallari Jalilaning ko‘plab aholi punktlarida, jumladan Safed va Tiberiya shaharlarida yangradi, deb yozadi The Jerusalem Post.
The Times of Israel gazetasi TsAHALga tayanib, Livan hududidan Isroil shimoliga kamida yuzta raketa uchirilganini aniqlashtirdi. Bu 2023 yilning oktyabridan TsAHALning HAMASga qarshi urushi boshlanganidan beri «Hizbulloh» tomonidan amalga oshirilgan eng yirik hujumlardan biridir.
Isroil armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Livandan otilgan 90 ga yaqin raketa mamlakat havo hududini kesib o‘tgan, ularning bir qismi tutib olingan, qolganlari bir necha joyga tushib, yong‘in chiqishiga sabab bo‘lgan. Hujum oqibatida jabrlanganlar va halok bo‘lganlar haqida ma’lumotlar yo‘q.
Avvalroq Isroil Livan janubiga hujum uyushtirilgani, natijada «Hizbulloh»ning yuqori martabali qo‘mondoni Tolib Sami Abdulloh halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi. Xabarlarga ko‘ra, u «Hizbulloh» harbiy tuzilmasida «general» lavozimini egallagan va guruhning G‘azo sektoridagi urush chog‘ida o‘ldirilgan eng yuqori martabali qo‘mondonidir.
Sky News telekanaliga ko‘ra, Tolib Sami Abdulloh va uning sheriklari joylashgan binoga berilgan zarba natijasida «Hizbulloh»ning yana kamida uch qo‘mondoni halok bo‘lgan.
Rossiyaga qarshi sanksiyalar
AQSh Rossiya va boshqa mamlakatlardagi Ukrainaga qarshi urushiga yordam bergan kompaniyalar 33 shaxs va 300 ga yaqin kompaniyalarga qarshi sanksiyalar joriy etdi. Boshqalar qatorida, Moskva birjasi va Milliy kliring markaziga nisbatan sanksiyalar joriy etildi.
12 iyun kuni e’lon qilingan AQSh Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, cheklovlar qo‘yilgan yuridik shaxslar orasida Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Bolgariya, Serbiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Belarus va Britaniya Virjiniya orollari kompaniyalari bor.
Shuningdek, Rossiya valuta bozorida dollar savdosida vositachi bo‘lgan bir qator Rossiya moliya institutlariga, xususan, Moskva birjasi, Milliy kliring markazi va Milliy hisob-kitob depozitariysiga nisbatan ham sanksiyalar joriy etildi.
Yana «Sogaz» sug‘urta kompaniyasi va Rossiya milliy qayta sug‘urta kompaniyasi ham AQSh cheklovlari ostida qoldi. 100 dan ortiq yuridik va jismoniy shaxslar Rossiya energetika, metallurgiya va tog‘-kon sanoatida ishlab chiqarish va eksport salohiyatini rivojlantirish bilan shug‘ullanayotgani, shuningdek, ilgari kiritilgan cheklovlarni chetlab o‘tishga yordam bergani sababli ro‘yxatga kiritilgan.
Qora ro‘yxatga, shuningdek, rossiyalik ishlab chiqaruvchi uchun oltin yuvish bilan shug‘ullanuvchi, dron ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlovchi, Rossiyaning kimyoviy va biologik qurollar dasturi uchun nozik va muhim materiallarni sotib oluvchi 10 dan ortiq transmilliy tarmoqlari ham kiritilgan. Qo‘yilgan sanksiyalar, shuningdek, Rossiyaning suyultirilgan gaz sotishdan keladigan daromadlarini cheklashga qaratilgan.
Rossiyada dollar ko‘tarildi
AQSh sanksiyalari e’lon qilinganidan so‘ng Moskva birjasi 13 iyundan boshlab dollar va yevro savdosini to‘xtatishini e’lon qildi.
Buning ortidan Moskvada dollar kursi 2 barobar oshdi. Ayrim valuta ayirboshlash shoxobchalarida naqd dollar kursi 200 rublgacha ko‘tarilgani ta’kidlanmoqda.
Shu bilan birga, Moskvadagi bir qator ayirboshlash shoxobchalarida yevro sotib olish kursi ham oshgan – 160 rublgacha.
12 iyun Rossiyada bayram kuni bo‘lgani sababli, Moskva birjasida valuta savdolari o‘tkazilmadi. 11 iyun kungi savdolar yakunlariga ko‘ra, Moskva birjasida dollar kursi 89,1 rublni tashkil qilgan edi.
Rossiya Markaziy Banki dollar va yevro bitimlari birjadan tashqari bozorda amalga oshirilishini ma’lum qildi.
Rossiyaliklar Qorabog‘ni tark etdi
Ozarboyjon Mudofaa vazirligi Rossiya tinchlikparvar kontingentini Qorabog‘dan olib chiqib ketish jarayoni yakunlagani haqida xabar berdi.
«Ozarboyjon hududida vaqtincha joylashgan Rossiya tinchlikparvar kontingentini mamlakatimiz hududidan olib chiqish jarayoni to‘liq yakunlandi», deyiladi Ozarboyjon Mudofaa vazirligi bayonotida.
2020 yilgi Armaniston-Ozarboyjon urushidan so‘ng Qorabog‘ga joylashtirilgan Rossiya tinchlikparvar kuchlari hududni tark etgani xabar qilinmoqda. 1960 askardan iborat tinchlikparvar kuchlar Armanistonga ketgani ta’kidlanmoqda.
Ozarboyjon, Armaniston va Rossiya o‘rtasidagi uch tomonlama kelishuv asosida 2020 yildan beri Tog‘li Qorabog‘da Rossiyaning 1960 askardan iborat tinchlikparvar kuchlari joylashgan edi. Ular o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya etilishini nazorat qilish bilan shug‘ullandi.
Shu yilning 17 aprel kuni Rossiya o‘z tinchlikparvar kuchlarini mintaqadan olib chiqishni boshlagan edi. Ular Armanistonga o‘tkazilgan. Eslatib o‘tamiz, Armanistonning Gyumri shahrida Rossiya qurolli kuchlarini harbiy bazasi bor.
Bu orada, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarboyjonga qarshi urushda yordam qo‘lini cho‘zmaganini ro‘kach qilib, Armaniston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotini tark etishini e’lon qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Keyinroq Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan mamlakatning KXShTdan chiqishi haqidagi ma’lumotni rad etib, bosh vazir Nikol Pashinyan bu haqda gapirmaganini ta’kidlab chiqish qildi.
Mavzuga oid
13:15 / 26.11.2024
Livanda otashkesim kelishuvi, Netanyahuga oliy jazo so‘ragan oyatulloh va yahudiy rohib o‘limiga daxldor o‘zbeklar - kun dayjesti
13:52 / 25.11.2024
Livanda majburiy ko‘chganlar, Amirlikda o‘ldirilgan ravvin va Rossiyadan cho‘chimayotgan AQSh - kun dayjesti
14:38 / 23.11.2024
AQSh vetosidan norozi Hamas, Isroilda konstitutsiyaviy inqiroz xavfi va Rossiya banklariga qarshi sanksiyalar - kun dayjesti
13:50 / 22.11.2024