Jahon | 08:30 / 15.06.2024
7331
2 daqiqa o‘qiladi

G7: Rossiya Ukrainaga yetkazilgan zarar uchun 486 mlrd dollar to‘lashi kerak

«Rossiya Ukrainaga yetkazilgan zararni qachon va qanday to‘lashi to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli emas», - deyiladi G7 davlatlari qo‘shma bayonotida. 

Foto: Reuters

Rossiya Ukrainaga «noqonuniy va tajovuzkor urush» natijasida yetkazilgan zarar uchun 486 milliard dollardan ko‘proq tovon to‘lashi kerak, deya ma’lum qildi G7 davlatlari Italiyadagi sammit yakunlari bo‘yicha. «Rossiya Ukrainaga yetkazilgan zararni qachon va qanday to‘lashi to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli emas», — deyiladi G7 davlatlari 14 iyun, juma kuni e’lon qilgan qo‘shma bayonotda. G7 «Rossiyani ushbu majburiyatlarni bajarishga majburlashi mumkin bo‘lgan barcha huquqiy vositalarni ko‘rib chiqishda davom etmoqda», deyiladi hujjatda.

Jahon banki fevral oyida Ukrainani qayta tiklash xarajatlarini 486 milliard dollarga baholagan.

Urush paytida Rossiyaning YeIdagi aktivlari muzlatilgan holda bo‘ladi

G7 ishtirokchilari Rossiyaning Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi aktivlari «Rossiya o‘z hujumini to‘xtatmaguncha va Ukrainaga yetkazilgan zararni to‘lamaguncha» muzlatib qo‘yilishini ta’kidladi. Rossiya aktivlaridan olingan daromad Ukrainaga 50 milliard dollar miqdoridagi kreditni qoplash uchun ishlatiladi. «Biz Ukrainaning iqtisodiy inqiroziga sabab bo‘lgan Rossiya g‘alaba qozonishi mumkinligi haqidagi noto‘g‘ri tushunchalarni yo‘q qilishga qat’iy qaror qildik», deya ma’lumot berdi G7 davlatlari.

Ittifoqchilar Rossiya aktivlaridan tushgan daromad hisobidan Ukrainaga kredit ajratadi 

Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen 13 iyun kuni «Katta yettilik»ning barcha davlatlari G‘arb mamlakatlarida muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlaridan garov sifatida Ukrainaga yil oxirigacha 50 milliard dollar kredit berishga tayyorligini tasdiqlaganini aytdi. 

Bundan tashqari, G7 sammitida AQSh Ukraina bilan 10 yillik xavfsizlik shartnomasi tuzdi. 

Mavzuga oid