10:43 / 15.06.2024
6447

Tojikistonda muxolifat sobiq yetakchisi Usmonzoda hibsga olindi

Dushanbe rasmiylari Tojikiston Demokratik partiyasining sobiq rahbarini hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallashga tayyorgarlik ko‘rganlikda ayblamoqda. Bosh prokuratura talabi bilan parlament quyi palatasi Usmonzodani deputatlik daxlsizligidan mahrum qildi.

Dushanbeda 14 iyun, juma kuni deputat va muxolifatdagi Tojikiston Demokratik partiyasining sobiq raisi Saidjafar Usmonzoda hibsga olindi. U hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallashga tayyorgarlik ko‘rganlikda ayblanmoqda. Shu maqsadda, tergovga ko‘ra, Usmonzoda tojik muxolifatining xorijdagi vakillari bilan muloqot qilgan.

Tojikiston parlamenti quyi palatasi Bosh prokuratura talabi bilan Usmonzodani deputatlik daxlsizligidan mahrum qildi.

Taqiqlangan tashkilot bilan hamkorlik

«Xovar» milliy axborot agentligining xabar berishicha, Bosh prokuratura Usmonzodani Tojikistonda faoliyati taqiqlangan «Tojikiston Milliy alyansi» - xorijdagi muxolif partiya va harakatlarni birlashtirgan tashkilot rahbarlari bilan hamkorlikda, shuningdek, muxolifat bilan Tojikistonda davlat hokimiyatini qo‘lga kiritish uchun oldindan til biriktirganlikda ayblamoqda.

Tojikiston bosh prokurori Yusuf Rahmonning so‘zlariga ko‘ra, Usmonzoda 2021 yil sentabrida «Milliy alyans» yetakchilaridan biri Sharofiddin Gadoyev bilan muzokaralar olib borgan va u o‘z maqsadlarini amalga oshirishda unga moliyaviy yordam va’da qilgan. Gadoyev, prokurorning so‘zlariga ko‘ra, Usmonzodaga «mamlakatdagi nufuzli shaxslarni jalb qilish va mitinglar uyushtirish uchun» 10 million dollar va’da qilgan va «Jamoat Ansorulloh» terrorchilik guruhining uch mingdan ortiq jangarilarini xorijdan olib kirishni ta’minlashini aytgan. 

Usmonzodaning o‘zi qanday fikrda bo‘lgani noma’lum. Shuningdek, u qanday sharoitda hibsga olingani, advokati bor-yo‘qligi ham hozircha aniqlashtirilmagan. May oyi o‘rtalarida Demokratik partiyaning navbatdan tashqari qurultoyida Usmonzoda «qoniqarsiz ishlagani» uchun uning raisligidan chetlashtirildi. Uning o‘rnini partiyaning Dushanbedagi bo‘limini boshqargan 34 yoshli Shahboz Abror egalladi. Usmonzoda ovoz berish partiya nizomiga zid bo‘lganini va o‘zini partiya yetakchisi deb bilishda davom etishini aytdi.

Top