11:22 / 21.06.2024
4021

Rossiya va Vetnam mudofaa sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi

Mudofaa va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik Rossiya-Vetnam munosabatlari tizimida alohida o‘rin tutadi, deyiladi ikki davlat qo‘shma bayonotida.

Foto: Minh Hoang/AP Photo/picture alliance

Vetnam va Rossiya mudofaa va xavfsizlik kabi qator sohalarda hamkorlikni kengaytirish niyatida. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Xanoyga tashrifi yakunlari bo‘yicha ikki davlat qo‘shma bayonotida aytiladi. Ushbu hujjatning asosiy tezislari 20 iyun, payshanba kuni e’lon qilindi.

«Mudofaa va xavfsizlik sohasidagi o‘zaro hamkorlik Rossiya-Vetnam munosabatlari tizimida alohida o‘rin tutadi» va uchinchi davlatlarga qarshi qaratilmagan, deya ta’kidladi tomonlar. Bunday hamkorlikning maqsadi «Osiyo-Tinch okeani mintaqasida va butun dunyoda tinchlik, barqarorlik va rivojlanishni ta’minlashga» hissa qo‘shishdir», deyiladi hujjatda.

Boshqa narsalar qatorida, Rossiya va Vetnam «an’anaviy va yangi xavfsizlik muammolariga, jumladan terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik qiladi». Rossiya va Vetnam birgalikda qarshi chiqmoqchi bo‘lgan «an’anaviy va yangi xavfsizlik muammolari» qatorida «hududiy nizolar» va «tashqaridan davlat to‘ntarishlarini qo‘zg‘atish» tilga olingan.

Tomonlar, shuningdek, Vetnamdagi Yadro fanlari va texnologiyalari markazi loyihasini amalga oshirishni tezlashtirishga kelishib oldilar.

Vladimir Putinning Vetnamga tashrifi

20 iyun kuni Vladimir Putin Xanoyda Vetnam prezidenti To Lam bilan uchrashdi. Keyinroq ikki tomonlama muzokaralar va imzolangan hujjatlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi, Vetnam bosh vaziri Fam Min Tin bilan nonushta va Vetnam Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi bosh kotibi Nguyen Fu Chong bilan suhbat formatida muzokaralar o‘tkazildi. Bu Putinning Vetnamga beshinchi safari, u avvalroq 2001, 2006, 2013 va 2017 yillarda ushbu Osiyo davlatiga tashrif buyurgan.

AFP agentligining qayd etishicha, Sovet Ittifoqi davridan beri Vetnam Moskvaning ittifoqchisi bo‘lib kelgan. Xususan, Vetnam Kommunistik partiyasining nashri hisoblangan Nhan Dan gazetasi uchun maqolasida Putin Xanoyga «Ukraina inqirozidagi muvozanatli pozitsiyasi» uchun minnatdorchilik bildirdi, deya ta’kidlaydi agentlik. 

AFP ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3,5 milliard dollarni (3,2 milliard yevrodan ortiq) tashkil qilgan. Bu Vetnamning Xitoy (175 milliard dollar) va AQSh (123 milliard dollar) bilan savdo hajmidan sezilarli darajada kamdir. 

Shu bilan birga, Moskva o‘nlab yillar davomida Vetnamning eng muhim qurol yetkazib beruvchisi bo‘lib, 1995 yildan 2023 yilgacha importning 80 foizdan ortig‘i uning hissasiga to‘g‘ri kelgan, deya ta’kidlaydi AFP. Biroq, Ukrainada urush boshlanib, Rossiyaga qarshi sanksiyalar kuchaytirilgach, bu savdolar hajmi kamaydi. 

Putinning Shimoliy Koreyaga tashrifi 

Vetnamga safar qilishdan oldin Vladimir Putin Shimoliy Koreyaga tashrif buyurdi va u yerda katta tantana bilan kutib olindi. 19 iyun kuni Putin va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Boshqa narsalar qatorida, hujjat ishtirokchilardan biriga tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda o‘zaro yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi. 

Ushbu shartnoma imzolanishi munosabati bilan Kim Chen In ikki tomonlama munosabatlarda «yangi davr» boshlanganini olqishladi va Rossiya siyosatini, jumladan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qat’iy qo‘llab-quvvatladi. 

Top