26 iyunning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqea-hodisalar
Oliygohlarga yakunlangan qabul, Samarqanddagi tumanlarga tasdiqlangan yangi hokimlar, parrandachilik korxonalari uchun imtiyozlar — 26 iyun kuni Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Qabul yakunlandi
Oliy ta’lim muassasalarida joriy yilgi qabul yakunlandi: 894 mingdan ortiq abituriyent o‘qishga hujjat topshirdi. Bu oldingi yillardagidan sezilarli kam.
O‘qishga hujjat topshirish bo‘yicha odatiy tarzda Toshkent shahri, Samarqand, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlari yetakchilik qilgan
Joriy yilda umumta’lim maktablarini bitirgan 410 ming 334 nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lsa, avvalgi yillardagi bitiruvchilar 483 ming 945 nafarni tashkil etgan.
Abituriyentlarning 784 ming 458 nafari o‘zbek tilida imtihon topshiradi.
Ma’lumot uchun: 2023-24 o‘quv yili uchun 1 mln 18 ming, 2022-23 o‘quv yili uchun 1 mln 214 ming talabgor o‘qishga hujjat topshirgan edi.
Samarqandning ikki tumanida hokim almashdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi, 1985 yilda tug‘ilgan Sherbek Bo‘ronov Narpay tumani tuman hokimi etib tasdiqlandi.
Past Darg‘om tumanida esa 2023 yilda hokimlik lavozimiga tayinlangan Vahob Murotqobilov lavozimdan ozod etildi. Bungacha Narpay hokimi lavozimida ishlagan Sherzod Rahmonov Past Darg‘om tumanini boshqaradigan bo‘ldi. Sherzod Rahmonov 1991 yilda Samarqand viloyati Narpay tumanida tug‘ilgan.
Parrandachilik korxonalari uchun imtiyoz
Prezident Shavkat Mirziyoyev chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda chorvachilikni rivojlantirishga doir takliflar berildi.
Jahon bozorida parranda genetikasining 80 foizi AQSh kompaniyasiga to‘g‘ri keladi. Shu bois ular bilan hamkorlikda parrandachilikda genetik texnologiyalarni joriy qilish va naslchilik xo‘jaliklari tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, parrandachilikda klaster tizimini joriy etish, tayyor biznes loyihalar qilib, tadbirkorlarga berish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Soha rivojini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar belgilandi. Unga ko‘ra, parrandachilik korxonalari 5 yilga yer solig‘idan ozod qilinadi. Parranda go‘shti eksportiga ruxsat beriladi. Tadbirkorlarga berilgan 35 million dollar arzon resursni qaytarish muddati 3 yilga uzaytiriladi.
Xitoy — O‘zbekiston importida eng yuqori ulush egasi
Statistika agentligi O‘zbekiston importidagi top-10 davlatlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
2024 yilning yanvar-may oylarida O‘zbekiston importida yuqori ulushga ega bo‘lgan hamkor davlatlar orasida Xitoy birinchi o‘rinni egalladi. Ushbu davlatdan 4,2 mlrd dollarlik mahsulotlar sotib olingan.
Keyingi o‘rinlardan 3,4 mlrd dollarlik mahsulot olib kelingan Rossiya va 1,1 mlrd dollarlik tovarlar xarid qilingan Qozog‘iston joy oldi.
Keyingi o‘rinlarda Janubiy Koreya, Turkiya, Turkmaniston, Germaniya, Hindiston, AQSh va Litva egallagan.
Samarqanddagi salomatlik fanlari oliy maktabi
Samarqand shahrida Abu Ali Ibn Sino va Haynrix Shipperges nomidagi O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma xalqaro salomatlik fanlari oliy maktabi nodavlat ta’lim va ilmiy metodik muassasasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Oliy maktab mamlakatning Ommaviy-huquqiy tadqiqotlar markazi tomonidan Germaniyaning Lyudvigsburg amaliy fanlar universiteti va Haymerer professional akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
Ta’lim muassasasining asosiy maqsadi sog‘liqni saqlash sohasi uchun yuqori malakali tibbiyot xodimlari va boshqaruv kadrlarini tayyorlashdan iborat. Tibbiyotga ixtisoslashgan muassasa o‘zbek va nemis tibbiyot ta’limining o‘zida mujassam etgan ilg‘or an’analari, standartlari va amaliyotlarini joriy etib boradi.
Salomatlik oliy maktabi ko‘p bosqichli ta’lim dasturini taklif etadi. Nemis tili bo‘yicha to‘qqiz oylik ixtisoslashtirilgan tayyorgarlik bosqichi va unda talabalar kelajakdagi kasbiy ta’lim va xalqaro muhitda ishlash uchun zarur bo‘lgan nemis tilini yetarli darajada o‘zlashtiradi.
Shuningdek, uch yillik kasbiy ta’lim kursi o‘tiladi. Ushbu bosqichda talabalar turli tibbiyot muassasalarida ishlash uchun zarur bo‘lgan mutaxacsislik bo‘yicha asosiy va maxsus bilimlarni oladi.
Davlat xaridlaridagi qonunbuzarliklar
Jizzax viloyati Sport bosh boshqarmasi tizimidagi tashkilotlar 20 ta holatda umumiy qiymati 3 mlrd 699,5 mln so‘mlik davlat xaridlarini amalga oshirishda qonun talablarini buzgan. Ular baholash mezonlari ishlab chiqilmagan tanlovlar o‘tkazgan, deb xabar beradi Raqobat qo‘mitasi.
Qayd etilishicha, davlat xaridlari tanlovlarining barchasida ishtirokchilarga qo‘yilayotgan malaka talablarini baholash mezonlari ishlab chiqilmagani natijasida xarid komissiyasi a’zolari tomonidan ishtirokchilarga asoslantirilmagan baholar qo‘yilgan va xarid hujjatlariga muvofiq takliflarni baholash talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Mavzuga oid
21:40 / 21.11.2024
20 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
19:49 / 20.11.2024
20 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:05 / 19.11.2024
19 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
19:10 / 18.11.2024