O‘zbekiston | 21:11 / 28.06.2024
5539
7 daqiqa o‘qiladi

28 iyunning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqea-hodisalar

Chorsudagi yong‘in, qahramonlik ko‘rsatgan futbol jamoasi vakili, parranda go‘shti eksportiga bekor bo‘layotgan cheklovlar va Yoshlar agentligiga qo‘shimcha funksiyalar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz. 

Chorsu bozoridagi yong‘in

Bugun, 28 iyun kuni soat 01:12 da Toshkent shahar Shayxontohur tumani Beruniy ko‘chasida joylashgan Chorsu bozori hududidagi savdo do‘konlarida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida FVBga xabar tushgan.

12 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji oradan 5 daqiqa o‘tar o‘tmas voqea joyiga yetib borgan. Yong‘in soat 02:22 da qurshab olingan va 02:47 da to‘liq bartaraf etilgan.

Yong‘in natijasida tan jarohati olgan va vafot etgan fuqarolar to‘g‘risida xabar kelib tushmagan.

Vaziyat to‘liq nazoratga olingan. Hodisa joyiga favqulodda vaziyatlar vaziri yetib borgan.

Hodisa joyida favqulodda vaziyatlar vaziri va tegishli tashkilotlar rahbarlari o‘rganish ishlarini olib bormoqda. 

Futbol klubi xodimi insonni cho‘kishdan saqlab qoldi

Bekobodning «Metallurg» futbol klubi massajchisi Daniel Korshunov 27 iyun kuni qahramonlik ko‘rsatib, bir insonning hayotini saqlab qoldi.

Korshunov har kuni ertalab va kechqurun klub qarorgohi yonidan o‘tuvchi kanal bo‘ylab sayr qilishga odatlangan. Uni yaqin atrofda yashaydiganlarning barchasi yaxshi tanib qolishgan.

Kecha ham u odatga ko‘ra sayrga otlandi. Bu gal «progulka»ga hamkasbini ham chorladi. Suv yoqalab ketishayotganida birdan kimningdir kanalda bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay cho‘kayotganiga ko‘zi tushishdi. Daniel o‘ylab o‘tirmasdan o‘zini kanalga otdi, cho‘kayotgan bolaga bir zumda yetib bordi va uni qirg‘oq tomon sudradi. Kanal cheti suv qoldiqlari bois sirpanchiq holatga kelib qolgan. Qo‘rquvga botgan bolakay esa yanada og‘irlashib ketgan. Uni amallab qirg‘oqqa uzatdi. Ammo o‘zi ham holdan toydi.

Shunda yordamga yetib kelganlar Danielga qo‘l uzatishdi. Qutqarish «operatsiyasi» muvaffaqiyatli yakunlandi...

Bekobodga ish yuzasidan Zafar shahridan kelgan otaxon farzandini qutqargan yigitlarga minnatdorchilik uchun so‘z topa olmay, ko‘zlarida yosh halqalandi. Danielni tinimsiz duo qildi...

«O‘z navbatida bir inson umrini saqlab qolgan jamoamiz yigitlariga biz ham tashakkur aytamiz. Alloh Sizdan rozi bo‘lsin, yigitlar!» — deb yozadi Bekobod klubi matbuot xizmati. 

Aholi uchun yana bir qulaylik

Toshkent viloyati Angren shahrida aholidan qayta ishlanadigan chiqindilarni xarid qilish shoxobchasi barpo etildi.

«Nurchi» MFYda joylashgan Zero waste davlat-xususiy sheriklik bitimi asosidagi sanitar tozalash korxonasiga qarashli hudud aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy chiqindi yig‘ish shoxobchasida qurildi. Bu yerda respublikada ilk bor ilgari surilayotgan — aholidan qayta ishlanadigan chiqindilarni xarid qilish tajribasi yo‘lga qo‘yildi.

Zamonaviy chiqindi yig‘ish shoxobchasi qurilishida, asosan, chiqindiga aylangan yuk tashishga mo‘ljallangan konteynerlar, shisha idishlar kabi foydalanishdan chiqarilgan xomashyolardan foydalanilgan. Chiqindi yig‘ish maydonchasini elektr bilan ta’minlash uchun quyosh panellari o‘rnatilgan. Shoxobchada ishchi-xizmatchi yashashi va ishlashi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Do‘kon ham tashkil etilgan.

Prezident farmoniga ko‘ra, 2024−2026 yillarda Toshkent, Angren va Buxoro shaharlari hamda Toshkent tumanida chiqindilarni «qayta ishlanadigan», «qayta ishlanmaydigan» va «oziq-ovqat» toifalariga saralagan holda yig‘ish bo‘yicha tajriba o‘tkazilishi hamda ushbu turdagi chiqindilarni yig‘ish uchun alohida paketlar aholiga bepul berilishi qayd etilgan.

Ko‘p qavatli uylar joylashgan hududlarda chiqindi yig‘ish maydonlarida «qayta ishlanadigan» toifaga mansub chiqindi turlari aholidan sotib olinishi belgilangan. 

Yoshlar agentligiga qo‘shimcha funksiyalar

Prezident qaroriga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligiga qo‘shimcha funksiyalar yuklandi. Endi agentlik xususiy o‘quv markazlari reytingini shakllantiradigan bo‘ldi.

Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga quyidagi qo‘shimcha funksiyalar yuklandi:

- yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish jarayonlarini takomillashtirish, talab yuqori bo‘lgan chet tillarini mukammal o‘zlashtirish uchun sharoitlarni kengaytirish;

- xorijiy tillarni o‘qitish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi YaTT, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari (xususiy o‘quv markazlari), ushbu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, sohadagi muammolarni muntazam ravishda tahlil qilish va ularning yechimi bo‘yicha takliflar tayyorlash;

- xususiy o‘quv markazlari reytingini shakllantirish hamda reytingda yuqori o‘rinni egallaganlarni rag‘batlantirish;

- yoshlar orasida kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishni targ‘ib qilish, ushbu yo‘nalishdagi ijtimoiy loyihalar, ko‘rik-tanlov va olimpiadalarni tashkil etish. 

Parranda go‘shti eksportiga ruxsat

Prezident qaroriga ko‘ra, 2024 yil 1 iyuldan parranda go‘shtini eksport qilishda mavjud barcha cheklovlar bekor qilinadi.

Kooperatsiya tizimiga asoslangan “Agroparranda klasteri” loyihasi amalga oshiriladi.

2030 yil 1 yanvargacha parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’yektlari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini (ekin maydonlaridan tashqari) to‘lashdan ozod etiladi.

2024 yil 1 iyuldan parranda go‘shtini eksport qilishda mavjud barcha cheklovlar bekor qilinadi.

2024 yil 1 oktyabrdan yangi so‘yilgan, sovitilgan yoki muzlatilgan uy parrandasi go‘shti va qo‘shimcha ozuqabop mahsulotlari O‘zbekiston hududiga olib kirishda belgilangan bojxona boji bo‘yicha berilgan imtiyoz bekor qilinadi. 

Mavzuga oid