Jamiyat | 13:58 / 28.06.2024
5201
2 daqiqa o‘qiladi

«Metallurg» xodimi cho‘kayotgan yigitni qutqarib qoldi

«Metallurg» massajchisi Daniel Korshunov 27 iyun kuni qahramonlik ko‘rsatib, bir insonning hayotini saqlab qoldi. 

Foto: Metallurg

«Qahramonlikning katta kichigi bo‘lmaydi. Har kuni atrofimizda o‘nlab, yuzlab savobli ishlar yuz beradi. Ularni ko‘ramiz, kuzatamiz, eshitamiz. Kimningdir og‘irini yengil, mushkulini oson qilgan, hojatini chiqargan insonlarni olqishlaymiz, ularga tahsin aytamiz...

«Metallurg» FK xodimi Daniel Korshunov har kuni ertalab va kechqurun klub qarorgohi yonidan o‘tuvchi kanal bo‘ylab sayr qilishga odatlangan. Uni yaqin atrofda yashaydiganlarning barchasi yaxshi tanib qolishgan. Kecha ham odatga ko‘ra sayrga otlandi. Bu gal «progulka»ga hamkasbini ham chorladi. Suv yoqalab ketishayotganida birdan kimningdir kanalda bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay cho‘kayotganiga ko‘zi tushishdi. Daniel o‘ylab o‘tirmasdan o‘zini kanalga otdi. Suv o‘zani taqsimlanadigan hududmasmi, shitobi tez, o‘pqon kishini domiga tortadi. Daniel cho‘kayotgan bolaga bir zumda yetib bordi va uni qirg‘oq tomon sudradi. Kanal cheti suv qoldiqlari bois sirpanchiq holatga kelib qolgan. Qo‘rquvga botgan bolakay esa yanada og‘irlashib ketgan. Uni amallab qirg‘oqqa uzatdi. Ammo o‘zi holdan toydi. Shunda yordamga yetib kelganlar Danielga qo‘l uzatishdi. Qutqarish «operatsiyasi» muvaffaqiyatli yakunlandi...

Bekobodga ish yuzasidan Zafar shahridan kelgan otaxon farzandini qutqargan yigitlarga minnatdorchilik uchun so‘z topa olmay, ko‘zlarida yosh halqalandi. Danielni tinimsiz duo qildi...

O‘z navbatida bir inson umrini saqlab qolgan jamoamiz yigitlariga biz ham tashakkur aytamiz. Alloh Sizdan rozi bo‘lsin, yigitlar!» — deb yozadi Bekobod klubi matbuot xizmati.

Mavzuga oid