O‘zbekiston | 20:30 / 03.07.2024
7407
2 daqiqa o‘qiladi

Yo‘llarni ta’mirlashdagi huquqbuzarlik haqida xabar berganlar mukofotlanadi

Ruxsatnoma olmasdan yo‘l obektida qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirganlik yoki yo‘l obektining avvalgi holatini tiklash bo‘yicha majburiyatni bajarmaslik holati bo‘yicha huquqbuzarlik aniqlanishiga faol yordam bergan shaxslarga undirilgan jarimaning 50 foizi miqdorida mukofot puli beriladi.

Kavlashdan keyin avvalgi holati tiklanmay tashlab ketilgan yo‘l / Foto: Kun.uz

Bu haqda “Yo‘llar va yo‘l infratuzilmasining yaxshi holatda saqlanishini ta’minlash hamda hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha amaldagi mexanizmlarni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori ko‘zda tutilgan.

Hududlar qiyofasini yaxshilash maqsadida eksperiment tariqasida 2024 yil 1 sentabrdan 2025 yil 1 sentabrgacha joylardagi hokimlar belgilab beradigan muayyan hududda quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

  • fuqarolar va yuridik shaxslarning ularga tegishli bino va inshootga tutash hududlarni obodonlashtirish borasidagi mas’uliyati OAV, ijtimoiy tarmoqlar orqali har bir mahallada mahalla raislari tomonidan tushuntirilishini tashkil qilish;
  • ko‘p qavatli uylar hovlisi va atrofi, yo‘l hamda ko‘cha chetlarining obodonlashtirilgan namunaviy ko‘rinishini tasdiqlash;
  • yo‘l va ko‘cha chetlaridagi bo‘sh yerlarni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha dastur tasdiqlash.

Bu qaror bilan, shuningdek, 2024 yil 1 sentabrdan boshlab jismoniy shaxslar va mulkchilik shaklidan qat’i nazar har qanday yuridik shaxs tomonidan yo‘llar, trotuarlar va boshqa yo‘l infratuzilmasi obektlarida qurilish ishlarini olib borish, yo‘l obektini har qanday ko‘rinishda ta’mirlash, buzish, qazish, o‘zgartirish yoki rekonstruksiya qilish faqatgina tegishli ruxsatnoma olingandan so‘ng amalga oshirilishi belgilandi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid