Jahon | 13:00 / 13.07.2024
4059
10 daqiqa o‘qiladi

G‘azo bo‘yicha muzokaralarda siljish, ikki xil standartni tanqid qilgan yetakchilar va YouTubeʼni bloklashga tayyorlanayotgan Rossiya - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

8 iyul kuni Isroil uchinchi marta G‘azo shahri aholisiga shaharni tark etish talabi bilan murojaat qilganidan so‘ng minglab falastinliklar eshak-arava, velosiped va piyoda o‘zlarining yashab turgan chodirlari, boshpanalari va uylarini tark etishgan.

Eksklavning eng katta shahrining Isroil zarbalaridan jon saqlayotgan aholisi G‘azo shahrining katta qismini tashlab chiqib ketishga majbur bo‘lishdi.

Isroil armiyasi vakili G‘azoning markaziga samolyotlar va dronlar qo‘llovida tanklar bostirib kirayotgan bir paytda shaharning Sabra, Rimal, Tal ul-Halva va Ad-Daraj mavzelari aholisini “humanitar zona” deb ataluvchi zonaga qochishlari kerakligi buyurgan.

Qamal qilingan eksklavning fuqarolik mudofaasi bo‘yicha agentligi so‘nggi ultimatum yangrashidan avval shaharning turli qismlarida o‘nlab qurbonlar ro‘y berganini xabar qilgan.

Bu orada AQSh prezidenti Jo Bayden Isroil va HAMAS G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va garovda ushlab turilganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvlarning chegarasini belgilab olishganini e’lon qildi.

Baydenga ko‘ra, hali tomonlarning oldida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ko‘p ishlar bor. “Mening jamoam siljishga erishmoqda, men ishni oxirigacha yetkazib qo‘yish qat’iyati bilan to‘laman”, degan Bayden.

Turkiya prezidenti AQShda qilgan so‘nggi chiqishlaridan birida tarixning haqiqat tomonida turishni istovchilar Falastinni davlat sifatida tan olishlari lozimligi, bu adolatli va halol yondashuv bo‘lishini ta’kidlagan.

Makron “ikki xil standartlari” haqida

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron turli davlatlarning Falastin va Ukrainadagi mojarolarga nisbatan ikki xil standart qo‘llayotgani to‘g‘risidagi ayblovlari NATOga “chuqur ziyon yetkazmoqda” dedi va urushlarga bir xil yondashuv namoyish etishga chaqirdi.

Fransiya yetakchisiga ko‘ra, G‘arb “ikki xil standartlar” to‘g‘risidagi ayblovlarga “qat’iy javob berishi” kerak, ayniqsa, G‘azo sektorida Isroil agressiyasi haqida gap ketganda: “Bizni Ukrainadan ko‘ra G‘azoga kamroq e’tibor berayotganlikda ayblashmoqda va bu tanqid barchamizga chuqur ziyon yetkazadi”, degan u.

“Biz bu gaplar asossiz ekanini namoyish etishimiz kerak. Men buni bu yerda yana bir takrorlayman: biz zudlik bilan G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish, garovda ushlab turilganlarni ozod qilish, urushning Livanga yoyilishining oldini olish uchun zarur bo‘lgan avj pallasini sovitish bilan shug‘ullanishimiz zarur”, - degan Fransiya yetakchisi.

Makronning so‘zlari Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanchesning NATO davlatlariga Falastin va Ukrainadagi urushlarda “ikki xil standart” bilan yondashuvlardan voz kechishga chaqiruviga javoban yangragandi.

“Agar biz o‘z xalqimizga xalqaro huquqni himoya qilayotganimiz sababli Ukrainani qo‘llayotganimizni aytar ekanmiz, xuddi shu ishni G‘azoga nisbatan ham qilishimiz kerak”, - degan Pedro Sanches NATOning 75 yillik yubileyiga bag‘ishlangan sammitda.

NATOdan Ukrainaga yordam

Vashingtonda bo‘lib o‘tgan NATO sammiti maydonlarida 23 ta davlat yetakchisi Ukrainaga Rossiya ustidan g‘alaba qozonilgunga qadar qo‘llab-quvvatlashni kafolatlovchi “Ukraina shartnomasi”ni imzoladi.

«Ukrainaning xavfsizligi Yevroatlantika mintaqasi va uning chegaralaridan tashqaridagi xavfsizligining ajralmas qismi ekanini anglagan holda, Ukraina toki Rossiya agressiyasi ustidan g‘alaba qozonmagunga qadar uni qo‘llab-quvvatlash niyatida ekanligimizni tasdiqlaymiz», — deyiladi hujjat matnida.

Xususan, davlatlar xavfsizlik, zamonaviy qurol-yarog‘lar, mudofaa sanoati sohasida Kiyevga doimiy yordam va kerakli iqtisodiy yordamni ko‘rsatishini o‘z zimmasiga oldi. Shuningdek, davlatlar mamlakat mudofaa salohiyatini ta’minlay oluvchi va Rossiyani tiyib turuvchi Ukrainaning “kelajakdagi kuchlari”ni yaratish borasidagi sa’y-harakatlarni kuchaytirishi lozimligi ta’kidlandi.

Agar Rossiya joriy harbiy harakatlar yakunlanganidan so‘ng yana Ukrainaga hujum qilsa, mamlakatlar “eng oliy darajada operativ va kollektiv yig‘ilish”ga va Kiyevni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keyingi qadamlarni aniqlashtirishga kelishib oldi. “Kelajakdagi hujum” yuz bergan vaziyatda Ukrainaga xavfsizlik borasida yordam ko‘rsatish, Rossiyaga nisbatan cheklovlar kiritish nazarda tutilmoqda.

Hujjatga AQSh, Kanada, Litva, Latviya, Belgiya, Lyuksemburg, Chexiya, Niderlandiya, Daniya, Norvegiya, Estoniya, Polsha, Portugaliya, Finlandiya, Sloveniya, Fransiya, Ispaniya, Germaniya, Shvetsiya, Islandiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Ukrainaning o‘zi imzo qo‘ygan. Hujjatning birinchi xatboshisida 21 davlat sanab o‘tilgan (Chexiya va Sloveniya yo‘q), shuningdek, Yevropa Kengashi va Yevrokomissiya tilga olinmagan.

Ayni paytda NATOga 32 ta davlat a’zo. Hujjatga Albaniya, Bolgariya, Vengriya, Gretsiya, Shimoliy Makedoniya, Ruminiya, Slovakiya, Turkiya, Xorvatiya va Qoratog‘ imzo qo‘ymagan.

Vashingtonda 9–11 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan NATO sammiti yakunlariga ko‘ra, alyansga a’zo davlatlar “Ukrainaning kelajagi NATOda” ekani ta’kidlangan deklaratsiyani qabul qildi. Ular “to‘liq yevroatlantika integratsiyasi tomon ortga qaytmas yo‘l”da Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etishlarini bildirgan. Hujjatda Ukraina rasman harbiy blok a’zoligiga barcha shartlar bajarilganidan so‘ng taklif qilinishi ham qayd etilgan.

Rossiya YouTube'ni bloklaydimi?

Rossiya hukumati YouTube'ni mamlakat hududida bloklashga tayyorlanmoqda. «Gazeta.Ru» nashriga ko‘ra, bloklash sentabr oyida amalga oshiriladi.

Nashrning prezident ma’muriyatiga yaqin manbasiga tayanib xabar berishicha, iyul-avgust oylarida Rossiyaning ba’zi hududlarida YouTube faoliyati yomonlashadi. Qayerdadir sayt sekin ishlaydi, qayerdadir ilova qota boshlaydi. Bloklash esa sentabrdan boshlanadi.

12 iyul kuni Roskomnadzor YouTube faoliyatida «Google kompaniyasiga tegishli texnikalardagi nosozlik sabab» uzilishlar kuzatilishi haqida ogohlantirish e’lon qildi. Ammo «Meduza» manbalariga ko‘ra, YouTube tezligi allaqachon ongli ravishda siqila boshlangan.

Rossiyada AQShdagi Meta korporatsiyasiga tegishli WhatsApp messenjerini ham «bo‘g‘ish» boshlab yuborilgan. Keyingi bosqichda messenjer bloklanishi mumkin, ammo Duma deputati Anton Nemkinga ko‘ra, hozircha bu borada qaror qabul qilinmagan. Deputat mamlakatda WhatsApp faoliyati ongli ravishda sekinlashtirilayotganini tasdiqlagan.

Deputat Nemkinning aytishicha, Rossiya Telegram'ni ham yana bloklashi mumkin. Moskva olti yil avval bu ishni to‘liq uddalolmagandi. «Oxirgi olti yilda biz texnik jihatdan yaxshigina o‘sishga erishdik, hozir Telegram'ni bloklay olamiz», degan u.

Rossiyada antimigrant tashabbus

Rossiya Davlat dumasi deputatlari noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq jinoyatlarning barchasini og‘ir va o‘ta og‘ir deb hisoblashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqdi. Bu haqda Davlat dumasi vitse-spikeri Irina Yarovaya ma’lum qilgan.

«Bugun biz bir hafta ichida barcha vakolatli vazirliklar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar Davlat dumasi deputatlari tomonidan yaratilgan va muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan qonun loyihasi bo‘yicha o‘z fikrlarini taqdim etishiga kelishib oldik. Ulardan biriga ko‘ra, biz noqonuniy migratsiyani tashkil etish bilan bog‘liq barcha jinoyatlarni og‘ir va o‘ta og‘ir toifaga kiritamiz», — degan Yarovaya.

Avvalroq Rossiya Davlat dumasi RF Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va migrantlar mamlakatdan chiqarib yuborilishi uchun asos bo‘ladigan huquqbuzarliklarning kengaytirilgan ro‘yxati to‘g‘risidagi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirgan edi.

Bunday huquqbuzarliklar sirasiga politsiya va boshqa kuchishlatar tizimlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik, migratsion hisobga olish vaqtida soxta ma’lumotlar taqdim etish, kichik bezorilik, «natsistik atributika va ekstremistik tashkilotlarning ramzlari»ni propaganda va omma oldida namoyish qilish kabilar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, ro‘yxatga o‘qotar quroldan o‘rnatilgan qoidalarga xilof ravishda o‘q uzish, «audiovizual servislar orqali terroristik va ekstremistik faoliyatga chorlovchi» materiallarni tarqatish kabi qonunbuzarliklar kiritilgan. Bir qator huquqbuzarliklar uchun agar qoidabuzarning mamlakatda bo‘lib turishi «istalmas» deb topilsa, sud qarorisiz operativ tarzda mamlakatdan chiqarib yuborish joriy etiladi.

Mavzuga oid