Jahon | 13:30 / 15.07.2024
4420
9 daqiqa o‘qiladi

G‘azodagi qochqinlar lageriga zarba, Trampga suiqasd va Qirg‘izistondagi sel - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

AFP agentligi HAMAS Isroilning «qirg‘ini» tugamayotgani bois Isroil bilan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi muzokaralardan chiqishini e’lon qilgani to‘g‘risida xabarlar tarqatdi. Bunda agentlik Falastin guruhining nomi keltirilmagan yuqori martabali manbasiga asoslangan.

Avvalroq Isroil harbiylari Xon Yunus va Al-Mavasiy o‘rtasidagi belgilangan humanitar zonaga zarba bergani, tinch aholi o‘rtasida HAMASning ikki oliy martabali vakili yashiringanini xabar qilgan edi. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, zarba natijasida 92 kishi halok bo‘lgan, 300 dan ziyod kishi yaralangan.

Zarbadan ko‘zlangan maqsad HAMASning G‘azodagi harbiy rahbari Muhammad Deyf va uning o‘rinbosari Rafa’ Salomat bo‘lgan.

Falastin tomoni Muhammad Deyf tirikligini iddao qilmoqda. Shuningdek, muzokaralardan chiqishi to‘g‘risidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytgan. Bu haqda HAMASning oliy martabali vakili Izzat ar-Rishk chiqish qilgan.

U shuningdek Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning xatti-harakatlarini tanqid ostiga olib, falastinliklarga qarshi agressiyani bas qilish bo‘yicha kelishuvlarga xalaqit berish uchun mojaroni «fashistlarcha» avj oldirish deb atagan.

Tanqid ostida qolgan Isroil

BMT ekspertlari Isroilni qamal qilingan G‘azo ekslavida bolalarning o‘limiga sabab bo‘layotgan «maqsadli ocharchilik kampaniyasi» uyushtirayotganlikda ayblashgan.

«Biz Isroilning Falastin xalqiga nisbatan G‘azoning butun hududini egallab olgan qasddan va maqsadli ocharchilik kampaniyasi uyushtirayotganini genotsidning bir shakli deb hisoblaymiz», — deyiladi BMT ekspertlarining bayonotida.

Garchi BMT rasman G‘azoda ocharchilik ro‘y bergani haqida e’lon qilmagan bo‘lsa-da, ekspertlar, jumladan oziqlanish huquqi bo‘yicha BMTning maxsus ma’ruzachisi Mykal Fahriy ocharchilik ro‘y berayotganini rad etmaslik kerakligini ta’kidlagan.

Turgan gapki, ularning bayonoti shu zahoti BMTning Jyenevadagi qarorgohidagi Isroil vakolatxonasi tomonidan kulgi ostiga olingan.

«Janob Fahriy va uning bayonotiga qo‘shilgan yana ko‘plab o‘zini «ekspert» deb e’lon qilgan kimsalar dezinformatsiya tarqatish va HAMASning propagandasini qo‘llab-quvvatlashga, bu terrorchilik tashkilotining tarafini olishga ko‘nikib qolishgan», — deyilgan Isroil bayonotida.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham qamal ostidagi G‘azo sektorida yuz berayotgan voqealar urush emas, ochiqcha genotsid ekanini ta’kidlagan.

«G‘azoda 7 oktyabrdan buyon ro‘y berayotgan voqealar aslo urush emas, bu ochiqcha genotsid», — degan Erdo‘g‘an Turkiya milliy mudofaa universitetining bitirish marosimida so‘zga chiqib.

Erdo‘g‘an G‘ao sektorida o‘t ochishni tezroq to‘xtatish, jafokash g‘azoliklar tezroq «erkin nafasi olishi» kerakligini tilagan.

«Isroil tobora ko‘proq yerlarni okkupatsiya qilib, o‘z xavfsizligini ta’minlashga intilar ekan, mintaqamizdagi Turkiya doxil birorta davlat o‘zini 100 foiz xavfsiz his qila olmaydi», — degan Erdo‘g‘an.

Turkiya rahbari NATO sammitida ham boshqa davlatlar yetakchilariga Isroil hukumatiga bosimni oshirish lozimligini tushuntirib qo‘yganini ta’kidlagan.

Bu orada, G‘azoda Isroil o‘qiga uchib halok bo‘lgan jurnalistlar soni 159 nafarga yetgani ma’lum qilindi. So‘nggi qurbon «Al-An» agentligi xodimi bo‘lgan.

Trampga suiqasd

AQShning sobiq prezidenti, respublikachilar partiyasining navbatdagi saylovlar uchun nomzodi Donald Tramp shanba kuni suiqasdga uchradi.

U Pensilvaniyaning Batler shahridagi tarafdorlari ishtirokidagi mitingda migrantlar mavzusida nutq so‘zlayotganida o‘t ochilgan. U darhol chiqishini to‘xtatib, tribuna ortiga yashiringan va ko‘p o‘tmay qo‘riqchilar qurshovida sahnani tark etgan. Ketayotganida siyosatchi qo‘llarini musht qilib ko‘targan holatda tushgan surat ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalmoqda.

Videokadrlarda Trampning o‘ng qulog‘i qonga belanganini ko‘rish mumkin.

Bu hodisa respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodning Pensilvaniya shtati, Batler shahrida o‘z tarafdorlari qarshisida chiqishi chog‘ida ro‘y berdi - bu shtat noyabr oyidagi saylovlardagi eng muhim ikkilanuvchi shtat hisoblanadi.

Suiqasddan ko‘p o‘tmay Federal surishtiruv byurosi bu ishni 20 yoshli Tomas Mettyu Kruks qilganini ma’lum qildi. Pensilvaniyadagi Betel-Park shahridan bo‘lgan bu amerikalik haqida ko‘p narsa ma’lum emas. The New York Times'ning yozishicha, qotil Ar-15 yarimavtomatik miltig‘i bilan qurollangan. U 120 metrdan turib Trampni nishonga olgan. U sakkizta o‘q otishga ulgurgan, ulardan biri Trampning qulog‘ini yalab o‘tgan, boshqasi mitingga kelgan odamlardan birini o‘ldirgan, yana biri boshqa bir tomoshabinni og‘ir yaralagan.

Pensilvaniya shtati sud idoralari ma’lumotiga ko‘ra, Kruks hech qachon jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortilmagan. Amerika saylovchilari bazasida u respublikachilar vakili sifatida ro‘yxatga olingan.

Har ikki partiya vakillari hamda jahondagi siyosatchilar Trampni qo‘llab-quvvatlovchi va siyosiy zo‘ravonlikni qoralovchi bayonotlar berishdi.

«Amerikada bunday zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q. Biz buni qoralash uchun bir millat sifatida birlashishimiz lozim», — degan AQSh prezidenti Jo Bayden.

Belarusdan sulh tomon qadam

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Ukraina bilan chegaralardan qo‘shinlarni uzoqlashishga, doimiy dislokatsiya joylariga qaytarishga buyruq bergani haqida bayonot berib, Kiyevni Rossiya bilan muzokaralarga undadi.

Bunday qarorga kelinganini Lukashenko bu hududda taranglik susaygani bilan tushuntirgan.

«Biz ma’lum bir ishlarni amalga oshirganimizdan so‘ng ukrainlar qurolli kuchlari va qo‘shimcha kuchlarni Belarus-Ukraina chegarasi zonasidan olib chiqib ketishdi. Vaziyat barqarorlashdi. Shu sababli, yigitlar, qaranglar, biz ham chegaradan o‘z qo‘shinlarimizni uzoqlashtirishimiz kerak. Toki ular biz urushishga hozirlik ko‘rmayotganimizni tushunsin», — degan Lukashenko kuchishlatar idoralar rahbarlari ishtirokidagi yig‘ilishda.

Bir vaqtning o‘zida u Kiyevni Rossiya bilan sulh tuzish bo‘yicha «tezroq kelishish»ga chaqirgan.

«Biz ukrainlar uchun hech qanday dushman emasmiz. Men buni ko‘p takrorlaganman. Ular bizning odam. Xuddi bizdek, ruslar, rossiyaliklardek odam. Asosiysi gaplasha olish kerak. Agar suhbat, muloqot bo‘lmasa — mojaro avj oladi va odamlar qurbon bo‘la boshlaydi», — degan Lukashenko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva muzokara stoliga o‘tirishga tayyor, biroq NATO Kiyevni «so‘nggi ukrain qolguncha» urushishga majbur qilmoqda. Shu munosabat bilan Lukashenko keyingi qadamlarni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muhokama qilib olish niyati borligi haqida ham gapirgan.

Qirg‘izistondagi tabiiy ofat

Qirg‘izistonning janubiy hududlari yozgi yomg‘irlar tufayli hosil bo‘lgan sel toshqinlaridan aziyat chekmoqda. O‘sh viloyatida toshqin tufayli 500 dan ziyod kishi evakuatsiya qilinmoqda.

Qirg‘iziston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, Toloykon qishlog‘ida bir oilaning bedarak yo‘qolgan to‘rt a’zosini qidirish ishlari davom etmoqda.

O‘sh shahar hokimiyatining ma’lum qilishicha, tabiiy ofat yettita avtomobilni oqizib ketgan, 134 ta uyni suv bosgan va va ularning 17 tasi jiddiy tarzda talafot ko‘rgan. Ozgur qishlog‘ida esa odamlarni evakuatsiya qilish bilan shug‘ullanayotgan Kamaz yuk mashinasi odamlardan birini bosib ketgan.

O‘sh shahrida favqulodda vaziyat e’lon qilingan.

Qirg‘iziston tog‘larida hosil bo‘lgan sel oqimlari O‘zbekiston hududiga ham oqib kelgan. Andijon viloyatida kuchli oqimlar kamida ikkita ko‘prikni vayron qilgani malum qilinmoqda.

Mavzuga oid