Trampga suiqasd bo‘ldi, lekin Bayden “jarohatlandi”. Saylov natijasi endi aniqmi?
2024 yilning eng yirik siyosiy voqealaridan biri – AQShda 5 noyabrda bo‘ladigan prezidentlik saylovlaridir. Amerikada hokimiyat o‘zgarishi – dunyo geosiyosatiga, global tartibotga jiddiy ta’sir qiladi. Jumladan, Baydenning prezidentlik kursisida qolishi yoki Trampning hokimiyatga kelishi Ukraina–Rossiya urushiga, possovet hududidagi geosiyosiy vaziyatga mutlaq ta’sir qiladi.
Agar hokimiyatda Bayden qolsa, u yoki bu shaklda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash davom etadi. Agar Tramp kelsa, Ukrainani qo‘llash siyosati jiddiy o‘zgarishi mumkin. Ukrainaning hududiy yaxlitligi esa, possovet davlatlari uchun qimmatli qadriyat sifatida qabul qilinadi.
AQSh saylov tizimi – ta’bir qilishi qiyin bo‘lgan tizim. Chunki 50 ta shtat va Vashington okrugida saylovchilar kollegiyalarining soni – har xil. Butun Amerika bo‘ylab kamroq ovoz olib, lekin muhim shtatlarda yutgan nomzod prezident bo‘lishi mumkin. Oxirgi marta 2016 yilda shunday bo‘lgan edi: butun Amerika bo‘ylab Hillari Klintondan ko‘ra kamroq ovoz olgan bo‘lsa-da, Donald Tramp prezident bo‘lgan edi.
Bu saylovlar – AQSh tarixidagi eng qari nomzodlar bilan o‘tmoqda. Tramp 78 yoshda, Bayden esa 82ga yaqinlashmoqda. Bu ikki nomzodning yoshini qo‘shsangiz – bir yarim asrdan oshadi, aniqrog‘i 160 yilga tenglashadi.
14 iyul kuni respublikachilar nomzodi Trampga hujum bo‘ldi. O‘q uning qulog‘iga tegdi, yuzi qisman qonga belandi, lekin jiddiy jarohat olgani yo‘q. Tramp panikaga tushib qolmadi. Fotograflar uni xuddi qahramon kabi AQSh bayrog‘i ostida rasmga olib ulgurishdi.
Unga qadar Tramp va Bayden o‘rtasida SNN telekanalida debatlar bo‘lgandi. Bu bahslarning oqibati, demokratlar uchun “fojia” sifatida ko‘rildi, chunki Bayden juda ko‘p marta so‘zdan adashdi, fikrlarini ko‘pincha aniq-tiniqlik bilan oxirigacha olib bora olmadi. Debatni kuzatgan demokratlar “ishqilib Bayden shu fikrini to‘g‘ri aytib olsin-da...” deb o‘tirishdi.
Trampga suiqasdga qadar “Bayden yutqazadi-yov” degan kayfiyatlar jiddiy urchidi. Hatto demokratlar partiyasi hademay Baydenning o‘rniga boshqa nomzod izlay boshlagani to‘g‘risida mish-mishlar ko‘paydi. Ko‘p o‘tmay ma’lum bo‘ldiki, Baydenning ketish niyati yo‘q. U saylov kampaniyasida qolmoqchi, va Trampni yutishiga ishonadi. Natijada, demokratlar partiyasi: “Xo‘p, Bayden ketmaydigan bo‘lsa, uning atrofida birlashaylik, amerikaliklarga jips bo‘lib ko‘rinaylik” degan o‘zanga o‘tishdi.
Agar Trampga suiqasd, aytaylik, 40-50 yil oldin bo‘lganida edi, Tramp bemalol Oq uyga kirib borishni rejalayverishi mumkin edi. Chunki nomzodga suiqasd – unga bo‘lgan achinish va ishonch hissini shu zahoti oshirib yuborgan bo‘lar edi. Lekin, bu safar-chi? Amerikaliklarning ijtimoiy fikri, siyosiy qarashlarida katta o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.
Baydenning debatdagi “xol qo‘yishi”, Trampga bo‘lgan suiqasd ham, o‘rtadagi farqni bor yo‘g‘i 2 foiz atrofida o‘zgartirdi. Xolis so‘rovnomalarga ko‘ra, suiqasddan keyingi so‘ralgan amerikalik saylovchilarning 44 foizi Trampga, 42 foizi esa Baydenga ovoz berish niyatida. Qolganlar – hali kimga ovoz berishni o‘zlari uchun aniqlab olgani yo‘q. Nega shunday bo‘lyapti? Nega farq jiddiy o‘zgarib ketmadi?
Sababi, aksariyat davlatlardagi kabi, AQShda ham keyingi o‘n yilliklarda jamiyatning siyosiy qarashlari nihoyatda qutblashdi. Jamiyatning har birini o‘z axborot segmenti bor, har bir odam va jamiyat qatlami o‘zi ishongan yoki e’tiqod qilgan qarashlardan kelib chiqib, axborot oladi va boshqa, muqobil axborot manbalariga ishonmaydi.
Shuning uchun ham konservativ, “ikki qavatli” Amerika, ko‘plab sud jarayonlariga qaramasdan, Trampga ishonishda davom etmoqda. Shuning uchun ham, liberal amerikaliklar, gaplarini oxirigacha yetgaza olmayotgan bo‘lsa-da, o‘g‘liga nisbatan jinoiy ishlar ochilgan bo‘lsa-da, Baydenga ishonch bildirishda davom etmoqda. Amerika nihoyatda qutblashdi. Har bir partiyaning, har bir siyosiy figuraning o‘z qarashlari va axborot manbalari bor. Va hech bir voqea amerikaliklarning qarashlarini kardinal o‘zgartira olmaydiganga o‘xshayapti.
Hali saylov kunigacha salkam 4 oy bor. Bu vaqt ichida ko‘p narsalar bo‘lishi mumkin. Lekin, ma’lum bo‘lgan narsa shuki, demokratlar ham, respublikachilar ham, asosan, o‘z elektorati uchun emas, taxminan 10-15 foizlik noaniq qolayotgan qarashdagi elektorat uchun kurashadi. Kurash jiddiy bo‘ladi. Va hozirdanoq “Tramp yutdi, Bayden aniq yutqazib bo‘ldi” deyish, nazarimda, shoshilinch xulosa berishdek ko‘rinadi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi
Mavzuga oid
23:11 / 21.12.2024
AQSh prezidenti hukumat ishini moliyalashtirishni uzaytiruvchi qonunni imzoladi
20:35 / 21.12.2024
Bayden Tayvanga 570 mln dollarlik harbiy yordam ko‘rsatishni buyurdi
11:30 / 21.12.2024
Qo‘rqmas jangchi – Saddam Husaynning nabirasi amerikalik askarlarga qarshi qanday jang qilgandi?
08:38 / 21.12.2024