G‘azodagi qochqinlar lageriga hujum, zaxirasi tugab bitayotgan Rossiya va Tayvanga tosh otgan Tramp - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Qamalda qolgan g‘azoliklar elektr energiyasi olishning muqobil usullaridan foydalanishga majbur bo‘lishmoqda. Bunday yechimlardan biri quyosh panellari bo‘lmoqda.
Ularning narxi qimmatligi va bombalashlardan zarar yetganiga qaramasdan, odamlar ilojini qilib foydalanishga majbur bo‘lishmoqda. Chunki g‘azoliklarga mobil telefonlarini quvvatlash va boshqa ehtiyojlari uchun tok kerak.
Shuningdek, zarar yetgan quyosh panellarini o‘z kuchlari bilan ta’mirlash u yoqdan bu yoqqa tinimsiz ko‘chirilayotgan g‘azoliklar uchun tirikchilikning muhim unsuri bo‘lib qolmoqda, ayniqsa cheklangan resurslar va vayron qilingan turar joylar sharoitida.
Isroilning G‘azoga hujumi natijasida nainki tinch aholi va jurnalistlar, turli kasb sohiblari ham qurbon bo‘lmoqda. Masalan, eksklavda halok bo‘lgan tibbiyot xodimlari soni 500 dan ortgan.
Hujumlar natijasida Falastin ekslavida faoliyat ko‘rsatib kelgan 26 ta shifoxonadan 23 tasining faoliyati to‘xtagan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon halok bo‘lgan 500 dan ortiq tibbiyot xodimlari orasida yetak mutaxassis vrachlar ham bor.
Bu orada Isroil G‘azodagi humanitar zonada joylashgan BMT maktabiga bomba tashlagani ma’lum bo‘ldi. Kamida 40 kishi qurbon bo‘lgan, yuzga yaqin inson yaralangan.
Isroil harbiylari Al-Mavasiy humanitar zonasida joylashgan Nusayrat qochqinlar lagerida BMTning falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligining maktabiga zarba bergan.
G‘azo sektorining markaziy qismidagi Az-Zavayda mavzesidagi turar joyga raketa zarbasi berilishi oqibatida kamida 7 kishi halok bo‘lgani ham xabar qilinmoqda.
Urushning 285-kuniga kelib qamal qilingan ekslavda halok bo‘lganlar soni 38 ming 794 nafarga yetdi. 89 ming 364 kishi yarador qilingan. 21 mingdan ortiq bolalar bedarak yo‘qolgan hisoblanadi.
So‘nggi bir sutka ichida Isroil armiyasi 4 ta ommaviy qirg‘in o‘tkazib, 81 kishining o‘limi va 198 kishining yaralanishiga sababchi bo‘ldi.
F-16 uchun mukofot
Ukrainaga yetkazib beriladigan F-16 qiruvchi samolyotlaridan birinchisini urib tushirganlik uchun Rossiyada 15 rubl mukofot e’lon qilindi.
Mukofotni Ural kompaniyasi e’lon qilgan. E’lon Avdiyivka yo‘nalishida NATO tanklarini yo‘q qilgan “Tsentr” qo‘shinlar guruhi jangarilarini mukofotlash chog‘ida yangragan. Rossiyalik milliarder Vladimir Potaninning so‘zlariga ko‘ra, bu mukofotlash marosimi yettinchisi bo‘lmoqda va yo‘q qilingan har bir Abrams yoki Leopard tanklari uchun 500 ming rubldan berilgan.
“Mukofot yo‘q qilingan F-15 va F-16 jangovar samolyotlari uchun ham bo‘ladi. Birinchisi uchun 15 mln rubl beramiz”, – degan Potanin.
Ukrainaga F-16 samolyotlarini yetkazib berishni Shvetsiya, Daniya, Belgiya va Niderlandiya va’da qilgan. Hozircha samolyotlarning birortasi Ukrainaga yetkazilmagan. Niderlandiya kuzda yetkazib bermoqchi, yozning oxirigacha Daniya bu ishni amalga oshirishi mumkin.
Hisob-kitoblarga ko‘ra Ukraina 60 dan ortiq Amerikada ishlab chiqarilgan qiruvchi samolyotga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Ukrainadagi urush
Rossiyaning Ukrainada oldinga siljishi sovet qurol-yarog‘lari zaxirasi tugagani tufayli depsinib qolgani aytilmoqda.
Rossiyadagi sovet qurol-yarog‘larining ulkan zaxirasi tugab bitmoqda, shu sababli Rossiya oldinga siljish operatsiyalarini bas qilishi mumkin, deb yozadi The Economist.
Nashrning yozishicha, ko‘plab razvedka xizmatlarining baholashlaricha, urushning dastlabki ikki yilida Rossiya 3 mingga yaqin tank va 5 mingta boshqa zirhli texnikalaridan ayrilgan.
“Rossiyaning Xarkivga hujumi yo‘qqa chiqib bo‘ldi. Rossiyaning front chizig‘ining boshqa uchastkalaridagi muvaffaqiyati, ayniqsa Donbassda strategik nuqtayi nazardan arzimas bo‘lib chiqdi va ulkan yo‘qotishlar hisobiga qo‘lga kiritildi. Ayni paytda masala Ukrainaning hujumlarga bardosh bera olishi emas, Rossiya operatsiyalarning hozirgi sur’atini qancha muddat qo‘llay olishida bo‘lib turibdi”, deb yozadi nashr.
Rossiya armiyasining tanklari va zirhlangan piyodalar mashinalari tugab bormoqda, keng miqyosda ishlab chiqarish va eskilarini ta’mirlash uchun resurs yetmaydi. Yangi tanklar yasash va eskilarini ta’mirlash butlovchi qismlar yetkazish tobora qiyinlashayotgani tufayli muammoli bo‘lib turibdi. Kerakli uskunalar Yevropadan yetkazilgan, biroq sanksiyalar tufayli yetkazishlar bas qilingan.
Bu holda KXDRdan yetkazilayotgani sababli artilleriya snaryadlari Rossiyada yetarlicha. Biroq artilleriya qurollarining o‘zi tezda eskirib, yaroqsiz holatga kelib qolmoqda. Shuningdek, Rossiya tirik kuchlarda ham muammoga duch kelmayapti. Frontda 470 ming askar barqaror qolishi uchun Kreml oyiga 25 ming nafar askar yollashga qodir.
Tayvanga tosh otgan Tramp
AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp Bloomberg nashriga bergan intervyusi davomida Tayvan Xitoydan himoya qilayotgani uchun Amerikaga pul to‘lashi kerakligini ta’kidlagan.
«Menimcha, Tayvan uni himoya qilayotganimiz uchun bizga pul to‘lashi kerak. Bilasizmi, bu holda biz sug‘urta kompaniyasidan ko‘p ham farq qilmaymiz. Tayvan bizga hech narsa berayotgani yo‘q. U bizdan 9,5 ming mil narida joylashgan», — degan Tramp.
AQShning 45-prezidentining ta’kidlashicha, Tayvanning o‘zi ham Xitoyga qarshi kurashishi mumkin, lekin chip ishlab chiqaradigan zavodlari vayron bo‘lmasligi uchun bunday qilishga jazm qilolmayapti.
«Ular bizning chip ishlab chiqarishga doir barcha biznesimizni o‘zlariga olib qo‘ygan. Ular aqlbovar qilmas darajada boy», — degan Tramp.
Avvalroq AQSh Vakillar palatasining xorijiy ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Maykl Makkol Tayvan eski-tuski texnikalarni olayotgan “Ukrainadan farqli o‘laroq” AQShdan “so‘nggi rusumdagi eng yangi” texnikalarni olishni va’da qilgan edi.
Ilon Maskning og‘ir qarori
Dunyoning eng boy odamlaridan biri Ilon Mask o‘zining X va SpaceX kompaniyalarini AQShning Kaliforniya shtatidan Texas shtatiga ko‘chirishga qaror qildi.
Bunday ko‘chishga sabab qilib milliarder Kaliforniyada jinsini o‘zgartirishga qaror qilgan maktab o‘quvchilari haqida ularning ota-onalariga bildirib qo‘yishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonunni ko‘rsatgan.
Mask buni “sabr kosasiga so‘nggi tomchi” deb atagan va bunday qonunlar “oilalarni ham, kompaniyalarni ham parokanda qilishi”ni ta’kidlagan.
«Bu sabr kosasiga so‘nggi tomchi bo‘ldi. Bu va shunga o‘xshash ko‘plab qonunlar oilalarni ham, kompaniyalarni ham parokanda qilmoqda. SpaceX endi o‘zining bosh qarorgohini Kaliforniyadagi Hotorndan Texasdagi Starbazga o‘tkazadi. X esa Ostinga ko‘chadi, ko‘plar bizning ortimizdan ergashadi”, deb yozgan Mask X ijtimoiy tarmog‘ida.
Kaliforniya gubernatori, Gevin Nyusom 15 iyul kuni maktab okruglariga agar o‘quvchilar transgender bo‘lishni istasa yoki jinsini bildiruvchi kishilik olmoshini o‘zgartirishni istasa, ota-onalardan bildirishnoma talab qilishni taqiqlovchi qonunni imzoladi.
“Kaliforniyada bolalaringizdan judo bo‘lasiz”, — deb yozgan Mask keyingi tvitida.
Mask avval ham transgenderlar haqidagi gaplari uchun tanqidga uchragan, jumladan, o‘zining qizi Viviyen Janna Uilson borasida. Uning o‘z qizi “Men ortiq biologik otamga har qanday ko‘rinishda va shaklda hech qanday aloqam bo‘lishini istamayman”, — degan va ismi va jinsini o‘zgartirgan.
Afg‘onistondagi tabiiy ofat
Afg‘onistdonda davom etgan uzluksiz yomg‘irlar va uning oqibatida kelib chiqqan sel toshqinlari kamida 40 kishining qurbon bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
Afg‘onistonning Nanganhor viloyatida sodir bo‘lgan davomli kuchli yomg‘irlar va sel toshqinlari oqibatida kamida 40 kishi halok bo‘lgani, 347 kishi jabrlangani ma’lum qilinmoqda.
Viloyatning markazi — Pokiston bilan chegaradagi Jalolobod shahrida, shuningdek, Sux Rod va unga yondosh tumanlarda yirik vayronagarchiliklar kelib chiqdi. Bu tumanlarda aholi turar joylarini asosan loy guvalaklar va paxsadan tiklashadi va uylar yomg‘ir hamda selda ivib qulagan.
May oyidan boshlab kuzatilayotgan yomg‘irlar va sellar tufayli Afg‘onistonda 400 dan ortiq inson qurbon bo‘lgan. Mingdan ziyod odam boshpanasiz qolgan.
Mavzuga oid
13:40
«Hizbulloh»ning halok bo‘lgan matbuot kotibi, Ukrainaga ruxsat bergan Bayden va Trampdan norozi musulmonlar - kun dayjesti
13:34 / 16.11.2024
Falastin xalqini qo‘llagan BMT, Tramp bilan gaplashgan Zelenskiy va Abxaziyadagi namoyishlar - kun dayjesti
13:57 / 15.11.2024
Ta’limsiz qolgan G‘azo bolalari, soqolini olgan Pashinyan va o‘zidan ketayotgan Ilon Mask - kun dayjesti
14:12 / 14.11.2024