«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘lini qurish bo‘yicha bitim imzolangani tarixiy voqea bo‘ldi - Mirziyoyev
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 18 iyul kuni Toshkentda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.
O‘zbekiston rahbari Qirg‘iziston prezidentining davlat tashrifi tarixiy voqea bo‘lgani va mamlakatlarimiz ko‘p qirrali hamkorligida yangi davrni boshlab berganini ta’kidladi. Ochiq, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tgan muzokaralar yakunlari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Kelgusida o‘zaro hamkorlikni yanada yuqori bosqichiga ko‘tarish uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot asosiy siyosiy hujjat bo‘ldi.
Prezidentlar raisligidagi Davlatlararo kengash tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Yetakchilar bundan buyon ham parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosat idoralari, tarmoq vazirliklari, hududlar, ishbilarmon va jamoatchilik doiralari darajasida yaqin siyosiy muloqotni rivojlantirish va faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar.
Tomonlar mintaqaviy va xalqaro platformalar, jumladan, BMT, ShHT, MDH, Turkiy davlatlar tashkiloti, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari va boshqa formatlardagi tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradilar.
Mirziyoyev O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligining yangi keng qamrovli iqtisodiy kun tartibini shakllantirish muhimligini ta’kidladi.
Shu maqsadda o‘zaro savdo hajmini oshirish dasturi qabul qilindi. Bundan tashqari, mamlakatlar poytaxtida savdo uylari tashkil etiladi, yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish uchun uzoq muddatli eksport-import shartnomalari portfeli tayyorlanadi.
Eksportni qo‘llab-quvvatlash va sertifikatlarni tan olish vositalari joriy etiladi, meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlari uchun «yashil yo‘lak» ishga tushiriladi.
Yetakchilar sanoat kooperatsiyasida, eng avvalo, ikki mamlakat iqtisodiyotining bir-birini to‘ldiradigan tarmoqlarida yangi o‘sish nuqtalarini yaratish masalalariga alohida to‘xtaldilar. Bular energetika, avtomobilsozlik, transport va logistika, elektrotexnika, to‘qimachilik, agrosanoat va boshqa tarmoqlardagi loyihalardir.
Bugun Farg‘ona va Namangan viloyatlarida quyosh stansiyalarini qurish, Chuy viloyatida avtomobillar, Qora-Baltada to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha muhim loyihalarga start berildi. Bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasining ustav kapitalini 200 million dollarga yetkazishga qaror qilindi.
Hududlar o‘rtasidagi tizimli muloqotni kengaytirish muhimligi qayd etildi. Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi ishini faollashtirishga kelishib olindi. O‘zaro tashriflar jadvali tayyorlanib, hamkorlik bo‘yicha «yo‘l xaritalari» yangilanadi. Loyihalar portfelini yil yakuniga qadar 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Davlat rahbarlari qishloq xo‘jaligi sohasida yangi imkoniyatlarni belgilab berdilar. Qishloq xo‘jaligi ekinlarini birgalikda yetishtirish, fyuchers bitimlaridan foydalangan holda intensiv bog‘lar va agroklasterlar tashkil etish shular jumlasidan.
Tomonlar mintaqada transport bog‘liqligini mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirishga kelishib oldilar.
- «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘lini qurish strategik loyihasi bo‘yicha uch tomonlama bitim imzolangani tarixiy voqea bo‘ldi, - dedi Mirziyoyev.
Transport yo‘laklarini rivojlantirish sohasidagi yangi loyihalarni o‘rganish uchun ekspertlar guruhini tashkil etishga kelishib olindi.
Davlat rahbarlari energetika sohasidagi hamkorlikka ustuvor ahamiyat qaratdilar.
Tomonlar kichik gidroenergetika sohasida alohida hamkorlik dasturini tayyorlashga kelishib oldilar.
- Qambarota GES qurilishi to‘g‘risida uch tomonlama bitim qabul qilishni tezlashtirish choralarini ko‘ramiz. Ushbu megaloyiha, shubhasiz, butun mintaqamizning barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi, - dedi O‘zbekiston prezidenti.
Madaniyat, yoshlar, ta’lim, fan va sport sohalarida faol muloqot va almashinuvlar davom ettiriladi.
Tashrif davomida O‘zbekistonning Issiqko‘ldagi sanatoriy-kurort majmualari to‘g‘risida bitim imzolandi. Iyul oyi boshida O‘zbekiston tomoni uchta obektni ishga tushirdi, ular mehmonlarni qabul qilmoqda. Turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Samarali muzokaralar yakunida o‘zaro hamkorlikning muhim yo‘nalishlarida salmoqli bitimlar to‘plami qabul qilindi.
Mavzuga oid
11:30 / 02.12.2024
Qirg‘izistonlik sayyohlarning O‘zbekistonda qolish muddatini uzaytirish bo‘yicha muzokara o‘tkazildi
12:17 / 29.11.2024
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bo‘limida xodimlar uchun namozxona ochildi
13:40 / 24.11.2024
Qirg‘izistonda elektron sigaretalar taqiqlanadi
13:51 / 23.11.2024