Jahon | 21:03 / 21.07.2024
45391
14 daqiqa o‘qiladi

Lotereyaga “yutilgan” Volga yoxud olti kishining boshiga yetgan shov-shuvli qotillik tarixi

1970-yillarning ikkinchi yarmida Qirg‘iziston poytaxtida yashovchi shaxs yutuqli soxta lotereya chiptalarini tayyorlab sotadi. Soxta chiptalardan biri uch kishining o‘limiga sabab bo‘ladi. Qotil ushlanadi, biroq soxta chipta yasagan odamni topish oson bo‘lmaydi. Militsiya u haqda ma’lumot olganda jinoyatchi familiyasini o‘zgartirib, qamoqxonaga yashiringandi.

Foto: Kun.uz

Hodisadan oldingi vaziyat

1970-yillarda SSSRda eng qimmat avtomobil “Volga GAZ-24” lotereyaga yutuq qilib qo‘yilardi. Hukumat GAZ-24ni lotereyaga qo‘yib juda katta foyda olardi. Chunki arzimagan 30 tiyinlik lotereyani sotib olib, 20-25 ming rubl narxlanadigan avtomobil yutishni xohlaydiganlar juda ko‘p edi.

1977 yilda SSSRda shov-shuvli qotilliklardan biri sodir bo‘ladi. Sabzavot omborining rahbarini olib yuradigan haydovchi, uning onasi va bolasini qotillik alomatlari bilan topishadi.

Qotillik tafsilotlari

1977 yil qish kunlarining biri, tungi soat 2:00 lar atrofida Moskvadagi militsiya bo‘limining navbatchilik qismida telefon jiringlaydi. Xodim go‘shakni ko‘targanida g‘azablangan kishi qo‘shnisinikida shovqin bo‘layotgani va uxlashga imkon berishmayotganidan shikoyat qiladi.

Manzilga yetib borgan militsiya xodimlari qo‘shnining uyi qulflanmaganini ko‘rib hayron bo‘lishadi. Ichkariga kirgach, qonga belanib yotgan uchta jasadga duch kelishadi. Jasadlarning shaxsi aniqlanganda, ular uy egasi Vadim Parfenov, uning keksa yoshdagi onasi va to‘ng‘ich o‘g‘li Anton Parfenov ekani oydinlashadi.

Militsionerlar kvartirani ko‘zdan kechirayotib xonalarning birida yig‘i ovozini eshitib qolishadi. Divanni ko‘tarib qarashganda uning ostida yosh bola yig‘lab o‘tirgan edi.

Militsiya xodimlari divan ostidan lotereya chiptalari va 7 ming rubl pul solingan paket ham topishadi. Bola Vadim Parfenovning 5 yoshli o‘g‘li Aleksey Parfenov edi.

Aleksey juda qattiq qo‘rquvdan gapira olmas, tinmay yig‘lardi. Militsiya yetib kelgancha bola divan ostidan chiqmoqchi bo‘lgan, biroq o‘rindiqni ko‘tara olmagan. Jumboq shu ediki, bola divan ostiga qanday kirib qolgan yoki kim kiritib qo‘ygan?

Bola biroz tinchigandan so‘ng otasi va akasi bilan bekinmachoq o‘ynaganini aytadi. Akasi Anton teskari qarab sanayotganda Alekseyning divan ostiga yashirinishiga otasi yordam bergan. Aleksey yashiringan mahal eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlagan.

Noma’lum kimsa kirib Vadim Parfenovga “Lotereya chiptasida muammo bor. Xo‘jayin menga pulni qaytarib olishni buyurdi”, deydi. So‘ng oila boshlig‘idan pullarni qaytarishni talab qiladi.

Noma’lum kimsaning talabini eshitgan Vadimning onasi militsiyaga qo‘ng‘iroq qilish uchun telefonga yopishadi. Biroq noma’lum shaxs uni pichoqlaydi. So‘ng guvoh qoldirmaslik uchun Vadim va Antonni ham o‘ldiradi.

Divan ostida bo‘lgan Aleksey o‘sha yerda qolib ketadi. U o‘zini qutqarishlarini so‘rab divan ostida turgan bolg‘a bilan yog‘ochga urgan va qo‘shni shundan bezovta bo‘lib militsiya chaqirgan.

Parfenovlar xonadonidagi tergov harakatlari ertalabgacha, oila bekasi Yelena uyga qaytgunga qadar davom etadi. Yelena jasadlarni ko‘rib hushidan ketadi va shifoxonaga yotqiziladi.

Soxta lotereya chiptasi va qotilni ushlash

Militsiya qotillikning lotereya chiptasi bilan bog‘liqligini taxmin qilib qotilni qidirishni shu yo‘nalishda boshlaydi. Militsiyaning sotsialistik mulkni o‘g‘irlashga qarshi kurash bo‘limi (OBXSS) yashirincha “Davlat belgisi” (Gosznak) korxonasi pul va qimmatli qog‘ozlarni chop etish bo‘limi ishchilarini tekshira boshlaydi. Biroq bu hech qanday natija bermaydi.

Vadim Parfenov vafotigacha sabzavot ombori direktoriga haydovchi bo‘lib ishlagan va 100 rubl atrofida maosh olgan. Shu sababli militsiyani uning uyidan topilgan 7 ming rubl qiziqtiradi. Xo‘sh, oddiy haydovchining uyiga buncha katta pul qayerdan kelib qolgan?

***

Bu savolga Vadim Parfenovning xotini javob beradi. Ma’lum bo‘lishicha, Vadimning xo‘jayini unga mashinani yangilash kerakligini, mabodo sotiladigan GAZ-24 mashinasi haqida eshitib qolsa xabar berishini tayinlaydi.

Kunlarning birida Vadim xotini bilan kichik oshxonalardan biriga ovqatlanish uchun kirganda ularning stoliga bir odam kelib o‘tiradi. So‘ng Vadimga lotereya o‘ynab, Volga GAZ-24 mashinasini yutganini aytadi.

O‘sha paytlarda GAZ-24 mashinasini 20-25 ming rubldan kamga olib bo‘lmasdi. Notanish erkak esa Vadimga yutuqli chiptani 15 ming rublga sotib olishni taklif qiladi.

Vadim va uning xotini ishonmagach, yigit yonidan gazeta chiqaradi va qo‘lidagi lotereya chiptasini undagi yutuq chiqqan chiptalar raqamiga solishtirib ko‘rsatadi. Yutuqqa haqiqatan ham GAZ-24 chiqqandi.

Yigit bu bilan kifoyalanmay, Vadimga omonat kassasiga borib omadli chiptaning haqiqiyligini tekshirishni taklif qiladi. Parfenov rozi bo‘ladi. Omonat kassada chipta yutuqli ekanini tasdiqlashgach, Vadim unga ishonadi.

Shundan so‘ng Vadim Parfenov yutuqli chiptani yangi mashina izlayotgan boshlig‘iga 25 ming rublga sotishga qaror qiladi.

Parfenov yutuqli chiptani boshlig‘iga 25 mingga emas, 22 mingga sotishga muvaffaq bo‘ladi. U 15 ming rublni chiptani sotgan yigitga beradi. 7 ming rubl o‘zida qoladi. Militsiya divan ostidan topgan 7 ming rubl o‘sha pul edi.

Kalavaning uchini topgan militsiya darhol sabzavot ombori rahbarini qo‘lga olish operatsiyasini ishlab chiqadi. O‘sha kuni xodimlardan biri farrosh qiyofasiga kirib, ombor atrofini supura boshlaydi. Boshqasi esa xizmat mashinasi haydovchisiga aylanadi.

***

Parfenovlarnikida qotillik qilgan shaxs o‘zini qidira boshlashganini va ombor mudiri tufayli qo‘lga tushib qolishi mumkinligini bilardi. Shu sababli u buyurtmachini yo‘q qilishga qaror qiladi.

Yollanma qotil yagona guvoh – ombor mudirini o‘ldirish uchun kelganda militsiya ham uni qo‘lga olish uchun operatsiya o‘tkazayotganini bilmasdi. Ombor mudiri qaysidir tashkilotga borish uchun tashqariga chiqayotganda dastlab qotilga ro‘para keladi va qo‘rqib qochadi.

Qotil unga pichoq bilan zarba beradi, biroq mo‘ljal sal noto‘g‘ri ketadi. Militsionerlar uni qo‘lga olishadi. Ungacha qotil militsiya xodimlaridan birini yarador qilishga ulguradi.

Tergovda ombor mudiri chipta soxta bo‘lib chiqqanini, shundan so‘ng pullarini qaytarib olish uchun sobiq jinoyatchini yollaganini, u esa Parfenov, uning onasi va o‘g‘lini pichoqlab o‘ldirganini tan oladi.

Soxta chiptani kim yasagan?

Endi boshqa masala ochiq qolayotgandi – Parfenovga soxta chiptani sotgan shaxs kim? Ana shu joyda tergov boshi berk ko‘chaga kirib qoladi. Ombor mudiriga chiptani sotgan Parfenov vafot etgan. Lekin soxta chipta tayyorlovchi shaxsni topish kerak.

Eng avval soxta chipta SSSRdagi eng yaxshi kimyo laboratoriyada tekshirib ko‘riladi. Chipta aslidagidan juda kam farq qiladigan darajada tayyorlangani aniqlanadi.

Foto 002

Shunda militsiya chiptani tayyorlagan shaxs “Davlat belgisi” korxonasida ishlagan yoki hozir ham o‘sha yerda ishlaydi degan xulosaga keladi. Biroq baribir soxta lotereya chiptasini yasagan odamni topib bo‘lmaydi.

Soxta lotereya chiptalarini yasagan odam Qirg‘iziston poytaxti Frunze (hozirgi Bishkek) shahrida yashovchi Nikolay Grishanin edi.

Qobiliyatli kimyogar-biolog bo‘lgan Nikolay doimiy ravishda o‘zidan iste’dodsiz bo‘lgan hamkasblarining soyasida qolib ketardi.

Yosh olim o‘zini iste’dodli deb hisoblar, e’tirof va sharafni orzu qilar, ammo doim buning aksi bo‘lardi. Ilmiy dunyoda Nikolayning tadqiqotlari hech kimni qiziqtirmas va ba’zida ochiq masxaralarga sabab bo‘lardi.

O‘sha paytda Nikolay qo‘shimcha shug‘ullanish va tadqiqotlar o‘tkazish uchun uy laboratoriyasini tashkil qiladi. U faqat shu yerda o‘zini bemalol his qilardi.

Avvalroq bir muddat “Davlat belgisi” korxonasida ishlagan Nikolay pul, qimmatli qog‘ozlar va lotereya chiptalarini chop etish texnologiyasini yaxshi o‘rganadi.

***

Kunlarning birida u lotereya chiptalarini soxtalashtirishga qaror qiladi. Biroq bu ish oson emasdi. 6 yil davomida uyidagi laboratoriyada lotereya chiptalarini asliga o‘xshatib yasashga harakat qiladi va bir kun maqsadga yetadi.

Nikolay bir necha marta yutuqqa GAZ-24 chiqqan soxta lotereya chiptalarini tayyorlab sotadi. Hech kim undan gumon qilmaydi. Uning navbatdagi “xaridori” moskvalik Vadim Parfenov bo‘ladi.

Moskvada soxta chipta tufayli uch kishi o‘ldirib ketilgach, SSSR ichki ishlar vazirligi bu safar lotereya natijalari e’lon qilingan vaqtdan boshlab mamlakatdagi barcha jamg‘arma kassalarini kuzatuvga oladi.

Militsiya soxta chipta sotib olgan shaxs uni tekshirib ko‘rish uchun jamg‘arma kassaga olib kelishiga ishonardi. Amalda ham shunday bo‘lib chiqadi.

Vazirlik ko‘plab xodimlarni jalb qilib, jinoyatchini qidirayotganda Nikolay Grishanin Gurjistonda jinoiy avtoritetlardan biriga navbatdagi “yutuqli” soxta chiptani sotayotgan edi.

Jinoiy avtoritet chiptani tekshirib ko‘rish uchun yordamchisini jamg‘arma kassaga yuboradi. U yerda yordamchini militsiya tutib oladi. Buni eshitgan Grishanin Qirg‘izistonga qochadi.

Fosh bo‘lish va jazo

U militsiya o‘zini Frunzega ham qidirib kelishini bilardi. Shu sababli uyga qaytgach keyingi harakatlar rejasini tuza boshlaydi va birinchi navbatda uy laboratoriyasini yo‘q qiladi.

Bu paytda SSSR ichki ishlar vazirligi “Davlat belgisi” korxonasi sobiq ishchilaridan biri 32 yoshli Nikolay Grishanin Qirg‘izistonda yashashini aniqlab, uni tutish choralarini boshlab yuborgandi. Frunzeni tit-pit qilib ham Nikolay Grishaninni topa olmaydi.

***

Grishanin bu paytda familiyasini Yegorov deb o‘zgartirishga va o‘ziga qalbaki pasport yasab olishga ulgurgandi.

Familiyasini o‘zgartirgan Nikolay o‘ylab-o‘ylab militsiya qidiruvidan va og‘ir jazodan (unga o‘lim jazosi berilishi ham mumkin edi) qutulib qolishning birdan bir yo‘li qamoq degan xulosaga keladi.

Kunlarning birida Frunze shahrida mayda bezorilik sodir bo‘ladi. Mast erkak yuk aravasini aylantirib, o‘tkinchilarga bepul sayohat qilishni taklif qiladi.

Odamlar militsiyaga qo‘ng‘iroq qilishadi. Xodimlar yetib kelganda mast erkak do‘kon oynasini sindirib, militsionerlarning biriga yengil jarohat yetkazadi.

Bezorilik qilgan shaxs bo‘limga olib boriladi va unga “Nikolay Yegorov” sifatida jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Sud erkakni tartibni buzgani, sotsialistik mulkka zarar yetkazgani va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga tan jarohati yetkazgani uchun 2 yilga ozodlikdan mahrum qiladi.

***

O‘sha paytda erkakni qo‘riqlab turgan militsionerlar va sudya o‘z qarshisida lotereya chiptalarini qalbakilashtirgani uchun SSSR bo‘ylab qidirilayotgan odam turganini bilmasdi.

Nikolay Grishaninning rasmi va qidirilayotgani haqidagi e’lonlar Frunze ko‘chalariga ilib tashlanganda u o‘zi sahnalashtirgan jinoyati uchun qamoqxonada jazo muddatini o‘tayotgan edi.

***

Kunlardan bir kuni uni qamoqxonada boshqa maxbuslar tanib qolishadi va nazoratchiga topshirishadi.

Tekshiruvlardan so‘ng Grishaninni Moskvaga olib ketishadi. Bir muddat davom etgan tergovdan so‘ng sud jarayoni bo‘lib o‘tadi.

Nikolay 150 ming rubllik sotsialistik mulkni o‘g‘irlaganlikda aybdor deb topiladi va o‘lim jazosiga hukm qilinadi (1970-yillarda davlatning 10 ming rubldan ortiq pullarini o‘zlashtirganlar o‘limga hukm qilingan). Parfenovlar oilasi a’zolarining qotili va uni yollagan ombor mudiri ham oliy jazo oladi.

Tergovchilar Grishaninni tergov qilayotganda, sud jarayonlarida va qatl etilishidan avval undan soxta chiptalar sotuvidan tushgan pullar haqida so‘rashadi. Nikolay “Hammasini sarflab yuborganman” deb javob beradi.

Aslida juda katta pulni sarflab yuborishning iloji yo‘q edi. Tergovchilar ming urinmasin, Nikolay pullarni qayerga yashirganini aytmaydi. Shu tariqa ularning qayerda ekani mavhumligicha qoladi.

Boshqa ko‘plab jinoyatlar kabi soxta lotereya chiptasi ortidan sodir bo‘lgan qotillik tafsilotlari SSSR tarqab ketgandan so‘ng ommaga oshkor bo‘ladi.

Rossiyalik kinoijodkorlar Nikolay Grishanin haqida serial ishlagan. Premerasi 2023 yil 13 martda bo‘lib o‘tgan serialning bosh rollarini Dmitriy Miller va Olga Venikova ijro etgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid