Jahon | 21:55 / 23.07.2024
7321
2 daqiqa o‘qiladi

Trampga suiqasd ortidan AQSh maxfiy xizmati rahbari iste’foga chiqdi - OAV

Kimberli Chitl AQSh prezidentligiga nomzod Donald Trampga suiqasd uyushtirish bilan bog‘liq xavfsizlikni buzish holatlari yuzasidan tergov olib borilayotgan bir paytda o‘z lavozimini tark etishga qaror qilgani ta’kidlanmoqda.

Foto: Reuters

AQSh maxfiy xizmati direktori Kimberli Chitl iste’foga chiqdi, deb xabar berdi CNN manbalarga tayanib. Bu haqda hali rasman e’lon qilinmagan.

Telekanalning ta’kidlashicha, Chitl AQSh prezidentligiga nomzod Donald Trampga suiqasd uyushtirish bilan bog‘liq xavfsizlikni buzish holatlari yuzasidan tergov olib borilayotgan bir paytda Maxfiy xizmat rahbari lavozimini tark etishga qaror qilgan.

Chitl o‘z xodimlariga yuborgan xayrlashuv xatida «Men xavfsizlikni ta’minlashda katta xatoga yo‘l qo‘yganim uchun javobgarlikni o‘z zimmamga olaman» deb yozilgani ta’kidlanmoqda.

Chitlning iste’fosi Trampga suiqasd uyushtirish holati bo‘yicha AQSh Kongressida ko‘rsatma berganidan bir kun o‘tib sodir bo‘lmoqda. Chitl, sodir bo‘lgan voqea razvedka xizmatining so‘nggi o‘n yilliklardagi eng katta muvaffaqiyatsizligi ekanligini tan oldi. Biroq u qonunchilarga hodisa tafsilotlarini ochiqlashdan bosh tortdi va bu ularning noroziligiga sabab bo‘ldi.

Natijada, Respublikachilar palatasining Nazorat qo‘mitasi raisi Jyeyms Komer va yuqori darajadagi demokrat Jyeymi Raskin Chitlni iste’foga chiqishga chaqirdi. Raskin, shuningdek, «Chitl mamlakat tarixidagi juda muhim va nozik bir paytda Kongress ishonchini yo‘qotganini» ta’kidladi.

AQSh Maxfiy xizmati prezident, vitse-prezident, ularning oila a’zolari va prezidentlikka nomzodlarni himoya qilish uchun javobgardir. Kimberli Chitl 2022 yilda departament direktori etib tayinlangan. Donald Trampga suiqasd uyushtirilganidan so‘ng u iste’foga chiqishdan bosh tortdi, biroq Trampga suiqasd uyushtirish uchun mas’ul ekanini tan olgan edi.

Mavzuga oid