Malida vagnerchilar pistirmaga duch keldi
Bu rossiyalik yollanma jangchilarning Afrikadagi eng yirik yo‘qotishga uchrashi bilan yakunlandi. 80 nafargacha vagnerchi halok bo‘lgani aytilmoqda.
28 iyul kuni Reuters va Associated Press agentliklari Mali shimolida, Jazoir bilan chegara yaqinida, mahalliy isyonchi tuareglar bilan to‘qnashuv oqibatida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining sobiq jangchilari halok bo‘lgani haqida xabar tarqatdi.
BBC rus xizmatiga ko‘ra, vagnerchlar Malida 2021 yildan buyon harakatlanib keladi. O‘shanda davlat to‘ntarishi oqibatida hokimiyatga polkovnik Assimi Goita kelgan, shundan keyin mamlakatdan besh mingdan ortiq fransuz harbiylari kontingenti chiqarib yuborilgandi (ularni oldingi prezident Ibrohim Keyta ayirmachi tuareglarga qarshi kurashish uchun chaqirgan). Goita esa ularning o‘rniga vagnerchilarni taklif etadi.
Rossiyadagi Z-kanallar 20 iyuldan boshlab bir necha kun davomida so‘nggi 12 yil mobaynida Malining shimoliy qismini nazorat qilib kelgan va hatto 2012 yilda Azavad nomli alohida davlat tuzilganini e’lon qilgan ayirmachi tuareglar tez orada to‘liq tor-mor etilishini prognoz qila boshlagandi.
Mali hukumati bayonotlariga ko‘ra, operatsiyaning ilk kunlarida Mali armiyasi vagnerchilar bilan birgalikda muvaffaqiyat bilan ilgarilagan. Bir hafta oldin ular Jazoir bilan chegaradagi In-Afarak qishlog‘ini o‘z nazoratiga olgan.
25 iyuldan 26 iyulga o‘tar kechasi esa rossiyalik yollanma jangchilar karvoni Jazoir hududidagi Tin-Zauatin tomon harakatlana boshlagan.
Yollanma jangchilar bilan aloqador telegram-kanallar yozishicha, harbiylar ikki mamlakat chegarasidan ikki kilometr masofada turganida kuchli qum bo‘roni yopirilgan va kolonna harakati to‘xtab qolgan. Mahalliy isyonchilar esa bu sharoitdan foydalanib, vagnerchilarga pistirma qo‘ygan.
To‘qnashuv natijasi Rossiya tomoni uchun «olis yo‘nalishlar»dagi (Ukrainadagi urushni hisobga olmaganda) Suriyaning Dayr-az-Zor viloyati Hasham shahri yaqinidagi jangdan keyingi eng yirik yo‘qotish bo‘lgan. O‘shanda, 2018 yil fevralida vagnerchilar kolonnasi Amerikaning zarbdor vertolyotlari bilan o‘qqa tutilishi oqibatida 100 dan ortiq kishi halok bo‘lgandi.
Isyonchi tuareglar guruhi bayonotida Mali harbiy xizmatchilari va vagnerchilar «jonli kuch va texnikada katta yo‘qotishlarga uchragani» aytilgan — gap «o‘nlab» qurbonlar va yaralanganlar haqida boradi. Tuareglar qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, jangda 54 nafar vagnerchi va malilik yetti nafar harbiy o‘ldirilgan. Mali armiyasi ikki harbiy o‘limi va yana 10 nafari yaralangani haqida xabar qilgan.
Vagnerchilarning yo‘qotishlari haqida aniq ma’lumot yo‘q — ammo jang haqidagi xabarlar bilan birga voqea joyida olingan videolar ham paydo bo‘lgan, ularda 30 tacha jasad aks etgan — ham oq, ham qora tanlilarning. Baza telegram-kanali tasdiqlashicha, jangda kamida 20 kishi halok bo‘lgan. Rossiya mudofaa vazirligiga yaqin bo‘lgan Rybar telegram-kanali ham yo‘qotishlar soni «yigirmadan oshmasligi» haqida yozgan. Kanal muallifi videodagi jasadlarning bir qismi isyonchi tuareglarga tegishli va «kartinka uchun joylashtirilgan» bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.
BBC rus xizmatining muqaddam «Vagner» XHK safida jang qilgan manbasi kamida 82 nafar yollanma jangchi halok bo‘lganini aytgan. Nashrning Malidagi boshqa bir manbasi aloqaga chiqmagan, uning onasining «VKontakte»dagi sahifasida motamni anglatuvchi sham paydo bo‘lgan. «Vagner»ning shturm otryadining «Rusich» laqabli sobiq komandiri ham qurbonlar soni 80 dan ortiqligi haqida aytgan. The Wall Street Journal bu katta ehtimol bilan rossiyalik yollanma jangchilar Afrikaga kelgan 2017 yildan buyon uchragan eng yirik yo‘qotishi ekani haqida yozdi.
Bundan tashqari, BBC ma’lumotiga ko‘ra, malilik isyonchilar kamida bitta Mi-24 vertolyotini shikastlagan. WSJ xabarida qayd etilishicha, tuareglar yarador vagnerchilarni tashish uchun foydalanilgan vertolyotga u Tinzauaten shahri yaqinidagi Kidalga majburiy qo‘nishni amalga oshirgan vaqtida hujum qilgan.
Qurbonlarning jasadlari aks etgan videolardan birida vagnerchilarga aloqador bo‘lgan Grey Zone telegram-kanali muallifi Nikita Fedyaninni tanishan. Uning o‘limi haqida neonatsistlarning DShRG «Rusich» guruhi xabar berdi, keyinroq bu ma’lumotni Fedyaninning yaqinlari TASS muxbiriga tasdiqladi.
Yevgeniy Prigojin tirikligida bu «Vagner» XHK haqida yozuvchi eng mashhur kanal bo‘lgan, uning 500 mingdan ortiq obunachisi bor.
Fedyanin «Pyatisotiy» va «Beliy» laqablari bilan tanilgan. Ijtimoiy tarmoqdagi ma’lumotlarga ko‘ra, u 29 yoshda edi. «Ozodlik radiosi» surishtiruvchisi Mark Krutov Fedyaninning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasini o‘rganib, u oxirgi marta 21 iyul kuni onlayn bo‘lganini aniqlagan. Grey Zone telegram-kanaliga so‘nggi post 23 iyul kuni qo‘yilgan — unda «Afrika Sahali»dagi (besh mamlakat — Burkina-Faso, Mavritaniya, Mali, Niger va Chadni o‘z ichiga oluvchi mintaqa) davlatlardan biri hududidagi «Tayfun» rusumli zirhli avtomobil fonida tushgan vagnerchilar fotosi aks etgan.
Vagnerchilarning bir qismi asir tushgan. Harbiy mavzudagi Colonelcassad telegram-kanalini yurituvchi Boris Rojinning aniqlashicha, ular orasida «Lotos» chaqiruv belgisiga ega Anton Yelizarov ham bo‘lgan. Keyinroq Rojin «uni allaqachon almashishgani» haqida ham xabar qildi. «Voyenniy osvedomitel» telegram-kanali yozishicha, asirga tushgan vagnerchilarning barchasi Rossiya mudofaa vazirligining Afrika korpusi vositachiligida «operativ tarzda sotib olingan».
The Insider manba keltirmagan holda 2023 yil avgustida Dmitriy Utkin Tver oblastidagi aviahalokatda Yevgeniy Prigojin bilan birgalikda halok bo‘lganidan keyin Yelizarov «Vagner jangarilarining de-fakto komandiriga aylangani» haqida yozgan.
Bu vaqtda Ukrainadagi nashrlar Yelizarov Ukrainaning Soledar va Baxmut shaharlarini qamal qilgan kuchlarga boshchilik qilgani haqida yozmoqda. Ukraina mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusov esa, Malida vagnerchilar tor-mor etilgani yuzasidan izoh berarkan, isyonchi tuareglarga «rossiyalik harbiy jinoyatchilarga qarshi amaliyot o‘tkazish uchun zarur ma’lumotlar yetkazib berilgani va boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatilgani» haqida aytgan. O‘z navbatida, isyonchilar Ukraina bayrog‘ini ko‘targan holda suratga tushgan e’lon qilingan.
29 iyul kuni «Vagner» XHK matbuot xizmati chaqiruv belgisi «Prud» bo‘lgan komandir Sergey Shevchenko boshchiligidagi shturm otryadi 22 iyuldan 27 iyulga qadar Mali harbiy xizmatchilari bilan birgalikda Tinzauaten aholi yashash manzili yaqinida «Azavad muvofiqlashtirish harakati» hamda «Sahaldagi Al-Qoida» guruhiga qarshi jang qilgani haqida xabar bergan. Ma’lum qilinishicha, guruh jangarilari qum bo‘roni tufayli qayta guruhlanib, og‘ir qurollar hamda dronlarni qo‘llagan holda vagnerchilarga hujum qilgan. Kompaniya hujum qilgan tomon kamida ming kishidan iborat bo‘lganini iddao qilgan. 27 iyul kuni Shevchenkoning guruhidan so‘nggi radiogramma kelgan, unda ular «uch kishi qolgani, ammo jang qilishda davom etishi» aytilgan. Shundan keyin Shevchenko jangda halok bo‘lgan.
Shuningdek, bayonotda «Vagner» XHK yo‘qotishlarga uchragani aytilgan, ammo qurbonlarning ismlari va soni keltirilmagan.
Mavzuga oid
13:20 / 15.10.2024
Kiyev Malidagi isyonchilarga UUA yetkazib berilgani haqidagi ma’lumotni rad etdi
22:12 / 25.09.2024
FT: Yevgeniy Prigojin pullarni yashirin ravishda g‘arb banklari orqali o‘tkazgan
20:33 / 18.09.2024
Armanistonda davlat to‘ntarishiga urinishning oldi olindi
13:16 / 11.09.2024