Jahon | 19:06
14271
3 daqiqa o‘qiladi

Sahroyi Kabirda yuk mashina buzilib qolib, 50 ga yaqin kishi halok bo‘ldi

Faqat ikki kishi bir necha o‘n kilometr masofadagi aholi yashash manziliga yetib borib, voqea haqida aytib berishgan. Voqea joyiga yetib borgan qutqaruvchilar o‘nlab jasadlar ustidan chiqqan. Qutqaruvchilar jasadlarni ko‘mib, ortga qaytishda 60 kishi bilan ketayotgan yana bir mashina buzilib, uch kundan buyon sahro o‘rtasida turgani ustidan chiqishgan.

Foto: Agadez governorate/Facebook

Sahroyi Kabir ichkarisida, Niger shimolida kamida 49 kishi suvsizlikdan halok bo‘ldi. Ular ketayotgan yuk mashinasi eng yaqin aholi yashash manzili va suv manbayidan o‘nlab kilometr masofada buzilib qolgan.

Ushbu fojia ro‘y bergan hudud rasmiylari ma’lum qilishicha, bu odamlar Malidan Qurbon hayiti bayramini nishonlab qaytayotgan bo‘lgan.

Ular Niger bilan chegaradan 300 kilometr masofadagi Telxandek shahridan yo‘lga chiqishgan, ammo sahroda adashib qolishgan hamda o‘z manzili – Niger va Jazoir chegarasi yaqinida joylashgan Assamaka vodiysidan 80 kilometr masofada qolib ketishgan. Bu nuqtadan o‘nlab kilometr radiusda birorta aholi yashash manzili yo‘q edi.

Haydovchi va yo‘lovchilar yuk mashinasini tuzatishga urinishgan, ammo buning uddasidan chiqa olishmagan.

Faqat ikki kishi omon qolib, Assamakaga yetib kela olgan va voqea haqida mahalliy rasmiylarga xabar berishgan.

«Suvsiz qolgan, mashinani ta’mirlay olmagan odamlar tirik qola olmadi [...] Harakatsiz yuk mashinasi ostida va uning atrofida o‘nlab jonsiz jasadlar topildi», – deyiladi voqea ro‘y bergan Agadez provinsiyasi gubernatori bayonotida.

Qutqaruvchilar marhumlarni umumiy qabrga ko‘mishgan. Ularning barchasi Niger fuqarolari edi.

Qutqaruvchilar halok bo‘lganlarni o‘sha joyning o‘zida dafn etishgan.
Foto: Agadez governorate/Facebook

«Biz yillar davomida bu bilan kurashib kelamiz. Haydovchilar, sayohatchilar va immigratsiya bilan bog‘liq barchaga cho‘lni kesib o‘tishda qanday xavflar borligini tushuntiramiz. Bu hech qanday yangilik emas. Bunday holatlar Liviya yoki Jazoirga ketishda bo‘lib turadi», – degan BBC muxbiriga mahalliy jamoat tashkilotlaridan birining vakili Shexuo Azizu.

Qariyb 50 kishi halok bo‘lgan joydan qaytishda qutqaruvchilar yana bir buzilib qolgan yuk mashinasi ustidan chiqishgan. Unda ham Malidan 60 dan ortiq kishi Nigerga qaytayotgandi. Ular uch kun sahroda qolib ketishgan, ammo ularning barchasi hali tirik bo‘lgan.

Gubernatorning navbatdagi bayonotida aytilishicha, qutqaruvchilar ularga suv berishgan va yuk mashinasini tuzatishgan.

Niger shimolda Jazoir va Liviya bilan chegaradosh bo‘lib, G‘arbiy Afrika mamlakatlaridan O‘rta Yer dengizi sohillari va uyog‘iga Yevropaga borishni maqsad qilgan mehnat muhojirlarining marshruti mamlakatning sahrodan iborat bo‘lgan shimoliy qismi orqali o‘tadi.

Agadeza provinsiyasi gubernatori o‘z bayonotida ushbu so‘nggi fojia minglab kilometrga cho‘zilgan sahroni to‘g‘ri tashkillashtirilmagan holda kesib o‘tishga urinishlar qanchalik xavfli bo‘lishi mumkinligini eslatishini qayd etgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid