Sport | 12:03 / 29.07.2024
34008
10 daqiqa o‘qiladi

Parij kundaligi: suzishda yangi qirol, 14 yoshli chempion va Baylzning qaytishi

Juma oqshomida Parijda Yozgi Olimpiya o‘yinlari ochilish marosimi o‘tkazilgandi, shanba va yakshanba kunlari ilk sovrindorlar taqdirlandi. Dam olish kunlari voqealarga boy bo‘ldi — fransuz regbichilari triumfi, Amerika sport gimnastikasi asosiy yulduzi Simona Baylzning qaytishi va afsonaviy Maykl Felpsning rekordi yangilanishi shular jumlasidan.

Yaponiyalik maktab o‘quvchisi Parijda skeytbordda oltin oldi

28 iyul kuni Parijda ayollar o‘rtasida skeytbording — «strit» (shahar muhitini hosil qiluvchi to‘siqlar o‘rnatilgan maydonda o‘tkaziladi) bo‘yicha medallar jamlanmasi o‘ynaldi.

Shohsupaga ko‘tarilganlarning barchasi voyaga yetmagan sportchilar edi: oltin medalni 14 yoshli yaponiyalik Koko Yesidzava (272,25 ball), kumushni — uning 15 yoshli vatandoshi Liz Akama (265,95), bronzani — 16 yoshli braziliyalik Raiss Leal (253,37) qo‘lga kiritdi.

Lekin Yesidzava bu bilan jahon rekordini ham, milliy rekordni ham o‘rnatgani yo‘q. Bu sport bo‘yicha bahslar Olimpiadaga Tokiodagi o‘yinlarda qo‘shilgandi va o‘shanda 13 yoshli yaponiyalik Momidzi Nisiya oltin medalni qo‘lga kiritgandi. U Parijga kelmadi, ammo finalda Yaponiya vakillari yetarlicha edi – sakkiz ishtirokchidan uch nafari.

Shu bilan birga, Nisiya ham O‘yinlar tarixidagi eng yosh olimpiya chempioni emas: 1960 yilda germaniyalik Klaus Tserta 13 yoshida akademik eshkak eshish bo‘yicha bahslarda oltin qo‘lga kiritgandi, 1936 yilda esa Berlin Olimpiadasida suvga sakrash bo‘yicha bahslarda 13 yoshli amerikalik Marjori Gestring chempion bo‘lgandi. Gestring bu natijaga erishgan vaqtida Tserta va Nisiyadan biroz yoshroq bo‘lgan va rekord aynan unga tegishli hisoblanadi.

Parijda ayollar skeytbordingi bo‘yicha bahslar hali yakunlanmadi. 6 avgust kuni «park» yo‘nalishi bo‘yicha bahslar o‘tkaziladi. Unda ham o‘smir sportchilar, jumladan Fransiyadagi o‘yinlarning eng yosh ishtirokchisi — 11 yoshli xitoylik Chjen Haohao o‘z omadini sinab ko‘radi.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi ishtirokchilarga yosh borasida cheklovlar qo‘ymagan, shuning uchun federatsiyalar o‘yinlarga maktab bolalarini ham yuboradi. Skeytbordingda bundaylar soni ko‘pchilikni tashkil qiladi: sportchi qanchalik yengil bo‘lsa, mashqlarni bajarish osonroq bo‘ladi. Shu tufayli sportning bu turini so‘nggi vaqtlarda figurali uchish bilan taqqoslashmoqda, unda ham atletning vazni muhim rol o‘ynaydi.

Marshan Felpsning so‘nggi rekordini ham o‘ziniki qildi. Suzish bo‘yicha yangi qirolning Olimpiyadagi yurishi boshlandi

Olimpiya o‘yinlari-2024. Parij, Fransiya
Suzish. Erkaklar
400 m, kompleks

1. Leon Marshan (Fransiya) — 4.02,95 — olimpiya rekordi
2. Tomoyuki Matsusita (Yaponiya) — 4.08,62
3. Karson Foster (AQSh) — 4.08,66

«La Defans» havzasida musobaqalarning ikkinchi kuni muxlislarni hayajon ostida ushlab turdi. Fransuzlarning suv sportidagi asosiy umidi Leon Marshan uyaltirmadi va ishonchni oqlashni boshladi.

Marshan eng qiyin yo‘nalishlardan birida — 400 metrga kompleks suzishda oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, Leon nafaqat qo‘shni yo‘laklardagi raqiblari bilan, balki o‘zi jahon chempionatida o‘rnatgan rekord hamda Maykl Felps davridagi olimpiya rekordi bilan ham raqobatlashdi.

Marshan Olimpiadaga muxlislar yoqimtoyi sifatida, shu bilan birga hali olimpiya o‘yinlarida birorta sovringa ega bo‘lmagan holda tashrif buyurdi. Ushbu fransuz o‘zini sayyora ahliga 2022 yilda, Budapeshtdagi jahon chempionatida o‘zi qatnashgan yo‘nalishlardagi barcha oltin medallarni qo‘lga kiritgan holda tanitgandi, bir yil o‘tib esa Fukuokadagi chempionatda ham o‘z darajasini namoyish etdi. Yo‘l-yo‘lakay, 400 metr masofaga kompleks suzishda jahon rekordini o‘rnatdi.

Bu Felpsning jahon chempionatlaridagi so‘nggi rekordi bo‘lib turgandi, shundan keyin unda faqat olimpiya rekordi qoldi — bu ham 400 metr masofaga kompleks suzishda. Leonning Parijdagi ilk musobaqasi ham aynan shu masofada bo‘ldi va ushbu sport muxlislarining barchasi u bu vazifani qay tariqa uddalashini muhokama qilish bilan band edi.

Guvohlarning qayd etishicha, shu kuni «La Defans» arenasidagi muhit rok-guruh konsertini eslatardi: 15 mingdan ortiq muxlisning aksari stadionga aynan Leon va uning yangi rekordini ko‘rish uchun kelgandi. Bu kontekstda raqiblar haqida gapirish o‘rinsiz edi. Marshan Fukuoka-2023 chempionatida ushbu masofani 4:02.50 daqiqada bosib o‘tgandi, Felps esa 15 yil oldin, o‘zining eng yaxshi davrida Pekinda 4:03.84 natijasini qayd etgandi. Bu shu vaqtgacha Olimpiada tarixidagi eng yaxshi natija bo‘lib qolayotgandi.

Yosh fransuz Felps bilan virtual raqobatda yana ustun keldi, ammo so‘nggi metrlarda sustlashdi va o‘zining rekordini yangilay olmadi. Ammo minimum vazifa bajarildi — buyuk amerikalikning yana bir rekordi o‘tmishda qoldi.

Simona Baylzning yuqori darajadagi qaytishi

Jahonning eng sovrindor gimnastikachisi, Amerika delagatsiyasi yuzlaridan biri, Simona Baylz yakshanba kuni yana ajoyib va ruhiy holatda ekanini namoyish etdi.

Olimpiada va jahon chempionatlarida jami 37 medal qo‘lga kiritgan Baylz Tokio Olimpiadasida muammoga uchragan va to‘liq ishtirok eta olmagan, faqat bir bronza va jamoaviy bahslardagi kumush medal bilan cheklangandi.

Bunga asosan ruhiy muammolar sabab bo‘lgandi, u o‘ziga ishonchni yo‘qotib qo‘ygandi. Bu muammolarni yengib o‘tgan sportchi 2023 yil Anverpendagi jahon chempionatida 4 ta oltin va bitta kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Uning Parijdagi chiqishini kuzatish uchun esa Tom Kruz, Ledi Gaga, Snup Dogg, Ariana Grande, Jyessika Chesteyn, Jon Ledjyend va Anna Vintur kabi mashhur shaxslar tashrif buyurdi. Ular yakshanba kuni shu vaqtda Lebron Jyeyms boshchiligidagi basketbolchilar o‘yiniga bormasdan, aynan sport gimnastikasi bo‘yicha bahslarni tanlagandi.

Ko‘pkurash bahslarida Baylzning boldir mushaklarida muammo yuzaga keldi va u maydonga oyog‘iga bint o‘ragan holda qaytdi, ammo u saralashni eng yuqori natija bilan yakunlab, finalga chiqdi.

Ko‘pkurash bo‘yicha final payshanba kuni o‘tkaziladi. Undan oldinroq, seshanba kuni jamoaviy bahslar bo‘yicha final bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, u erkin mashqlar, tayanib sakrash va brusdagi mashqlar bo‘yicha ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Yana Nadal, Jokovich va Marrey

Tennis bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi juftlik bahslarida Ispaniya eng asosiy yulduzlari bilan ishtirok etmoqda: Karlos Alkaras va Rafael Nadal. Ular shanba kuni oltin yo‘lidagi kurashini argentinalik Anders Molteni va Maksimo Gonsales ustidan g‘alaba bilan boshlashdi.

Serbiya jamoasi safida Parijgakelgan Novak Jokovich esa yakkalik bahslarida avstraliyalik Mett Ebdenni atigi 53 daqiqa ichida 6-0, 6-1 hisoblarida mag‘lub etdi.

So‘nggi vaqtlarda Britaniyaning eng yaxshi tennischisi bo‘lib qolayotgan 37 yoshli Endi Marrey ham juftlik bahslarida (u Dan Evans bilan birga o‘ynamoqda) g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga o‘tdi. Avvalroq Marrey Parijdagi o‘yinlar uning faoliyatida so‘nggi turnir bo‘lib qolishini aytgandi.

Ayollar tennisida esa jahonning birinchi raqamli raketkasi bo‘lib turgan polshalik Iga Svyontek ruminiyalik Irina-Kameliya Beguni 6-2, 7-5 hisoblarida mag‘lub etdi.

Hushtakbozlikka uchragan van de Velde

Stiven van de Velde Niderlandiya olimpiya jamoasi safiga kiritilgani huquq faollari tomonidan keskin norozilik bilan qarshi olingandi. Plyaj voleyboli vakili 2016 yilda 12 yoshli britaniyalik qizni zo‘rlashda ayblanib, to‘rt yilga qamalgandi.

29 yoshli sportchini Olimpiadadan chetlatishga chaqirilgan onlayn-petitsiya 90 ming imzo to‘pladi.

Van de Velde Olimpiya qishlog‘ida yashashdan, shuningdek o‘yinlardan keyin intervyu berishdan bosh tortdi.

Van de Velde Eyfel minorasi atrofida joylashgan plyaj voleyboli uchun maydonda paydo bo‘lishi hushtakbozliklar bilan qarshi olindi.

U va uning sherigi Metyu Immers jahon reytingida 10-o‘rinda joylashgan. Shunga qaramay, ular 25-o‘rindagi italiyaliklar, Aleks Raniyeri va Adrianu Karambulega 1-2 hisobida yutqazishdi.

Niderlandiya olimpiya qo‘mitasi van de Velde reabilitatsiya jarayonini muvaffaqiyatli o‘tagani va jamoadagi o‘ringa munosib ekanini ma’lum qilgan.

Xalqaro voleybol federatsiyasi van de Velde saralashdan o‘tganidan keyin, Niderlandiyaga uni Parijga yuborishga to‘sqinlik qila olmadi.

Fransiya regbichilar g‘alabasini nishonladi

Shanba kuni Olimpiada mezbonlari ilk oltinni erkaklar regbisi-7 bo‘yicha bahslarda qo‘lga kiritishdi: ular amaldagi olimpiya chempionlari, Fiji jamoasini 28-7 hisobida mag‘lub etdi.

Bu g‘alabaga orasida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham bo‘lgan 70 ming tomoshabin guvoh bo‘ldi.

Bu fijiliklarning regbi-7 olimpiya dasturiga qo‘shilganidan keyingi davrda Olimpiada o‘yinlaridagi ilk mag‘lubiyati bo‘ldi: ular 2016 yil Rio-de-Janeyroda ham, uch yil oldin Tokioda ham chempion bo‘lishgandi.

Mavzuga oid