«Biz bunga qarshi bo‘la olmaymiz» - Zelenskiy Rossiyaning ikkinchi tinchlik sammitidagi ishtiroki haqida
Rossiya noyabrdagi ikkinchi tinchlik sammitida ishtirok etishi kerak, aks holda biz haqiqiy natijalarga erisha olmaymiz, dedi Ukraina rahbari.
Rossiyaning ikkinchi tinchlik sammitida ishtirok etishi urushni tugatish yo‘lida qandaydir real natijalarga erishish uchun zarur. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Fransiyaning Le Monde nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
«Men ishonamanki, Rossiya noyabrdagi ikkinchi tinchlik sammitida ishtirok etishi kerak, aks holda biz haqiqiy natijalarga erisha olmaymiz. Men ularning umumiy [tinchlik] rejamizni tayyorlashga to‘sqinlik qilishlarini xohlamayman. Agar butun dunyo ularni [muzokaralar] stolida ko‘rishni istasa, biz bunga qarshi bo‘la olmaymiz», dedi Zelenskiy.
Zelenskiy muzokaralar uchun dastlabki shartlar haqidagi savolga javob berar ekan, adolatli tinchlik Ukraina hududiy yaxlitligini tiklash imkoniyatini o‘z ichiga olishi kerakligini aytdi va bunga «qurol yordamida erishish shart emas»ligini ta’kidladi. «Agar Rossiya xohlasa, biz bu muammolarni diplomatik yo‘l bilan hal qila olamiz», dedi u.
Hududlarni yo‘qotish ehtimoli haqidagi savolga javoban Zelenskiy «Ukrainaga rasman hech kim hech narsa taklif qilmagani» va hukumat Konstitutsiyaga ko‘ra, kimgadir hudud bera olmasligini ta’kidladi. «Bu sodir bo‘lishi uchun Ukraina xalqi buni xohlashi kerak», deb qo‘shimcha qildi u.
Zelenskiy avval ham Rossiya ikkinchi tinchlik sammitida ishtirok etishi kerak degan fikrni bildirgan edi. Qo‘shma Shtatlar bu g‘oyani agar Ukrainaning o‘zi xohlasa, qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Tinchlik sammiti yil oxirigacha bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Ukraina ushbu tadbirni 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan AQSh prezidentlik saylovi oldidan o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Moskva hozircha sammitda qatnashishga rozilik yoki rad etish haqida rasman ma’lum qilmagan.
Mavzuga oid
08:45
Merkel Ukrainada urushdan chiqishning yo‘llari haqida ma’lum qildi
20:14 / 24.11.2024
Rossiya armiyasining «Janub» qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni lavozimidan chetlatildi
19:21 / 24.11.2024
FT: Rossiya yuzlab yamanliklarni Ukrainaga qarshi urushga yolladi. Ular shartnoma imzolashga majburlanmoqda
15:06 / 24.11.2024