O‘zbekiston | 21:42 / 12.08.2024
4635
6 daqiqa o‘qiladi

12 avgustning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Olimpiadachilarni olqishlagan prezident, Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalari ijrosi tahlili, Toshkentda tug‘ilgan to‘rt egizak va mandatni kutayotgan abituriyentlar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Olimpiadadagi zafarli ishtirok

Shavkat Mirziyoyev sportchilarni Parij Olimpiadasidagi ishtiroki munosabati bilan tabrikladi. «Tokio Olimpiadasidan keyin top-15 ga kiramiz deb katta maqsad qo‘ygan edik. Bu yangi O‘zbekiston yoshlari nimaga qodir ekanini butun dunyoga ko‘rsatdi», — dedi Mirziyoyev.

Davlat rahbari avvalo sportchilarning Parij Olimpiadasidagi ulkan tarixiy zafarlari bilan butun xalqni chin qalbidan tabrikladi.

«208 ta davlat vakillari qatnashgan musobaqada sportchilarimiz  yuksak matonat, mahorat va iroda ko‘rsatib, dunyoda 13-o‘rin, Osiyoda 4-o‘rin, turkiy, musulmon va MDH davlatlari orasida 1-o‘rinni egalladi. Biryo‘la 3 nafar sportchimiz “ikki karra olimpiya chempioni”, degan yuksak sharafli nomga sazovor bo‘ldi.

Barcha sportchilarimiz, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylari Yangi O‘zbekistonning chinakam qahramonlaridir! Ular bilan har qancha faxrlansak arziydi, ular bizning g‘ururimiz!» dedi prezident.

Ma’lumot uchun, Parijdagi Olimpiada O‘zbekiston uchun mamlakat mustaqil taraqqiyoti tarixida eng muvaffaqiyatlisi bo‘ldi. 90 sportchimiz qatnashgan yozgi olimpiadada delegatsiyamiz jami 13 ta medal — 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronzani qo‘lga kiritdi.

Rahbarlar ogohlantirildi

Prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida yil boshida yaratilgan aholini band qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalari ijrosini tahlil qildi.

Bu borada yaxshi natija ko‘rsatayotgan tumanlar ko‘pligi, lekin ayrim tuman hokimlari, iqtisodiy kompleks rahbarlari bu islohotlarni to‘liq tushunib yetmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, Uychi tajribasi asosida respublika bo‘yicha 500 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Lekin 15 ta tuman va shahar rejasi 90 foizga yetmagan.

Yoki Sayxunobod tajribasi asosida har bir mahallada 10 tadan mikroloyiha qilish zarur. Bu orqali respublikada jami 132 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, 242 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Biroq 26 ta tumandagi 46 ta mahallada nomigagina 1-2 ta mikroloyiha qilingani tanqid qilindi.

Bir oy oldin G‘ijduvon tajribasi asosida tuman hokimlariga mingdan ziyod mahallaning o‘zida “tepaga o‘sadigan” (vertikal) sanoat binolari tashkil qilish topshirilgan edi. Lekin birorta tuman hokimi hisob-kitob qilib, nechta loyiha qilishi va qancha ish o‘rni yaratishi bo‘yicha rejasini tasdiqlagani yo‘q.

Zarbdor tajribasi bo‘yicha rahbarlar ijro muddati 1 oktyabr, deb xotirjam yurganiga qat’iy e’tiroz bildirildi.

Mutasaddilar ushbu 4 ta tuman tajribasi bo‘yicha sustkashlikka yo‘l qo‘ygan barcha rahbarlarga chora qattiq bo‘lishi haqida ogohlantirildi.

Toshkent tumanida 4 egizak dunyoga keldi

Toshkent tumanida yashovchi 23 yoshli ayol Respublika perinatal markazida 4 nafar egizak — 3 qiz va 1 o‘g‘ilni dunyoga keltirdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, chaqaloqlarning ahvoli yaxshi.

Ma’lum qilinishicha, respublika perinatal markazida chaqaloqlarning sog‘lom tug‘ilishi uchun barcha zarur shart-sharoit hozirlanib, tug‘uruq kesarcha usulida, asoratsiz o‘tkazilgan. O‘g‘il chaqaloqning vazni 1622 gramm, qizaloqlarniki esa 1330, 1510 va 1370 grammdir.

Sog‘liqni saqlash vazirligining xabar qilishicha, go‘daklarning zarur vitaminlar hamda ona suti bilan oziqlanishi neonatolog-shifokor va hamshiralar nazorati ostida.

Oliygohlarga qabul yakunlandi

10 avgust kuni oliygohlarga qabul yakunlandi. Endi mandat bir hafta ichida e’lon qilinadi. Mandatni esa test sinovlarini topshirgan abituriyentlarning faqat yarmi kutyapti, qolgan yarmi minimal o‘tish ballini yig‘olmagan.

14-26 iyul kunlari 737 mingdan ortiq abituriyent oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga test sinovlarini topshirgan edi. Ular to‘plagan ballar sinovlarning ertasiga e’lon qilib borildi. U yakunlangach, 11 avgustgacha oliygoh va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash jarayoni uchun vaqt ajratilgan edi.

Qabul tartibiga ko‘ra, endilikda 1 hafta muddat ichida – 17 avgustgacha yakuniy natijalar e’lon qilinishi kerak.

Shu tariqa, abituriyentlar bu yil ilk marta yangi tartib asosida, imtihondan so‘ng o‘zlari to‘plagan balliga qarab qayerda, qaysi yo‘nalishda o‘qishini tanladi.

Imtihonlar yakunlangach, abituriyentlarning 47 foizi o‘qishga kirish uchun yig‘ish kerak bo‘lgan minimal 56,7 ballni ham to‘play olmagani ma’lum bo‘ldi.

Mavzuga oid