«Ostonada yakunlangan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvi mintaqadagi barcha mamlakatlarning so‘nggi olti yildagi navbatma-navbat raisligi yakunlarini ramziy tarzda sarhisob qildi va ushbu noyob formatdagi davlatlararo hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi», — deydi Abdulaziz Komilov O‘zbekiston tashqi siyosatiga bag‘ishlangan maqolasida.
Qo‘shnilar ilk marta mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirishga doir yagona qarash – «Markaziy Osiyo – 2040» konsepsiyasini kelishib oldi. Komilovga ko‘ra, bu hujjat o‘zaro hamkorlikning barcha asosiy sohalarini qamrab olgan, istiqbolga mo‘ljallangan aniq amaliy rejalarni, ularni amalga oshirish shakllari va mexanizmlarini belgilab berdi.
2018 yilda Ostona shahrida o‘tkazilgan birinchi uchrashuvdan buyon o‘tgan davrda Markaziy Osiyo mamlakatlari ancha katta yo‘lni bosib o‘tdi. Bular qatorida Markaziy Osiyoning zamonaviy qiyofasini o‘zgartirib, mintaqani tinchlik va hamjihatlik, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va hamkorlik makoniga aylantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni eslash o‘rinlidir.
«Bundan bor-yo‘g‘i yetti yil oldin chegaralarimiz deyarli to‘liq yopilgan edi. Biz chegara hududlaridagi mojarolar va minalangan dalalarga, transport blokadalariga, savdo sohasida baland to‘siqlar o‘rnatilganiga guvoh edik.
Suv resurslaridan, yaylovlar va suv xo‘jaligi obektlaridan foydalanish masalalari bo‘yicha tinimsiz tortishuvlarning ochiq qarama-qarshilikka aylanib ketish xavfi bor edi.
Mintaqadagi ba’zi kuchlar ishonchsizlik ruhini avj oldirish va umumiy tarixiy merosimizdan o‘z manfaatlari uchun foydalanish orqali muxoliflik va raqobatni keltirib chiqarardi. Tarqoqligimiz bizni zaiflashtirar, birlashish istiqbollaridan mahrum etar, mintaqa salohiyatini mushtarak manfaatlar yo‘lida ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilar edi.
Bularning barchasi asrlar davomida yonma-yon, tinch-totuv yashab kelgan, bir dinga e’tiqod qilgan, umumiy urf-odat va an’analarga ega bo‘lgan, minglab ko‘rinmas rishtalar bilan bog‘langan Markaziy Osiyo xalqlarining madaniy-sivilizatsiyaviy qadriyatlariga mutlaqo zid edi.
Qolaversa, global ishonch inqirozining chuqurlashuvi va qurolli mojarolarning keskinlashuvi mintaqaning barqarorligi va izchil rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Shu munosabat bilan Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari va xalqlari kabi O‘zbekistonning ham farovonligi hamkorlikni mustahkamlash borasidagi umumiy sa’y-harakatlarga, mintaqada xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash manfaatlarini birgalikda ilgari surishga tayyorligiga bog‘liq, degan tushuncha tobora mustahkamlandi.
















