O‘zbekiston | 09:13 / 21.08.2024
2129
3 daqiqa o‘qiladi

BMT Qoraqalpog‘istonda suv, kanalizatsiya va ekologiya bo‘yicha yangi loyihalarni ishga tushirdi

BMT agentliklari Orolbo‘yi mintaqasi Ko‘p sheriklik trast fondi ko‘magida Qoraqalpog‘istonda ikkita yangi loyihani ishga tushirdi. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qoraqalpog‘istondagi dolzarb ekologik va salomatlik muammolarini hal qilishga qaratilgan ikkita yangi loyiha boshladi, deya xabar qilmoqda tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi.

Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha Ko‘p sheriklik trast fondi (KShTF) tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan loyihalarga quyidagilar kiradi:

  • YuNICeFning «Qoraqalpog‘iston Respublikasining to‘rtta tumanida iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish va eng ko‘p jabrlangan jamoalarni xavfsiz suv, kanalizatsiya, gigiyena va sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan ta’minlash» loyihasi;
  • BMT Taraqqiyot dasturi va Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning «Orolbo‘yi mintaqasidagi aholining ekologik muammolarni havo sifati, yer va suv resurslarini boshqarishda innovatsion yondashuvlar orqali hal qilish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish» qo‘shma loyihasi.

YuNICeF loyihasi Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot, Bo‘zatov va Taxtako‘pir tumanlaridagi 15 mingdan ortiq aholining toza ichimlik suvi va iqlimga chidamli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan.

Shuningdek, u Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi va 10 ta mahallada ma’lumotlar asosidagi iqlimga chidamli suv, sanitariya va gigiyena yechimlari monitoringi tizimini mustahkamlash, shuningdek, 5100 dan ortiq bolalar va o‘smirlarni inklyuziv iqlimga chidamliligi bo‘yicha bilim bilan ta’minlashdan iborat.

BMTTD va FAOning qo‘shma loyihasi mahalliy hamkorlar va hamjamiyatlarga ekologik xavfsizlik muammolarini hal qilish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan. U havo, yer va suvni boshqarish bo‘yicha amaliy yechimlarni ishlab chiqish, jamiyatlarning iqlim o‘zgarishiga moslashishi va uni yumshata olishini ta’minlaydi.

Bundan tashqari, loyiha doirasida mintaqada suvni tozalash, o‘rmonlarni tiklash va tuproqni barqarorlashtirish bo‘yicha yangi yondashuvlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu tadbirlar shimoliy uchta tumanning — Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot va Taxtako‘pirning 376 mingdan ortiq aholisiga, ayniqsa xavfli guruhdagi ayollarga to‘g‘ridan to‘g‘ri foyda keltirishi mumkin.

Bundan tashqari, 16 avgust kuni BMTning «Insonga yo‘naltirilgan, iqlim sharoitiga chidamli birlamchi tibbiy yordam va suv, sog‘liqni saqlash muassasalari va maktablarda sanitariya va gigiyena amaliyoti uchun poydevor qo‘yish» qo‘shma dasturi yakunlandi.

Mavzuga oid