O‘zbekiston | 17:10 / 23.08.2024
2446
3 daqiqa o‘qiladi

Hindistonning Avee Broilers kompaniyasi O‘zbekistonda parranda go‘shti ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin

Loyihaning qiymati 43 mln dollarni tashkil etadi. Ishlab chiqarish Jizzax viloyatining Zomin, Baxmal va G‘allaorol tumanlarida hamda Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Hindistonning Avee Broilers kompaniyasi O‘zbekistonda parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Bu haqda Gazeta.uz «Parrandasanoat» uyushmasi matbuot xizmatiga tayanib, xabar berdi

Qayd etilishicha, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi va Hindistonning Avee Broilers genetik kompaniyasi Jizzax viloyatining Zomin, Baxmal va G‘allaorol tumanlarida hamda Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida parrandachilik ishlab chiqarishini tashkil etishni rejalashtiryapti.

Shartnoma O‘zbekiston va Markaziy Osiyo ehtiyojlari uchun 4 million bosh ota-ona shaklidagi parrandalarni yetishtirish imkonini berishi kutilmoqda. Bugungi kunda mintaqaning yillik parranda go‘shtiga bo‘lgan talabi 1,2 million tonna yoki 5,5 million boshni tashkil etadi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo Yevropa davlatlaridan 200 ming tonnaga yaqin go‘sht import qiladi. Loyihaning qiymati 43 million dollarga baholanmoqda. Investitsiyalarning bir qismi O‘zbekiston tomonidan qoplanadi.

Birinchi bosqichda, 2024−2025 yillarda, genetik bir xillik tufayli belgilari avloddan avlodga to‘liq o‘tadigan toza nasl parrandalarni yetishtirish korxonasi tashkil etiladi.

Ikkinchi bosqichda, 2025 yilda, bitta inkubatoriya barpo etish va ajdodlar galasini yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Bu avlod naslining keyingi avlodi aholiga yetkazib beriladigan parrandalar ishlab chiqarishi uchun asos bo‘ladi.

Avee Broilers har yili 4 million bosh naslli galani yetishtirishga tayyorligini ma’lum qildi, bu esa naslchilik materiallarini O‘zbekistonga yetkazib berish uchun transport xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirishi kutilmoqda.

«Bugungi kunda Yevropa davlatlaridan kelgan ota-ona galasining logistika xarajatlari har bir bosh uchun 2 dollarni tashkil qiladi. Loyiha O‘zbekistonda amalga oshirilsa, har bir boshning narxi 50 sentni tashkil etadi, bu esa Markaziy Osiyoda 5 million dollargacha tejash imkonini beradi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq, parrandachilik korxonalarini 5 yil muddatga yer solig‘idan ozod qilish va parranda go‘shtini eksport qilishga ruxsat berish haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid