28 avgustning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Olimpiyachilar bilan uchrashgan prezident, Oila va xotin qizlar qo‘mitasining asosiy vazifalari, “Tashabbusli budjet”dagi majburlovlar va Toshkent metrosi bekatidagi kichik yong‘in — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Prezident olimpiadachilar bilan uchrashdi
Ko‘ksaroy qarorgohida prezident Shavkat Mirziyoyev Parij Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashdi.
Davlat rahbari o‘g‘il-qizlarni 33-yozgi Olimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etib, erishgan ulkan tarixiy g‘alabasi bilan yana bir bor chin qalbdan samimiy muborakbod etdi.
"Dunyoning 200 dan ziyod davlatidan 11 ming nafarga yaqin eng mashhur sportchilar qatnashgan ushbu nufuzli sport anjumani biz uchun tom ma’noda rekordlar, mislsiz yutuqlarga boy bo‘ldi.
Avvalo, mazkur Olimpiadada O‘zbekiston birinchi marta eng ko‘p tarkib bilan, ya’ni 19 ta sport turi bo‘yicha 90 nafar sportchi bilan ishtirok etganini ta’kidlash lozim”, - dedi prezident
Olimpiya medallari, mamlakatning sport olamida erishayotgan yutuqlari davlatning umumiy rivojlanish va insoniy taraqqiyot darajasini bildirishi ta’kidlandi.
"Chindan ham, sizlar g‘oyat keskin bellashuvlarda yuksak jasorat va matonat ko‘rsatib, 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medalni qo‘lga kiritganingiz mamlakatimizning taraqqiyot borasidagi yuksak salohiyatini ifoda etadigan yorqin natijadir. Bu tarixiy g‘alaba Yangi O‘zbekiston yoshlari qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir marta amalda namoyish etdi", - dedi davlat rahbari.
Mamlakat ishtirokchi davlatlar orasida umumjamoa hisobida 13-o‘rinni, Osiyo qit’asida 4-o‘rinni, turkiy va islom mamlakatlari hamda MDH bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining asosiy vazifalari
Vazirlar Mahkamasining “Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini tartibga solish sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Nizom bilan qo‘mitaning vazifa va funksiyalari, huquq va majburiyatlari, hisobdorlik va boshqa organlar bilan hamkorlik tartibi belgilanmoqda.
Qo‘mitaga 12 ta asosiy vazifa yuklatilmoqda, ular qatorida: xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish; erkaklar va xotin-qizlarning teng huquq hamda imkoniyatlarini ta’minlash; xotin-qizlarga ish topishda ko‘maklashish, ularning tadbirkorligini rivojlantirish; oila a’zolarining huquqiy madaniyatini oshirish, ularda huquqbuzarliklarning oldini olish va boshqalar bor.
Shuningdek, xodimlar uchun ko‘p yillik ishlaganlik uchun qo‘shimcha har oylik ustama to‘lanadi.
OTB bilan yangi hamkorlik strategiyasi
Osiyo taraqqiyot banki (OTB)ning O‘zbekiston bo‘yicha yangi strategiyasi mamlakatning yashil iqtisodiyotga o‘tishini qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.
Yangi besh yillik strategiya doirasida OTB O‘zbekiston hukumati bilan mamlakatning yashil iqtisodiyotga o‘tishida yordam berish, xususiy sektor rivojlanishi va raqobatbardoshligini qo‘llab-quvvatlash va inson kapitaliga sarmoyalarni rag‘batlantirish bo‘yicha yaqin hamkorlik qiladi.
OTBning O‘zbekiston uchun yangi hamkorlik strategiyasi mamlakatning 2030 yilgacha bo‘lgan yashil iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha strategik maqsadlariga erishishda qo‘llab-quvvatlaydi. OTB O‘zbekistonning ko‘p yillik ishonchli hamkori sifatida tashqi global va mintaqaviy zarbalarga qaramay, mamlakatga barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va kam ta’minlanganlikni kamaytirishga yordam berishga sodiq qoladi.
OTB, shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri suveren bo‘lmagan moliyalashtirish va davlat-xususiy sheriklik orqali xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.
«Tashabbusli budjet»da majburlov holatlari
“Tashabbusli budjet”da ovoz yig‘ishga majburlash holatlari yuzasidan 39 ta shikoyat tushdi. Agar mazkur shikoyatlar o‘z tasdig‘ini topsa, loyihalar ovoz berish bosqichidan chetlatiladi yoki g‘oliblar ro‘yxatidan chiqarilishi mumkin.
Qayd qilinishicha, eng ko‘p shikoyat Farg‘ona viloyatida (7 ta) tushgan. Shuningdek, Toshkent shahrida 6 ta, Namangan va Jizzax viloyatlarida 5 tadan shikoyat tushgan.
Eng ko‘p shikoyat umumta’lim maktablari (19 ta) va tibbiyot tashkilotlari bo‘yicha (16 ta) qayd etilgan.
Vazirlikning eslatishicha, barcha murojaatlar tegishli tuman (shahar) Xalq deputatlari Kengashlariga yuboriladi hamda holat o‘z tasdig‘ini topsa, mazkur loyihalar ovoz berish bosqichidan chetlatiladi yoki g‘oliblar ro‘yxatidan chiqarilishi mumkin.
«Tashabbusli budjet» loyihasining 2024 yil 2-mavsumidagi loyihalarga ovoz berish jarayoni 22 avgustda boshlandi va 31 avgust soat 23:59 ga qadar davom etadi. Loyihalar uchun 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.
«O‘zgarish» metro bekatida yong‘in
Toshkent metropolitenining “O‘zgarish” metro bekatida yong‘in yoz berdi. Bunga relslardagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgani, nosozlik tezda bartaraf etilgani ta’kidlanmoqda.
«Toshkent metropoliteni» izohiga ko‘ra, 27 avgust kuni soat 19:28 lar atrofida «O‘zgarish» bekatining kontakt relsidagi qurilmalardan birida qisqa tutashuv sodir bo‘lgan. Yuzaga kelgan nosozlik mashinist hamda bekatdagi metropoliten xodimlari tomonidan zudlik bilan bartaraf etilgan. Bu vaqt davomida poyezd ichidagi yo‘lovchilar bekatga tushirilgan va 4 daqiqadan so‘ng poyezd harakati qayta tiklangan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘qligi ta’kidlanmoqda.
Toshkent metrosiga oid yana bir xabar. Chilonzor yo‘lining “Milliy bog‘” bekatining Adiblar xiyoboni oldidagi yerosti o‘tish yo‘li ham ochilmoqda.
Mavzuga oid
21:35 / 26.11.2024
26 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
20:55 / 25.11.2024
25 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:41 / 22.11.2024
22 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:40 / 21.11.2024