Jahon | 15:30
1045
10 daqiqa o‘qiladi

Trampga qarshi respublikachilar va Yevropaga kelgan «Tolibon» rasmiylari – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Isroil bolalarni qasddan nishonga olmoqda — BMT tergovi

BMTning Mustaqil xalqaro tergov komissiyasi «falastinlik bolalar Isroil kuchlari tomonidan qasddan nishonga olingani va o‘ldirilgani» haqida dalillar topganini ma’lum qildi.

Komissiyaga ko‘ra, bu «Isroil rasmiylari va xavfsizlik kuchlarining G‘azodagi falastinliklar guruhini yo‘q qilish bo‘yicha genotsid niyatini» isbotlashda asosiy omil bo‘lgan.

BMT nomidan rasmiy gapirish vakolatiga ega bo‘lmagan uch kishilik tergov guruhi o‘tgan yildagi hisobotida «Isroil G‘azodagi urushda genotsid sodir etgan», degan xulosaga kelgandi.

Seshanba kungi hisobotda ular Isroil harbiy amaliyotlari davom etayotganini, bu esa falastinlik bolalar o‘rtasida «misli ko‘rilmagan» – o‘lim, jismoniy va ruhiy jarohatlarga olib kelayotganini bildirdi.

Ularning ta’kidlashicha, Isroil rasmiylari va xavfsizlik kuchlari G‘azoda «genotsid jinoyatini sodir etishda davom etmoqda» deb xulosa qilish uchun «o‘rinli asoslar» mavjud.

BMT tergov komissiyasi urushning dastlabki ikki yilida G‘azodagi «harbiy harakatlarning bevosita oqibatida» kamida 20 179 bola halok bo‘lgani va 44 143 bola jarohatlanganini ma’lum qildi.

Hisobotda G‘azo va bosib olingan G‘arbiy sohildagi aniq voqealarda bolalar o‘limi uchun javobgar bo‘lishi mumkin bo‘lgan Isroil diviziyalari, brigada va bo‘linmalarining ro‘yxati keltirilgan.

Komissiya BMTga a’zo barcha davlatlarni, jumladan, Isroilni ham sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikni ta’minlashga chaqirdi.

AQSh Senati urushga qarshi

AQSh Senati prezident Donald Trampga Eronga qarshi harbiy harakatlarni to‘xtatishni buyuruvchi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Bu tobora norozi kayfiyatda bo‘lgan Kongress tomonidan respublikachi prezidentga nisbatan bildirilgan navbatdagi tanbeh bo‘ldi.

Senat urush vakolatlari to‘g‘risidagi rezolyutsiyani 50 ta «ha» va 48 ta «yo‘q» ovoz bilan ma’qulladi. Ushbu hujjat oy boshida Vakillar palatasi tomonidan ham qabul qilingan edi.

Garchi bu ovoz berish asosan ramziy ma’noga ega bo‘lsa-da, yaqin-yaqingacha Kongressdagi respublikachilarning bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashidan bahramand bo‘lib kelgan Tramp uchun partiyadoshlaridan jiddiy zarba bo‘ldi.

Yaqinda ayrim respublikachilar Trampning 1,8 milliard dollarlik «anti-qurollanish» jamg‘armasiga qarshi chiqishgandi. Uning immigratsiyaga qarshi keskin choralarini moliyalashtirish bo‘yicha 70 milliard dollarlik qonun loyihasi ham to‘xtatib qo‘yildi.

Tramp esa ovoz berish jarayonini tanqid qilib, uni «noo‘rin va ma’nosiz» deb atadi. Shuningdek u yoqlab ovoz berganlarni Eronga «tasalli» berishda va uning ishini «qiyinlashtirishda» aybladi.

Ammo bunday turdagi rezolyutsiyaning huquqiy maqomida biroz chalkashlik bor. Shu bois, Oq uy «Urush vakolatlari to‘g‘risidagi qonun» konstitutsiyaga zid va u majburiy kuchga ega emasligini ta’kidlab keladi.

Oq uy rasmiy vakiliga ko‘ra, rezolyutsiya Trampga AQSh kuchlarini harbiy harakatlardan olib chiqishni buyuradi. Ma’muriyat esa bu harakatlar 7 apreldagi otashkesim bilan yakunlanganini ta’kidlaydi.

Putin Rossiyada yoqilg‘i taqchilligi haqida

Prezident Vladimir Putin Ukrainaning dron zarbalari oqibatida Rossiyada yuzaga kelgan yoqilg‘i taqchilligiga ilk bor munosabat bildirdi.

Hukumat a’zolari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda Putin ushbu hujumlar frontdagi vaziyatga ta’sir qilmasligini, u yerda «Rossiya qo‘shinlari birin-ketin hududlarni ozod qilayotganini» aytdi.

Yig‘ilish davomida hukumat raisi o‘rinbosarlari Aleksandr Novak ichki bozordagi yoqilg‘i bilan bog‘liq vaziyatini «murakkab, ammo nazorat ostida» deb baholadi. Taqchillik esa «ayrim hududlar va alohida AYoQShlarda yuzaga kelayotgan logistika muammolari» deb ataldi.

Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, hukumat iste’molchilarni ta’minlash uchun «barcha zarur choralarni ko‘rmoqda».

Yana bir rasmiy esa Qrim bilan «barcha turdagi transport aloqalarini» himoya qilish uchun choralar ishlab chiqilayotganini aytdi. U aynan qanday choralar ekaniga aniqlik kiritmadi.

Ukrainalik harbiylar avvalroq Qrimni Xerson bilan bog‘lovchi temiryo‘l ko‘prigi butunlay yakson etilganini ma’lum qilgandi. Ukraina maxsus operatsiya kuchlari ko‘prikka zarba berilishi aks etgan videoni ham e’lon qildi. Vayron qilingan ushbu ko‘prik Qrimni materik bilan bog‘lovchi uchta ko‘prikdan biri hisoblanardi.

Putin yakunlovchi nutqida «Kiyev rejimi Rossiya uchun yaratishga urinayotgan» tahdidlar Mudofaa vazirligi tomonidan «minimal darajaga tushirilishi» kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tinchlik muzokaralarini «kuchli pozitsiyadan turib» qayta boshlash uchun Rossiyaga dronlar bilan tez-tez hujum qila boshlagan.

Shuningdek, Putin Ukrainaning bunday hujumlari «rossiyalik harbiylarni yanada ruhlantirishi»ni aytdi.

«Tolibon» rasmiylari Bryusselda

Afg‘onistonni boshqarayotgan «Tolibon» delegatsiyasi seshanba kuni ilk bor Bryusselda Yevropa Ittifoqi rasmiylari bilan uchrashdi. «Tolibon» – AQSh va NATO qo‘llagan hukumatga qarshi 20 yillik urushdan so‘ng, 2021 yilda hokimiyatga qaytgandi. Ammo Yevroittifoqqa a’zo davlatlar «Tolibon» hukumatini tan olmagan.

Rasmiy Bryussel Afg‘onistonning «de-fakto hukumati» bilan cheklangan muzokaralar o‘tkazish qarorini — jinoyat sodir etgan yoki xavfli deb topilgan, boshpana berish rad etilgan shaxslarni deportatsiya qilish uchun zarur deb hisoblamoqda.

Yevropa Komissiyasi vakilining ma’lum qilishicha, Bryusseldagi uchrashuvda komissiya va a’zo 15 ta davlat rasmiylari ishtirok etgan. Bu yanvar oyida Kobulda bo‘lib o‘tgan avvalgi uchrashuvning davomidir.

Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi vakili esa kun tartibini kengroq deb ta’rif berdi. Xususan, unda Yevropada konsullik vakolatxonasini ochish ehtimoli, u yerdagi afg‘onlar uchun konsullik xizmatlarini qayta tiklash va «ishonchni mustahkamlash choralari zarurligi» haqida gap boradi.

Vazirlik vakili Abdul Qahhor Balxiyning qo‘shimcha qilishicha, uchrashuv «xorijda istiqomat qilayotgan afg‘onlarning konsullik huquqlarini himoya qilish uchun ijobiy sur’at yaratishga umid bag‘ishladi».

Yevrokomissiya xatida esa muzokaralarda asosiy e’tibor «ittifoqda qolish huquqiga ega bo‘lmagan Afg‘oniston fuqarolarini qaytarish va readmissiya qilishga» qaratilishi aytilgan.

Ushbu tashrif huquq himoyachilari va bir qator yevropalik siyosatchilar tomonidan keskin tanqid qilinmoqda. Shu bois Belgiya tashqi ishlar vazirligi Afg‘oniston vakillariga faqat bir kun qolishga ruxsat beruvchi viza berdi va ularning harakatlanishini Belgiya hududi bilan cheklab qo‘ydi.

AQSh Kubaga sanksiyalarni kengaytirdi

AQSh davlat kotibi Marko Rubio Kubaning «Union Cuba Petroleo» davlat neft-gaz kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy etilganini e’lon qildi.

«Kubaning kommunistik elitasi energetikadan ijtimoiy nazorat va kleptokratik boylik orttirish vositasi sifatida foydalanmoqda», deb yozdi Rubio sanksiya sabablarini izohlab.

Kompaniya AQSh fuqarolariga u bilan biznes yuritish taqiqlangan tashkilotlar reyestriga kiritildi. Moliya vazirligi bayonotiga ko‘ra, AQSh tashqarisidagi shaxslarga ham ushbu kompaniya bilan hamkorlik qilgan taqdirda sanksiyalar tahdid soladi.

Rubioga ko‘ra, Kuba xalqi «kengroq iqtisodiy va siyosiy erkinliklarga» ega bo‘lmaguncha, Vashington «kommunistik rejimga zarba berishda davom etadi».

Oq uy oy boshida Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel va mamlakatning sobiq rahbari Raul Kastroning oila a’zolariga qarshi iqtisodiy sanksiyalar joriy etgandi. Amaldagi prezident Dias-Kanelga qarshi o‘tgan yilning iyul oyidayoq sanksiya qo‘llangan.

Inqilob yetakchisi Fidel Kastroning ukasi – 95 yoshli Raul Kastroga esa o‘tgan oyda AQSh jinoiy ayblov e’lon qilgan.

Vashington so‘nggi oylarda Havanaga nisbatan bosimni izchil oshirib bormoqda. Kuba hukumati vakillari AQShni orolga harbiy hujum qilish uchun bahona qidirishda ayblamoqda. Prezident Donald Tramp bir necha bor ushbu mamlakatni «nazorat ostiga olish» bilan tahdid qilgan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid