Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Neft savdosiga «ruxsat olgan» Eron va Voronejdagi zavodga hujum – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh Eronga sanksiyalarni vaqtincha bekor qildi
AQSh dushanbadan boshlab tinchlik kelishuvi doirasidagi ilk muzokaralardan so‘ng Eronga qarshi sanksiyalarni 60 kunga to‘xtatdi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tankerlar harakati yana jonlana boshladi va neft narxi pasayishda davom etmoqda.
AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens muzokaralar yakuniy tinchlik bitimi uchun yaxshi poydevor yaratganini aytdi.
Eronga iqtisodiy yengillik berishda ilk qadam sifatida AQSh Moliya vazirligi sanksiyalarni 21 avgustgacha to‘xtatib turishini e’lon qildi. Bu Tehronga neft va unga tegishli mahsulotlarni sotish hamda ular uchun to‘lovlarni qabul qilish imkonini beradi.
Shuningdek, Vens Tehron yadroviy inspektorlarni kiritishga, xorijdagi muzlatilgan aktivlarini boshqarish va o‘t ochishni to‘xtatish rejimini nazorat qilish mexanizmlarini yaratishga rozi bo‘lganini aytdi.
Ammo Eron tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Baqoiy Eron hali yadroviy masalalarni muhokama qilmaganini va hech qanday yangi majburiyatlar olmaganini bildirdi.
Tramp esa dushanba kuni Eron «yadroviy halollik»ni ta’minlash uchun qurol-yarog‘ tekshiruvlariga rozi bo‘lishini yozdi. «Agar Eron kelishuvga amal qilmasa yoki o‘zini to‘g‘ri tutmasa, men nima qilish kerak bo‘lsa, shuni qilaman», dedi keyinchalik Tramp.
Vensning so‘zlariga ko‘ra, Trampning kuyovi Jared Kushner shunday jarayonni o‘ylab topganki, unga ko‘ra muzlatishdan chiqarilgan Eron mablag‘lari AQSh va Qatar nazorati ostida bo‘ladi. Bu pullar AQShdan makkajo‘xori, soya va bug‘doy sotib olishga sarflanishi mumkin. «Shunday qilib, biz cheklovni olib tashlagan pullar fermerlarimizga tushadi», dedi Tramp jurnalistlarga.
Biroq Eron Markaziy banki raisi Abdulnosir Himmatiy bunday majburiyat yo‘qligini aytdi va muzlatilgan mablag‘larning kamida bir qismi sanksiyaga tushmagan boshqa tovarlarni sotib olishga ishlatilishi mumkinligini bildirdi.
Ukraina Rossiyaning raketa elektronikasi zavodini urdi
Ukraina harbiylari dushanba kuni Rossiyaning chegaraoldi Voronej viloyatida raketalar uchun elektronika ishlab chiqaradigan zavodga zarba berdi. Voronejga raketa hujumi Rossiya mudofaa sanoatiga berilgan navbatdagi yirik zarba bo‘ldi.
Ukraina tomoni chegaradan 200 kilometr masofada joylashgan ushbu obektga havodan uchiriladigan qanotli raketalar bilan zarba berganini ma’lum qildi. Ukraina dron kuchlari ham ushbu operatsiyada ishtirok etgan.
«U yerda Rossiya raketalarida, xususan, 'Iskanderʼ taktik raketa tizimlarida qo‘llanadigan elektronika ishlab chiqariladi», deb yozdi Ukraina bosh shtabi.
Avtomobildan olingan videotasvirlarda zavodning kamida ikkita joyidan ulkan qora tutun quyulib chiqayotgani ko‘ringan.
Voronej gubernatori Aleksandr Gusevga ko‘ra, sanoat korxonasiga berilgan zarba oqibatida kamida besh kishi halok bo‘lgan, o‘nlab fuqarolar tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. 10 ta ko‘p qavatli uy va 6 ta xususiy xonadonga zarar yetgan.
So‘nggi oylarda Kiyev Rossiyaning bir nechta harbiy ishlab chiqarish obektlariga, ayniqsa, raketa ishlab chiqaruvchi zavodlariga birma-bir zarba bermoqda. Kiyevning zarba berish imkoniyatlari ortganiga qaramay, Rossiyaning havo hujumlari ham Ukraina chuqur ichkarisiga kirib bormoqda va ko‘proq zarar yetkazmoqda.
Buyuk Britaniya bosh vaziri iste’foga chiqdi
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer kuchayib borayotgan siyosiy bosimlar ostida dushanba kuni o‘z lavozimidan ketishini ma’lum qildi. U dam olish kunlaridagi uzoq mulohazalardan so‘ng o‘z rejalarini ochiqladi; vazirlarning so‘zlariga ko‘ra, u mamlakat uchun nima eng yaxshi variant ekanini atroflicha taroziga solgan.
Shuningdek, Starmer Leyboristlar partiyasi yetakchiligidan ham iste’foga chiqdi. Starmerning o‘rniga partiya yetakchisi va bosh vazir lavozimiga nomzodlarni ko‘rsatish 9 iyuldan boshlanadi.
Asosiy va yaqqol nomzod — yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shimcha saylovda g‘alaba qozonib, parlamentga qaytgan Manchesterning sobiq meri Endi Burnxam hisoblanadi. U muqaddam ikki marta Leyboristlar partiyasi yetakchiligi uchun kurashgan.
Starmerning bayonotidan ikki soat ham o‘tmay, Burnxam partiya yetakchisi va bosh vazir sifatida o‘z nomzodini qo‘yishini tasdiqladi. Uning raqiblarsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri saylanishi yoki parlamentning boshqa a’zolari raqib sifatida maydonga chiqishi hozircha noma’lum.
Starmerning boshqaruv davri — uning hukumati millionlab keksalar uchun qishki yoqilg‘i to‘lovlarini bekor qilish bo‘yicha siyosatni e’lon qilishi bilan beqaror boshlandi. Keskin tanqidlardan so‘ng partiya yakunda bu qaroridan voz kechishga majbur bo‘lgandi.
Starmerning ish haqi fondidan olinadigan soliqni va eng kam ish haqini oshirish haqidagi qarorlari esa tadbirkorlarning g‘azabini keltirdi.
Uning kabineti bir qator janjallar bilan ham larzaga keldi, jumladan, uning sobiq o‘rinbosari Anjyela Reyner to‘lanmagan mol-mulk solig‘i tufayli iste’foga chiqqandi. Yaqinda esa Starmer – pedofil jinoyatchi Jyeffri Epshteyn bilan yaqin aloqalari fosh bo‘lgach, Buyuk Britaniyaning AQShdagi elchisi — Piter Mandelsonni lavozimidan bo‘shatgandi.
Qatardagi gaz majmuasida portlash
Qatarning «Ras Laffan» sanoat majmuasi ichidagi gazni qayta ishlash zavodida yuz bergan portlash oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi va o‘nlab odamlar jarohatlandi. Bu so‘nggi yigirma yildan ortiq vaqt ichidagi gaz sanoatida sodir bo‘lgan eng mudhish baxtsiz hodisalardan biri.
Qatar energetika vaziri Saad al-Kaabining so‘zlariga ko‘ra, portlash suyultirilgan tabiiy gaz obektlariga ta’sir ko‘rsatmagan. Davlatga qarashli «QatarEnergy» kompaniyasi zavoddagi operatsiyalarini qayta tiklash ustida ishlamoqda.
Rasmiylarning bildirishicha, yakshanba kuni kechqurun «Barzan» mahalliy gazni qayta ishlash korxonasida «texnik baxtsiz hodisa» yuz bergan. Bu hududdagi korxona atigi ikki kun avval qayta ishga tushirilgandi. «QatarEnergy» hodisa sabablarini har tomonlama tekshirishni boshladi.
«Barzan»dagi portlashdan keyin jarohatlangan 66 kishining hayoti xavf ostida emas. Halok bo‘lganlar Hindiston va Pokiston fuqarolari bo‘lgan.
Yakshanba kungi portlash kuchidan derazalar larzaga kelgan va u hatto markaziy Doxa bo‘ylab ham sezilgan. Bu esa Ras Laffandan 70 km uzoqlikda joylashgan poytaxt aholisi o‘rtasida vahima keltirib chiqardi.
Qatar rasmiylari bu voqea qo‘poruvchilik yoki dushmanlik harakati emasligini hamda atrof-muhit uchun hech qanday xavf tug‘dirmasligini alohida ta’kidladi.
AQShning yirik harbiy bazasi joylashgan Qatar, Erondagi urush davrida bir necha bor raketa va dron hujumlariga uchradi. Ulkan «Ras Laffan» obektida mart oyida Eron zarbasi oqibatida ikkita texnologik liniyasiga zarar yetib, ishlab chiqarish hajmi 17 foizga qisqargandi.
Fransiyada issiqdan 18 kishi halok bo‘ldi
Dushanba kuni Yevropa uzra yopirilgan kuchli jazirama issiq oqibatida Fransiyada kamida 18 kishi, jumladan, mashina ichida qolib ketgan ikki bola halok bo‘ldi.
Fransiya hukumat vakiliga ko‘ra, o‘limlar – jazirama issiq keltirib chiqargan sog‘liq muammolari tufayli qariyalar orasida va salqinlashishga harakat qilib, suvda cho‘kib o‘lganlar hisobiga ko‘p kuzatilgan.
Yevropaning bir qancha shaharlarida havo harorati bo‘yicha mutlaq rekordlar yangilandi.
Fransiyada maktablar yopilmoqda yoki dars jadvallari o‘zgartirilmoqda. Fransiya g‘arbidagi Bordo shahrida termometr ko‘rsatkichi 41,9 daraja Tselsiyga ko‘tarilib, o‘tgan yilning avgust oyidagi rekordni yangilagan.
Ispaniyaning odatda salqinroq bo‘lgan shimolidagi San-Sebastian shahrida ham harorat 40 darajaga yetishi kutilmoqda. Britaniya sinoptiklariga ko‘ra, shu haftada Yevropada havo harorati iyun oyi uchun tarixdagi eng yuqori darajaga yetishi mumkin.
Butunjahon meteorologiya tashkilotining aprel oyidagi hisobotida qayd etilishicha, Yevropa qit’asi global o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar tezroq isimoqda.
Avvalroq olimlar Yevropaning katta qismiga ta’sir ko‘rsatayotgan bu jazirama to‘lqini — Shimoliy Afrikadan, ya’ni Saxroyi Kabirdan issiq havoni yuqoriga tortib borayotganini aytgandi.
Mavzuga oid
15:50 / 22.06.2026
Shveytsariyada uchrashgan AQSh–Eron rasmiylari va Yevropada ekstremal issiq – kun dayjesti
15:45 / 19.06.2026
Britaniyada qamalgan Xitoy josuslari va Yevroittifoq-Isroil mojarosi – kun dayjesti
16:00 / 18.06.2026
Kelishuv imzolagan prezidentlar va Moskva osmonida yuzlab dronlar – kun dayjesti
14:41 / 17.06.2026