O‘zbekiston | 22:31 / 04.09.2024
9771
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shrabot hokimi o‘rinbosarlarini haqoratlagani uchun intizomiy jazoga tortildi

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumani hokimi Dilshod Shakarboyev ikki o‘rinbosarini haqorat qildi. Bu harakati uchun unga Samarqand viloyati hokimi farmoyishi bilan hayfsan berilgan. 

Dilshod Shakarboyev

Ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘shrabot tumani hokimi Dilshod Shakarboyevning o‘z xodimlarini haqorat qilgan audioyozuvi tarqaldi. Holatga viloyat hokimligi rasmiy munosabat bildirib, hokimga intizomiy jazo qo‘llanganini ma’lum qildi.

«Mazkur holatga viloyat hokimligining tegishli mas’ullari tomonidan aniqlik kiritildi. Samarqand viloyati hokimining tegishli farmoyishi bilan Qo‘shrabot tumani hokimi Shakarboyev Dilshod Davronovichga nisbatan hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llandi», deyiladi viloyat hokimligi munosabatida.

Audioyozuvda tuman hokimi qurilish va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlarini turli haqoratli so‘zlar bilan so‘kkanini eshitish mumkin. Jumladan, Shakarboyev 400 mln so‘mga bitta mahalla to‘liq bitishi, buni Mahalla uyushmasidagilar ham tasdiqlaganini aytgan va qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarini haqoratlagan.

«Ertalab hammasini olib bor, ey noinsof b...t, hammasini olib bor o‘sha yerga! Faqat men aytgan odamni topib oldi bular, o‘zing top deyapman bitta quruvchi, ey noinsof, qurilish bo‘yicha o‘rinbosar-ku sen», degan hokim.

Shuningdek, u kambag‘allik bo‘yicha o‘rinbosarini «eshak» degan hamda uyatsiz so‘zlar bilan haqoratlagan. 

Ma’lumot uchun, Dilshod Shakarboyev 2022 yil iyun oyidan buyon Qo‘shrabot tumaniga hokimlik qiladi. Bungacha u Samarqand viloyati Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan.

Mavzuga oid