Propan 3 oyda 68 foizga qimmatlashdi. Raqobat qo‘mitasi jim
5 iyundan 5 sentabrgacha bo‘lgan davrda birja savdolarida propanning 1 tonnasi 5,3 mln so‘mdan 8,9 mln so‘mgacha yoki 68 foizga oshdi. Bunga importda Rossiyaga qaramlik, ichki bozordagi raqobat muhitining yomonligi ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin.
Oxirgi oylarda propan narxi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida keskin qimmatlashdi. Bu birjada narxlar oshgani fonida ro‘y beryapti.
5 iyun holatiga propanning 1 tonnasi 5 mln 320,4 ming so‘mdan sotilgan bo‘lsa, bu 5 sentabrga kelib 8 mln 936,9 ming so‘mgacha qimmatlashgan. Ya’ni 3 oy davomida ushbu mahsulot bahosi 68 foizga oshgan.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, propan narxi birgina avgust oyida 20,2 foizga, yillik hisobda 32,7 foizga qimmatlashgan.
Propan taklifi kamaygan
Iyun oyida birja savdolarida kunlik eng ko‘p suyultirilgan gaz 14 iyun kuni sotilgan – 1981 tonna. Eng kami 24 iyun kuni – 1105 tonna. Iyul oyining dastlabki 15 kunligida kunlik sotuvlarning eng kam miqdori 1001 tonnani (13 iyul), eng ko‘p miqdori esa 1513 tonnani (8 iyul) tashkil qilgan, ya’ni xaridorlar uchun yetarli miqdorda taklif mavjud bo‘lgan. 16-31 iyul oralig‘ida esa kunlik sotuv 1000 tonnadan ham oshmagan.
Faqatgina 2 avgust kuniga kelib, narxlar keskin qimmatlashganidan keyin birjadagi kunlik savdolar 1000 tonnadan ko‘paygan.
Narxlar barqaror bo‘lgan iyun va narxlar keskin osha boshlagan iyul oyining ikkinchi yarmi va avgust oylaridagi kunlik sotuvlar hajmiga e’tibor qaratiladigan bo‘lsa, sezilarli kamayish kuzatilgan. Aynan yetarli darajada taklifning bo‘lmagani ham sotuvlar hajmi qisqarishiga va narxlar oshishiga ta’sir qilgan asosiy omillardan biri bo‘lishi mumkin. Ya’ni avgust oyining boshida metan narxlarining qimmatlashishi propanga bo‘lgan talabni oshirib yubordi, ammo mavjud talabni qondirishga yetarli bo‘lgan taklif mavjud bo‘lmadi.
“Energetik diversifikatsiya kerak”
Iqtisodchi Otabek Bakirov propan narxlari qimmatlashib borayotganini Rossiyaga energetik qaramlik kuchaygani bilan bog‘lagandi.
“O‘tgan oylarda Rossiyaning janubiy va g‘arbiy hududlarida joylashgan neftni qayta ishlash zavodlari harbiy obektlar sifatida nishonga olindi va ularning aksariyati ishdan chiqarildi. Oxirgi haftalarda eng yirik yoqilg‘i omborlari yo‘q qilindi va qilinmoqda. Bu jarayon bosqinchi agressor o‘z qo‘shinlarini Ukrainadan olib chiqmaguncha to‘xtamaydi. Hozirda Rossiyada nafaqat front bo‘ylab, frontdan uzoq hududlarda ham yoqilg‘i yetishmovchiligi boshlangan.
Shuning uchun, garchi jahon bozorida neft narxi arzonlashayotganiga qaramay, Rossiyaga sun’iy ravishda qaram qilingan O‘zbekistonda yoqilg‘i narxlari yana potirlab oshib yotibdi.
Bizga energetik diversifikatsiya kerak edi, lekin amalda energetik diversiyaga ro‘para qilindik”, deb yozgandi iqtisodchi.
Otabek Bakirovning qo‘shimcha qilishicha, boshqa mamlakatlardan yoqilg‘i importi tiklanmasa, narxlar yana ham oshishi mumkin.
“Narxlar, agar zudlik bilan do‘st va qardosh mamlakatlar –Turkmaniston, Ozarboyjon va Qozog‘istondan muqobil kanallar yo‘lga qo‘yilmasa, yana oshadi. Chunki oldinda talab keskin ko‘payadigan kuz va qish oylari bizni kutmoqda”, degandi u.
Iqtisodchi Turkmanistonda propanning narxi tonnasiga 300 dollar ekaniga urg‘u berib, uni Afg‘oniston, Turkiya va BAA kabi mamlakatlar xarid qilayotganini qayd etgan.
1 avgust kuni Raqobat qo‘mitasi birja orqali realizatsiya qilinishi belgilangan suyultirilgan gaz mahsulotining qo‘yilishi va sotilishi yuzasidan tegishli o‘rganishlarni olib borib, qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qilgandi. O‘tgan davr mobaynida propan narxi yanada qimmatlashdi, qo‘mita esa o‘rganish ishlarining natijasi haqida ma’lumot bergani yo‘q.
Mavzuga oid
16:50 / 11.10.2024
O‘zbek kompaniyasi Afg‘onistonning energetika sektoriga 1 mlrd dollar sarmoya kiritadi
19:38 / 08.10.2024
“2030 yilga borib gaz importi 10-11 mlrd kub metrga yetishi mumkin” - energetika vaziri
07:40 / 07.10.2024
"Zapravka"da gaz mavjudligini kuzatish bo‘yicha mobil ilova ishga tushiriladi
18:52 / 06.10.2024