Jahon | 18:15 / 08.09.2024
3502
2 daqiqa o‘qiladi

Venesuela prezidentining saylovdagi raqibi Edmundo Gonsales mamlakatni tark etdi

Venesuela sudi prokuratura talabiga ko‘ra Edmundo Gonsalesni hibsga olishga order berganidan keyin u Ispaniyadan siyosiy boshpana so‘radi.

Foto: Reuters

Prezidentlik saylovida Nikolas Maduro bilan raqobatlashgan Venesuela muxolifati yetakchisi Edmundo Gonsales mamlakatni tark etib, Ispaniyaga uchib ketdi. Bu haqda Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodriges va Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares ma’lum qildi.

Albares so‘zlariga ko‘ra, Gonsales Ispaniya harbiy-havo kuchlari samolyotidan foydalangan. Uning qo‘shimcha qilishicha, mamlakat hukumati «barcha venesuelaliklarning siyosiy huquqlari va shaxsiy daxlsizligi tarafdori».

Delsi Rodrigesning aytishicha, Gonsales Ispaniyaning Karakasdagi elchixonasida bir necha kun bo‘lganidan so‘ng, Ispaniya hukumatidan siyosiy boshpana so‘ragan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Venesuela Gonsalesni mamlakatdan chiqib ketishiga va xavfsizligini ta’minlashga rozi bo‘lgan.

2024 yil iyul oyida Venesuelada prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi, unda 74 yoshli sobiq diplomat Edmundo Gonsales Urrutia muxolifat nomzodi bo‘ldi. Venesuela Milliy saylov kengashi, saylov uchastkalari yopilgach, Nikolas Maduroning 51 foiz ovoz bilan g‘alaba qozonganini e’lon qildi. Muxolifat mustaqil so‘rov ma’lumotlariga tayanib, saylovchilarning aksariyati Gonsalesni qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidladi.

Bir necha kundan keyin AQSh Davlat departamenti Edmundo Gonsalesni Venesueladagi prezidentlik saylovida g‘olib deb tan oldi. Davlat departamentining ta’kidlashicha, Nikolas Maduro tomonidan nazorat qilinadigan Milliy saylov kengashi tomonidan ovozlarni qayta ishlash va natijalarni e’lon qilish «jiddiy qonunbuzarliklarga uchragan, Venesuela xalqining irodasini aks ettirmagan natijalarga olib kelgan».

3 sentabr kuni Venesuela sudi prokuratura talabiga ko‘ra Edmundo Gonsalesni hibsga olishga order bergani ma’lum bo‘ldi. U hokimiyatni «uzurpatsiya qilish», hujjatlarni qalbakilashtirish, qonunga bo‘ysunmaslikka undash va tizimli sabotajda ayblangan edi.

Mavzuga oid