OAV Rossiya Erondan ballistik raketalar olganini xabar qildi. Bu haqda nimalar ma’lum va Ukraina uchun qanchalik xavfli?
G‘arbdagi bir necha nufuzli nashrlar Eron Rossiyaga ballistik raketalar yetkazib bergani haqida xabar berdi, so‘nggi ikki yil mobaynida shunday kelishuv ehtimoli haqida xabarlar chiqib turgandi. Rasmiy Vashington bu ma’lumotni tasdiqlamagan, rad etmagan ham, Ukraina esa Eronga ikki tomonlama munosabatlardagi «halokatli oqibatlar» bilan tahdid qilgan.
BBC Ukraina xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina TIV bayonotidagi bunday formulirovka Ukraina va Eron o‘rtasidagi aloqalar uzilishi ehtimolini anglatishi mumkin.
Nashr Eron ballistik raketalarini yetkazib berishi Ukraina uchun qanchalik xavfli ekani va bu qurollar haqida nimalar ma’lumligi haqida yozdi.
OAV xabarida nima deyilgan?
The Wall Street Journal nashri 6 sentabr kuni yevropalik va amerikalik mulozimlar orasidagi anonim manbasiga tayangan holda Eron allaqachon RFga kichik masofada harakatlanuvchi ballistik raketalarini yuborgani haqida yozdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Yevropa va AQSh allaqachon Tehronning harakatlariga javoban sanksiyalar ustida ishlamoqda.
CNN esa razvedkadagi ikki manbasiga tayanib, Eron «Ukrainaga qarshi urushda qo‘llashi uchun allaqachon Rossiyaga yaqin radiusda harakatlanuvchi ballistik raketalarni yuborgani»ni xabar qildi.
Joriy yil fevralida Reuters agentligi oltita manbaga asoslangan holda Eron Rossiyaga «yer-yer» klassidagi 400 dona ballistik raketa bergani haqida xabar qilgandi.
O‘shanda AQShdagilar bunday turdagi qurollar berilganiga hech qanday dalil ko‘rmayotganini aytgandi, Eron vakillari esa bunday bayonotlarni «asossiz» deb atagandi.
Qishda Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi ham raketalar yetkazilgani haqidagi ma’lumotni rad etgandi.
Ammo avgust oyiga kelib Reuters Yevropa razvedkasidagi manbasiga tayanib, Eron baribir RFga sun’iy yo‘ldosh orqali boshqariluvchi, kichik masofaga harakatlanadigan yuzlab Fath-360 ballistik raketalar yetkazib berishni rejalashtirayotganini yozdi.
Sentyabr oyi boshida bu ma’lumotni Bloomberg ham tasdiqladi.
Britaniyaning Times gazetasiga ko‘ra, Rossiya Erondan 200 dan ortiq ballistik raketalardan iborat ilk partiyani qabul qilib olgan.
Ukraina «halokatli oqibatlar» bilan tahdid qilmoqda, Oq uydagilar eskalatsiya haqida gapirmoqda
Ukraina TIV bu xabarlardan «chuqur xavotir» bildirdi va Eronni «BMT Nizomi va xalqaro huquqqa ko‘ra, tajovuzkor davlat sanalgan Rossiyaga har qanday turdagi qurol-yarog‘ va harbiy texnikalarni berishdan tiyilish»ga chaqirdi.
Ukraina Rossiya ikki yildan ortiq vaqtdan buyon Ukrainani, jumladan Eron tomonidan ishlab chiqarilgan dronlar bilan o‘qqa tutayotganini eslatgan va jahon hamjamiyatini «xalqaro tinchlik va xavfsizlik himoyasi uchun Tehron va Moskvaga bosimni kuchaytirish»ga chaqirgan.
«Rasmiy Tehronni ogohlantiramizki, Eron Rossiya Federatsiyasiga ballistik raketalarini topshirgani fakti tasdiqlangudek bo‘lsa, bu Ukraina-Eronning ikki tomonlama munosabatlarida halokatli oqibatlarga olib keladi», — deyilgan Ukraina TIV bayonotida.
BBC Ukraina xizmatiga ko‘ra, gap ikki davlat aloqalari uzilishi haqida ketmoqda.
Oq uy Eron raketalari Rossiyaga yuborilgani ehtimolini «keskin eskalatsiya» deb atadi.
«Eron ballistik raketalarining Rossiyaga har qanday holatdagi yetkazilishi Eron Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushini qo‘llab-quvvatlashidagi keskin eskalatsiyani anglatadi», — deya AQSh Milliy xavfsizlik kengashi raisi so‘zlarini keltirgan Reuters.
Ammo Eronning BMTdagi missiyasi amalda raketalar yetkazib berilganini rad etgan. Mamlakat vakolatxonasi Tehronning Ukrainadagi mojaro bo‘yicha pozitsiyasi «o‘zgarmay qolayotgani»ni bildirgan.
«Eron mojaro ishtirokchilari bo‘lgan tomonlarga harbiy yordam ko‘rsatishni odamlar halok bo‘lishi, infratuzilmalar vayron bo‘lishi ortishiga va o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi muzokaralardan yiroqlashishga olib keluvchi noinsoniylik deb hisoblaydi, — deyiladi vakolatxona xabarida. — Shu tariqa, Eron nafaqat o‘zi bunday harakatlardan tiyiladi, balki boshqa mamlakatlarni ham mojaro ishtirokchilariga qurol yetkazishni to‘xtatishga chaqiradi».
Avval ham Tehron Moskvaga Ukraina bo‘ylab zarbalar berish uchun «Shaheed» tipidagi dronlar yetkazib berayotganini bir necha bor rad etgandi — holbuki, jurnalistlar va xalqaro ekspertlar buning aksini ko‘rsatuvchi ko‘plab dalillarni keltirishgan. 2022 yil kuzidan buyon Rossiya tomonidan «Geran» deya qayta nomlangan bunday minglab dronlar Ukraina hududlariga yuborilgan.
Dronlarning bir qismi to‘g‘ridan to‘g‘ri Eronda, yana bir qismi — RFdagi zavodlarda Eron texnologiyalari bo‘yicha yig‘ilgani haqida rad etib bo‘lmaydigan qator dalillar mavjud.
Amerikaning Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) tahlilchilari Eron ballistik raketalari Rossiyaga yuborilishini ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlikning bir qismi deb hisoblamoqda.
Ularning fikricha, Eron rejimi RFga ballistika berib, evaziga Moskvadan eng yangi Su-35 qiruvchilarini olishni ko‘zlagan. ISW hisobotida yozilishicha, bu masala avgust oyida RF Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoyguning Tehronga tashrifi chog‘ida muhokama etilgan.
Eron kengaytirilgan harbiy hamkorlik doirasida kiber imkoniyatlar, shuningdek raketa-kosmik dasturlarini takomillashtirish masalasida Rossiyadan yordam so‘ragan.
Bu raketalar nimasi bilan xavfli?
Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushning ilk kunlaridan buyon Ukrainadagi nisbatan eng muhim nishonlarga ballistik raketalar, birinchi navbatda — «Iskander M» tizimi raketalari bilan zarbalar berib kelmoqda. Ular bilan asosan havo hujumidan mudofaa tizimlari, raketa komplekslari, boshqaruv punktlari hamda energetika obektlari o‘qqa tutiladi.
Bu ballistik raketalar qanotli raketalardan farqli o‘laroq haddan tashqari yuqori tezlikda uchib, nishonga yaqinlashganida tik trayektoriyada tushishi, shuningdek, kuchli jangovar kallakka hamda yuqori aniqlikka egaligi bilan ajralib turadi.
Bularning barchasi havo hujumidan mudofaa tizimlarini bunday raketalar qarshisida amalda ojiz qolishiga sabab bo‘ladi.
Ukrainada rossiyaliklarning ballistik raketalarini faqat cheklangan miqdordagi Patriot va SAMP-T havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan urib tushirish mumkin, boshqa havo hujumidan mudofaa tizimlari esa bunga qodir emas.
Ammo «Iskander» raketalaridan faol qo‘llanishi Rossiyada ularning zaxiralari tugab qolishiga olib keldi.
Masalan, Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi 2023 yil avgustida RFda «Iskander» tizimining ballistik va qanotli raketalarini taxminan 270 taga baholagandi.
Ammo o‘shanda boshqarma Rossiya korxonalari bir oyda o‘rtacha 30 ta ballistik raketa tayyorlashi mumkinligini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, ukrain ekspertlari hisoblashicha, joriy yil avgust oyining o‘zida RF Ukraina bo‘ylab zarbalar uchun «Iskander» rusumli yoki uning shimoliy koreyaliklar tayyorlagan muqobili hisoblangan KN-23 raketalardan 61 tasini uchirgan.
Rossiya armiyasi KXDRdan olingan KN-23 raketalarini (rasmiy nomlanishi Hwasong-11) ilk bor 2023 yil dekabrida qo‘llagandi.
Bu raketalar nazariy jihatdan «Iskander»ga qaraganda uzoqroq masofaga harakatlanadi: ularning maksimum masofasi 900 kilometrni tashkil etadi. Ammo, ukrain nashrlari yozishicha, ular ancha eskirgan va nishonga aniq bormaydi.
Defense Express portali ma’lumotiga ko‘ra, rossiyaliklar uchirgan KN-23 raketalarining qariyb yarmi shunchaki havoda portlab ketgan va belgilangan nishonga yetib bormagan.
Shuning uchun Kreml Ukraina bo‘ylab raketa zarbalarini davom ettirish uchun yangi va nisbatan samaraliroq ballistik raketalarga ehtiyoj sezayotgandi.
Fath-360 qanday raketa?
Eronda ishlab chiqilgan «yer-yer» klassidagi, qisqa masofali Fath-360 raketalari 300 mm diametrga ea, vazni — 850-1100 kilogramm chiqadi.
Raketaning jangovar kallagi og‘irligi 150 kilogramm, harakatlanish radiusi — 75-120 kilometr.
Bu tutib olish murakkab bo‘lgan, tez va aniq boruvchi ancha xavfli quroldir.
Ammo Eron undanda kuchliroq hamda uzoqroq masofaga boruvchi Fateh-110 raketalariga ham egadir. Avvalroq OAVda Moskvaga aynan shunday raketalar berilgani ehtimoli haqida ham yozilgandi. Hozircha bu borada dalillar paydo bo‘lmagan.
Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) ilmiy xodimi, Yaqin Sharq mamlakatlarining raketa qurollarini o‘rganuvchi Fabian Hins qayd etishicha, eronliklarning raketalarini boshqarish va uchirish ancha oson.
«Bu raketalarning barchasi — yuqori aniqlikda, ular nishonga yetarlicha aniq borib, juda vayronkor, jangovar kallagi og‘irligi 500 kilogrammdan ortiq», — deya izohlaydi Hins.
Fateh-110 raketa 300 km, Fateh-313 — 500 km, Zolfaghar — 700 km masofagacha uchib borishi mumkin.
Fateh-110 uchirishga tayyorlash uchun kamroq vaqt ketishi hamda uzoq muddatgacha yaroqli bo‘lib qolishi bilan farqlanadi. Uni noqulay ob-havo sharoitida ham uchirish mumkin.
Eronning sobiq mudofaa vaziri Ahmad Vohidiy raketa quruqlikdagi va dengizdagi nishonlar, dushman to‘planib turgan nuqtalar, raketa qurilmalari, o‘q-dori omborlari hamda boshqa obektlarga «100 foiz aniqlikda» zarba bera olishini aytgandi.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, raketa, kassetali va kimyoviy kallakdan tashqari, yadroviy kallak olib uchishi ham mumkin.
AQSh Eron ushbu raketalarni ishlab chiqishda Xitoy kompaniyalarining texnologik ko‘magidan foydalangan deb hisoblaydi.
Eron qo‘shini bunday raketalar bilan raqib, xususan, Suriya va Iroqda IShID jangarilari to‘planib turgan hududlarga bir necha bor zarbalar bergani ma’lum.
Fabian Hinsning fikricha, «Fateh oilasi»ga mansub raketalar Ukrainadagi urushning borishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
«Bu raketalar jiddiy zarar yetkaza oladi. Ballistik bo‘lgani tufayli ularni faqat Patriot kabi ayrim havo hujumidan mudofaa tizimlari bilangina urib tushirish mumkin. Ukraina bunday tizimlarga ega, ammo butun Ukraina hududini qamrab oladigan miqdorda emas, qolaversa, tutib oluvchi raketalar ham yetishmaydi. Shuning uchun bu jiddiy sinov bo‘ladi», — deb hisoblaydi ekspert.
Shu bilan birga, bu raketalardan samarali foydalanish uchun yaxshi razvedka ma’lumotlariga ega bo‘lish kerak, ayniqsa, harakatlanib yuruvchi nishonlarga zarba berishdi.
«Agar gap statsionar bo‘lmagan va doimiy harakatda bo‘luvchi nishon haqida ketsa, bu katta chaqiriq bo‘ladi, chunki rossiyaliklarda front chizig‘idan ancha ichkarida razvedka bilan shug‘ullanish imkoniyatlari yuqori emas. Razvedka ma’lumotlari yetishmasligi samaradorlikni cheklaydi», — deb izohlaydi Fabian Hins.
Shu bilan birga, so‘nggi oylarda rossiyaliklar front chizig‘idan yuzlab kilometrlar masofaga razvedkachi dronlarni uchira olmoqda va front ortidagi bazalarga ballistik raketalar bilan zarba bermoqda.
Ekspert fikricha, Fateh-110 raketalari Amerikaning 300 km masofadagi nishonni ham ura oluvchi ATACMS raketalarining ba’zi versiyalari bilan bellasha oladi.
Mavzuga oid
23:49 / 10.10.2024
«Biz bu haqida gaplashmadik». Zelenskiy ittifoqchilar bilan o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilganini rad etdi
22:10 / 10.10.2024
Rus qo‘shinlari Donbassda ilgarilamoqda. Tahlilchilar nima deydi?
13:30 / 10.10.2024
Janubi-Sharqiy Yevropa davlatlari - Zelenskiyning «tinchlik formulasi» tarafdori
13:20 / 10.10.2024