Meloni g‘oyaviy jihatdan Trampga yaqin bo‘lgan «Italiya birodarlari» milliy-konservativ partiyasi vakili bo‘lib, Tramp Yevropa Ittifoqiga yomon munosabatda bo‘lsa-da, Meloni uchun istisno qiladi. U Trampning inauguratsiyasida qatnashgan yagona yevropalik davlat rahbari bo‘lgandi.

«Menimcha, u – ajoyib bosh vazir. U fantastik darajada yaxshi ishlaydi. U – haqiqiy jahon yetakchilaridan biri», – dedi Tramp yopiq eshiklar ortidagi muzokaralar oldidan.

Shu bilan birga, Jorjia Meloni – mutlaqo Yevropa tarafdori bo‘lgan siyosatchi, u Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining birligi va integratsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi, bundan tashqari, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va Rossiyaga qarshi turish tarafdori. Shuning uchun Yevropaning boshqa davlatlari rahbarlari u Trampni Yevropa Ittifoqi bilan savdo bitimi tuzishga undashi va katta savdo urushidan qochishga yordam berishiga umid qilmoqda.

Muzokaralar boshlanishidan oldin Meloni xonim o‘z tashrifining maqsadi muzokaralarni boshlash va Trampni Italiyaga taklif qilish ekani, u yerda Trampni Yevropaning boshqa yetakchilari bilan ham uchrashtirishga umid qilayotganini aytdi.

Muzokaralardan so‘ng u Tramp Rimga taklifni qabul qilganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, Tramp va Meloni jurnalistlar oldida AQSh va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo shartnomasi haqida deyarli gapirmadi – Tramp yuzma-yuz uchrashuvdan oldin bunday shartnoma «bo‘lishi 100 foiz aniqligi, lekin shaffof bo‘lishi»ni aytgandi.

Buning o‘rniga, matbuot anjumanida ishtirok etgan BBC muxbiri kichik Bernd Debyusmann ta’kidlaganidek, Tramp va Meloni kelishmovchiliklari bo‘lmagan mavzularga, masalan, immigratsiya mavzusiga qaytishni afzal ko‘rgan.

«To‘g‘ri tugmalarni bosish»

Muzokaralardan keyingi matbuot anjumanini Meloni Tramp bilan so‘l (woke) mafkura va DEI («xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlik») siyosatiga qarshi kurashda safdoshlar ekanini aytish bilan boshladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mafkurani tashuvchilar G‘arb mamlakatlari tarixini yo‘q qilishni istaydi.

Tramp esa uning so‘zlarini ma’qullab, bosh irg‘agan.

Keyin Meloni Trampning «Amerikani yana buyuk qilamiz» shiorini o‘zgartirib, AQSh va Yevropa birgalikda «G‘arbni yana buyuk qilishlari» kerakligini aytdi.

BBC’ning Yevropa masalalari bo‘yicha muxbiri Laura Gottssi Melonining bu bayonotlarini umumlashtirib, u Tramp bilan muloqotda «barcha to‘g‘ri tugmalarni bosish»ga harakat qilganini ta’kidladi.