Ukraina va Qöşma Ştatlar iqtisodiy hamkorlik şartnomasini tuziş niyatida memorandum imzoladi. Bu haqda Ukraina iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko ma’lum qildi.

«Biz Ukrainani qayta tiklaş uçun investitsiya jamğarmasini yaratişga tayyorgarlik körmoqdamiz. Bitim muhim sarmoya kiritiş, infratuzilmani modernizatsiya qiliş va Ukraina va AQŞ örtasida özaro manfaatli hamkorlik uçun imkoniyatlar oçadi — aynan şu maqsadda jamoalar hujjat ustida işlamoqda», dedi u.

Sviridenko sözlariga köra, şartnomaning yakuniy matnini kelişiş va imzolaş qolgan, şundan söng hujjat ratifikatsiya qiliş uçun har ikki davlat parlamentlariga yuboriladi.

Prezident Donald Tramp ma’muriyati Ukrainadan uruş paytida körsatilgan yordamni qoplaşni talab qilmoqda. Vaşington talab qilayotgan kelişuv Qöşma Ştatlar Ukrainaning bölajak sarmoyaviy loyihalaridan, jumladan, foydali qazilmalaridan tuşadigan foydaning bir qismini olişini közda tutadi.

Aprel oyi boşida Reuters manbasi AQŞ Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasidan Ukraina orqali ötuvçi «Gazprom» quvuri ustidan nazoratni qölga kiritişni talab qilayotgani haqida xabar bergan edi. Muzokaralar davomida AQŞ mablağlarni qaytariş böyiça öz talablarini 300 milliard dollardan 100 milliard dollarga tuşirgan.