AQSh tarixidagi eng yirik terakt - 11 sentabr voqealarini aks ettirgan suratlar
Roppa-rosa 23 yil avval, 2001 yil 11 sentabr kuni Usoma bin Lodin boshchiligidagi “Al-Qoida” guruhi terrorchilari to‘rtta yo‘lovchi samolyotini egallab olgandi. Ular uchoqlardan bomba sifatida foydalanib, Nyu-York va Vashingtonga hujum qildi. Misli ko‘rilmagan keng ko‘lamli hujumlar oqibatida qariyb uch ming kishi halok bo‘ldi.
O‘sha mudhish kunda asosiy zarba Jahon savdo markazining egizak minoralariga berildi. Voqealarning real vaqtdagi tasviri butun dunyo bo‘ylab jonli efirda namoyish etildi. Quyida ulardan ba’zilarini havola etamiz.
Jahon savdo markazining o‘t ichida qolgan Shimoliy minorasidagi odamlar yordamga chaqirmoqda. Minoraning yuqori qavatlarida jami 1366 kishi halok bo‘lgan: ko‘pchilik samolyot minora bilan to‘qnashgan paytda, qolganlari yong‘in va bino bosib qolishi oqibatida.
Egizak minoralarning yuqori qavatlarida qamalib qolgan kamida 200 kishi olovda jizg‘anak bo‘lishdan ko‘ra, pastga sakrab o‘lishni afzal ko‘rgan.
Janubiy minoraning yuqori qavatlarida kamida 600 kishi halok bo‘ldi. Binoning o‘zi 56 daqiqa davom etgan yong‘indan keyin qulab tushdi. Shimoliy minora esa 30 daqiqadan so‘ng yiqildi. Ularning qulashini minglab guvohlar kuzatdi.
Yaqin atrofdagi odamlar minoralar ostida qolmaslik uchun qochishga urinmoqda.
Soniyalar ichida yong‘inning quyuq tutuni va kuli ko‘chalarni qoplab oldi.
Janubiy minora qulashidan tirik qolganlardan biri Marsi Borders ofis binosida panoh topdi.
Terrorchilar tomonidan qo‘lga olingan samolyotlardan biri Pentagon binosiga yo‘naltirilgandi, oqibatda u portlash va yong‘indan shikastlandi, binoning bir qismi qulab tushdi. Bino ichida bo‘lgan 125 kishi, American Airlines 77 reysi bortidagi 59 yo‘lovchi hamda ekipaj a’zolari halok bo‘ldi.
Qutqaruvchilar omon qolganlarni 23 sentabrgacha izladi. 1600 dan ortiq jasad aniqlandi, qolgan taxminan 1100 kishining murdasi tanib bo‘lmas darajada edi. Nyu-York shahar Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi halokat joyiga 200 nafar qutqaruvchini yubordi, yana ko‘plab o‘t o‘chiruvchilar o‘z ixtiyori bilan voqea joyiga yetib kelishdi. Vayronalardagi yong‘in va tutash 99 kun davom etib, shundan keyingina olov butunlay o‘chirildi. Hududni tozalash ishlari 2002 yilning martiga kelib yakunlandi.
Terakt oqibatida 341 nafar o‘t o‘chiruvchi, Nyu-York o‘t o‘chirish xizmatining ikki nafar paramedigi, 60 nafar politsiyachi va sakkiz nafar tez tibbiy yordam xodimi halok bo‘ldi. Hujumlardan keyingi bir necha kun mobaynida ko‘plab xotira tadbirlari va motam marosimlari o‘tkazildi. Ular orasida 2001 yil 28 oktyabrdagi xotira marosimi ham bor.
O‘sha paytdagi AQSh prezidenti Jorj Bush Usoma bin Lodinni Nyu-York va Vashingtonga qilingan hujumlarda asosiy gumonlanuvchi deb atadi. Hujumdan bir necha kun o‘tib, 2001 yil 16 sentabr kuni Al Jazeera telekanali efirida bin Lodin teraktlarga aloqador emasligini aytdi.
Biroq 2001 yil 27 dekabrda bin Lodin yana bir videoyozuvni e’lon qildi, unda u terrorchilik hujumlariga javobgar ekanini tan olgan. AQShda 2004 yilgi prezidentlik saylovlaridan sal oldin Usoma bin Lodin “Al-Qoida”ning ushbu terrorchilik hujumlarini tashkil etishdagi ishtirokini oshkora tasdiqladi.
2002 yildan boshlab AQSh Kongressi qaroriga ko‘ra, 11 sentabr Vatanparvarlar kuni sifatida nishonlab kelinadi. 2009 yildan beri bu sana Umumxalq xizmat va xotira kuni deb ham ataladi. Har yili 11 sentabrda Nyu-York osmonida egizak minoralarni ramziy ifodalovchi “xotira nurlari” aks ettiriladi.
Mavzuga oid
23:09 / 05.10.2024
Gvatemalada o‘zbek migrantlari kontrabandasi bilan shug‘ullangan politsiyachilar hibsga olindi
15:16 / 05.10.2024
Putin administratsiyasidan AQShga qochgan mulozim
11:10 / 05.10.2024
AQSh Yamandagi husiychilar nishonlariga raketa zarbalari berdi
09:50 / 05.10.2024