Boysundagi hodisa birinchisi emas: gaz konlarida yuz bergan yirik falokatlar haqida
Boysun tumanidagi M25 gaz konida texnogen falokat yuz berdi. Bu hodisa O‘zbekiston tarixida gaz konlari bilan yuz bergan birinchi hodisa emas. O‘tgan asrning o‘rtalarida yuz bergan texnogen falokatni bartaraf etish uchun sovetlar atom bombasi qo‘llagan.
2024 yil 1 sentabr kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumanida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” konida texnologik jarayon buzilishi sababli oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatildi.
Oqibatda atrofga zaharli gazlar tarqaldi. Shundan so‘ng kon yaqinida yashovchi aholi evakuatsiya qilindi. Mas’ullar hamon texnogen falokat oqibatlari bilan kurashmoqda.
Boysunda sodir bo‘lgan hodisa O‘zbekiston tarixida birinchisi emas. Avval ham bir necha marta turli gaz konlarida texnologik falokatlar sodir bo‘lgan. Ana shunday hodisalardan biri Buxoro viloyatidagi O‘rtabuloq gaz konida, ikkinchisi Qashqadaryo viloyatidagi Pomuq gaz konida sodir bo‘lgan.
Har ikki holatda ham konlar burg‘ilab ochilgandan so‘ng gaz yonib ketgan va uzoq vaqtni olovni o‘chirishning iloji bo‘lmagan. Shundan so‘ng sovetlar har ikki konni ham atom bombasi portlatib jilovlagan.
O‘rtabuloq konidagi hodisa
1950-yillar boshida sovet geologlari O‘zbekiston hududida keng ko‘lamda qazilma boyliklar joylashgan konlarni qidirishni boshlab yuborishadi.
1956 yilda Buxoro viloyati Romitan tumani hududidan juda katta gaz konlari topiladi. U yerda aniqlangan gaz zaxirasi 500 mlrd kub metr edi. Shundan so‘ng o‘sha atrofda Gazli posyolkasi quriladi va konni o‘zlashtirish ishlari boshlab yuboriladi.
Hududdagi eng yirik gaz konlaridan biri bo‘lgan O‘rtabuloq ham o‘sha paytda, 1960-yillar boshida topilgan edi. Bu kon Buxorodan 90 kilometr janubroqda, Turkmaniston bilan chegara yaqinida joylashgandi.
1961 yilda O‘rtabuloqda burg‘ilash ishlari boshlab yuboriladi. 1963 yilda chuqurlik 2 400 metrga yetganda tarkibida oltingugurt miqdori juda yuqori bo‘lgan gaz zaxirasiga duch kelinadi.
O‘shanda kondagi burg‘ilash uskunalari yetib borgan joyda bosim 300 atmosfera atrofida bo‘ladi (boshqa manbalarda bosim 350 atmosferaga yetgani aytiladi).
Bunday paytlarda yuqori atmosfera bosimiga chidamli, maxsus po‘latdan tayyorlangan burg‘ilash uskunasi ishlatilishi kerak edi. Biroq ishchilar xatolikka yo‘l qo‘yadi, ya’ni maxsus burg‘ilash uskunasidan foydalanmaydi.
1961 yil 1 dekabr kuni oddiy burg‘ilash uskunasi yuqori atmosfera bosimiga bardosh berolmay, erib ketadi. Quduqda yong‘in yuz beradi. Kuchli olov to‘lqini burg‘ilash uskunasining yer sathida turgan qismi va uni ushlab turgan metall konstruksiyani uzib yuboradi.
Kondagi bosim kuchliligi sababli olovning balandligi 120 metrga yetadi. Hodisa yuz bergan joyga eng avval o‘t o‘chiruvchilar, buldozerlar, ekskavatorlar va boshqa maxsus texnikalar keltiriladi.
Biroq 200-250 metr masofada havo harorati juda baland bo‘ladi va quduq yaqiniga na maxsus texnikalar, na o‘t o‘chirish mashinalari yaqinlasha olmaydi.
Olovga suv yoki ko‘pik sepishning, shuningdek, maxsus texnikalar yordamida yer jinsini surib borishning iloji yo‘qligi ayonlashgach boshqacha yo‘l tutishga qaror qilishadi.
Avvaliga artilleriya qurollari yordamida gazni muzlatadigan moddalar solingan o‘q bilan quduqni mo‘ljalga olib o‘q otishadi. Kon yaqinida boshqa quduq qazib, undan suv haydab ko‘rishadi. Biroq olov baribir o‘chmaydi. Shundan so‘ng yonib turgan kon o‘z holiga tashlab qo‘yiladi.
O‘shanda har kuni sutka davomida 10-12 million kub metr (bu taxminan Toshkent shahrining qish faslida iste’mol qiladigan 1,5-2 kunlik gaz sarfiga teng), geolog-qidiruv boshqarmasi boshlig‘i A.Puchkovga ko‘ra 18-20 million kub metr gaz yonib ketaveradi.
Turli manbalarda ta’kidlanishicha, O‘rtabuloq konida bir sutkada yonib ketayotgan gaz Leningrad shahri aholisining bir sutka mobaynida sarflaydigan gaz miqdoriga teng edi.
120 metr balandlikdagi kuchli olov mash’alasi juda uzoqdan ko‘rinib turardi. O‘sha paytda Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari, Hindiston va Pokistondan SSSRga hamda boshqa Yevropa davlatlariga uchadigan samolyotlar aynan O‘rtabuloqdagi hodisa tufayli boshqa joy orqali ucha boshlashadi. Chunki istalgan vaqtda konda kuchli portlash sodir bo‘lishi mumkin edi.
Quduq atrofida tozalanmagan gazning yonishidan havo juda ifloslanadi. Tunda hasharotlar hamda qushlar o‘zini olovdan chiqayotgan yorug‘likka uradi va issiqda kuyib, oyoq ostiga qulab tushaveradi. Shu sababli atrof kuyindi hidiga to‘lib ketadi.
Ko‘p o‘tmay kon atrofidagi issiqlikdan himoyalanish uchun buldozerlar yordamida qum tepaliklari barpo etiladi. Shu tariqa quduq ming kundan oshiqroq vaqt mobaynida to‘xtovsiz yonadi va 10-12 milliard kub metrdan oshiqroq gaz isrof bo‘ladi.
1966 yilda atom bombasini portlatib, shu yo‘l bilan quduqning tepa qismini yer jinslari ostida qoldirish va olovni o‘chirish reja qilinadi.
1966 yil bahorida quduqdagi olovni atom bomba portlatib o‘chirish bo‘yicha taklif hukumat tomonidan tasdiqlanadi. Biroq bu ish juda tahlikali edi. Chunki yadro bombasi portlatiladigan joy yaqinida yana bir qancha konlar bor edi.
Shuningdek atrofda Turkmanobod, Kogon, Qorako‘l, Qorovulbozor kabi shaharlar joylashgandi. Qolaversa Buxoro shahri ham O‘rtabuloqdan uzoq emas, bor-yo‘g‘i 90 km masofada edi.
O‘rtabuloqda yadro bombasini portlatish ishlariga umumiy rahbarlik neft va gaz konlari bo‘yicha tajribali mutaxassis Komil Mangushevga topshiriladi.
Keyinchalik Komil Mangushev o‘z xotiralarida avariya sodir bo‘lgan joyga birinchi marta borganini shunday tasvirlagandi:
“Vertolyot yerga qo‘nganda tebranish kuchaydi. Dvigatel shovqini hodisa joyidagi shovqin tufayli bilinmay qolgani menda g‘alati hislarni uyg‘otdi. Quduqda yonayotgan gazning shovqini yuzlab reaktiv dvigatellarning ovozidan ham balandroq edi. Vertolyot qo‘ngan joydan quduqqacha 600 metr edi. Yonayotgan gazning tutuni tarqab, atrof xiraroq tuman ko‘rinishida edi. Mash’alning yuqori qismi tuman orasida chayqalib turardi. Tepadan qaraganda kuldonga o‘xshagan narsa qishda buldozerlar quduqning atrofiga jamlab qo‘ygan qum tepalari ekan. Atrofda yonishi mumkin bo‘lgan hamma narsa allaqachon kuyib bitgan. Atrofdagi qum aralash tuproq qizib ketgan, u yerda hayot tugagan edi. Quduqdan ko‘kka o‘rlayotgan olov shu’lasi tunda turli hasharotlarni o‘ziga jalb qilardi. Ular o‘zini yorug‘likka urar va jizg‘anak bo‘lib kuyib tushardi. Shu sababli oyoq osti turli qushlarning suyaklariga to‘lib ketgandi”.
Ishlar tig‘iz bo‘lganiga qaramay, geologik tayyorgarlik ishlari puxta olib boriladi. Komissiya a’zolari yozning jaziramasida, havo harorati +45...+48 daraja bo‘lgan paytda quduq oldiga bir necha marta kelib ketishadi.
Portlatish ishlariga E.Slavskiy boshchiligida maxsus tuzilgan komissiya javobgar edi. Bombani portlatish sanasini shaxsan SSSR rahbari Leonid Brejnevning o‘zi KPSS markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosi yig‘ilishida tasdiqlab beradi.
O‘rtabuloqda yadro bombasini portlatishga tayyorgarlik ko‘rish ishlari to‘rt oy davom etadi. Eng avval kon yaqinida 1500 metr chuqurlikdagi quduq burg‘ilanadi.
Quduq tayyor bo‘lgach unga yadro bombasi tushiriladi. Bunday chuqurlikda harorat juda yuqori bo‘lib, portlash nuqtasiga tushirilgan yadro bombasi qo‘shimcha ravishda sovitib turiladi.
1966 yil 30 sentabr kuni ertalab bomba portlatiladi. Natijada o‘z o‘rnidan siljigan yer jinslari gaz qudug‘ini siqib, uning ustini yopib qo‘yadi. Portlashdan 22-23 soniya o‘tgach olov o‘chadi.
O‘rtabuloqda portlatilgan yadro bombasining quvvati 30 kilotonnaga teng bo‘lib, u Xirosimaga tashlangan bombadan ikki barobar kuchli edi. U yer yuzasidan ancha chuqurda portlatilgani uchun yer yuzasidagi salbiy asoratlari kamroq bo‘ladi.
Portlashdan so‘ng
Kon jilovlangandan so‘ng O‘rtabuloq koni atrofida yer jinslari ko‘chib, hudud tartibsiz ko‘rinishga kelib qoladi. Bu yerga ko‘plab maxsus texnikalar olib kelinadi va yer tekislab chiqiladi. So‘ng konni o‘zlashtirish ishlari boshlab yuboriladi.
O‘rtabuloqdagi yong‘in muvaffaqiyatli o‘chirilgani uchun ko‘p o‘tmay Komil Mangushev va uning jamoasiga SSSR davlat mukofoti beriladi.
Buxoro yaqinidagi konda yonib turgan quduq atom bombasi yordamida o‘chirilgach, sovetlar keyinchalik bu tajribadan bir nechta gaz konlarida foydalanishadi.
Jumladan, yadro bombalari yana uch marta gaz quduqlarini jilovlashda ishlatilgan:
- 1968 yil 21 may kuni Qashqadaryo viloyatida joylashgan “Pomuq” konida;
- 1972 yil 11 aprel kuni Turkmanistonning Mari viloyatida joylashgan “Krater” konida;
- 1972 yil 9 iyul kuni Ukrainaning Xarkov viloyatida joylashgan “Fakel” konida (shu konda maqsadga erishilmagan va konni keyinroq boshqacha uslubda jilovlashgan).
1974 yilda gaz konlaridagi olovni o‘chirish uchun amaliy yechimlarni qo‘llash natijalari haqida kitob nashr etiladi. Uning mualliflari o‘sha paytda SSSR geologiya vaziri o‘rinbosari bo‘lgan V.Igrevskiy va O‘rtabuloqdagi konni jilovlashda mas’ul bo‘lgan Komil Mangushev edi.
Qashqadaryo viloyatida joylashgan “Pomuq” konini o‘zlashtirishda O‘rtabuloqdagi kabi yong‘in yuzaga keladi. 1968 yil 21 may kuni uni ham atom bombasi yordamida portlatib jilovlashadi.
Jilovlanmagan gaz koni
Yonib ketgan yoki texnik falokat yuz bergan gaz konlarining ayrimlarini jilovlashning imkoni bo‘lmagan. Ana shunday konlardan biri Turkmanistonda joylashgan.
Bundan 50 yil avval sovet razvedka guruhi Turkmanistonda tabiiy gaz qidirib, topilgan konlarda quduqlar qazishga kirishganda, zanjir reaksiyasi yuzaga kelgan.
Oqibatda Darvoza gaz krateri — ulkan olovli tuynuk paydo bo‘lgan. Krater “Jahannam darvozasi” va “Qoraqum yog‘dusi” nomlari bilan ham ataladi.
Bu yerda o‘raning tubi va devorlaridagi yuzlab teshiklardan doimiy ravishda alanga otilib turadi. Uning yaqinida turib, kraterdan chiqayotgan kuchli issiqlikni his qilish mumkin. Lovullayotgan olov ayniqsa, tunda, yulduzli osmon ostida dahshatli manzara hosil qiladi.
Bir necha yillardan buyon bu tuynuk Turkmanistondagi eng diqqatga sazovor joylardan biri bo‘lib kelmoqda. Bu davlatga safar qilgan deyarli barcha mehmonlar Qoraqum cho‘lidagi qumtepaliklar bilan o‘ralgan ushbu kraterda to‘xtab o‘tadi.
Kraterning kengligi taxminan 70, chuqurligi esa 30 metr. Uning tubi toshloq maydonchani eslatadi. Tashrif buyuruvchilar yonayotgan voronkaga juda yaqin kelmasligi uchun 2018 yilda tuynuk chetiga himoya to‘sig‘i o‘rnatildi.
Olti oyda jilovlangan fojia
2023 yil iyun oyida Qozog‘istonda Boysundagiga o‘xshash hodisa sodir bo‘ladi. Mamlakat g‘arbida “Buzachi Neft” kompaniyasi tomonidan burg‘ilanayotgan konda texnogen avariya yuz beradi va havoga gaz chiqa boshlaydi.
Gaz chiqishi 2023 yil 9 iyun kuni boshlanadi va o‘sha kuni portlash yuz berib, yong‘in sodir bo‘ladi. Shundan so‘ng kompaniya burg‘ilash ishlarini to‘xtatishga majbur bo‘ladi.
Boysundagi kondan farqli ravishda Qozog‘istondagi konda gaz tarkibida oltingugurt kam edi. Shunday bo‘lsa ham qozoqlar bir necha oy yong‘inni o‘chira olmaydi. Oradan olti oy o‘tgach, 2023 yil 25 dekabr kuni olov o‘chiriladi.
O‘shanda olti oyda kondan 127 ming tonna gaz chiqadi va uning bir qismi yonib, qolgani havoga ketadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu miqdor benzinda harakatlanuvchi 717 ming avtomobilning bir yillik yoqilg‘i sarfiga teng bo‘ladi.
Mang‘istov viloyati ekologiya boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, gaz konidagi avariya sababli havoda metan miqdori 480 barobar oshib ketgan. Shu sababli Qozog‘iston ekologiya vazirligi tabiatga yetkazilgan zarar uchun konni burg‘ilayotgan kompaniyaga 780 ming dollar jarima soladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
19:44 / 19.11.2024
Yo‘l qurilishi bo‘yicha buyurtma olib berish evaziga 50 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
23:00 / 04.11.2024
“Afsus, vijdon issiqxonada o‘smaydi" - Sherzodxon Qudratxo‘janing posti e’tirozlarga sabab bo‘ldi
20:17 / 29.10.2024
“Odamlar qiynalishyapti” – boysunliklar hukumatdan amaliy yordam kutmoqda
18:34 / 18.10.2024