Jahon | 21:16 / 13.09.2024
24694
5 daqiqa o‘qiladi

Yo‘qotish ko‘p. Aloqa yomon. Rossiya qo‘shin va artilleriya yubormoqda. CNN jurnalistlari Kursk oblastidagi ukrain harbiylari bilan gaplashdi

AP / Scanpix / LETA

Kursk oblastidagi yurishda ishtirok etayotgan ukrainalik harbiylar CNN muxbiriga Ukraina qurolli kuchlari operatsiya davomida katta yo‘qotishlarga uchragani, Rossiya hududida Starlink sun’iy yo‘ldosh tizimi ishlamasligi tufayli aloqadagi muammolar, shuningdek, «Vagner» XHK bayrog‘ini uchratishgani to‘g‘risida so‘zlab berishgan — RF Davlat dumasi mudofaa qo‘mitasi rahbari Andrey Kartapolov Yevgeniy Prigojinning halokatidan keyin mazkur kompaniya «uzil-kesil o‘z mavjudligini yo‘qotgani» haqida aytgandi.

CNN beshta turli bo‘linmadan bo‘lgan 14 nafar harbiy bilan gaplashgan, ular orasida piyoda qismlar harbiy xizmatchilari, dronlar otryadi jangchilari, zirhli texnikalar haydovchilari hamda sapyorlar bor. Ulardan to‘rt nafari jarohat olgan va Ukraina hududidagi gospitalga yuborilgan. Qolgan 10 nafari Kursk oblastida qolishda davom etmoqda.

CNN suhbatdoshlarining barchasi Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi yurishini yo‘qotishlar borasida frontning boshqa uchastkalaridan qolishmaydigan murakkab operatsiya deb atagan — ularning so‘zlariga ko‘ra, amaliyot boshlanganidan besh hafta o‘tganidan keyin vaziyat yomonlashib bormoqda. «Rossiya ko‘p qo‘shin va artilleriyasini yubormoqda. Bizning yigitlarning ko‘pchiligi halok bo‘ldi va ko‘plab texnikalarimiz yakson etildi», — degan ulardan biri.

«Fin» chaqiruv belgisiga ega boshqa bir askar uning to‘rt kishidan iborat jamoasi Kursk oblastiga birinchi bo‘lib bostirib kirgan bo‘linma tarkibida bo‘lganini aytadi. Ularga minalarni tozalash va Rossiya istehkomlarini demontaj qilish topshirig‘i berilgandi, uning so‘zlariga ko‘ra, tanklarga qarshi mudofaa to‘siqlarini ham o‘z ichiga oluvchi bu istehkomlar juda yaxshi qurilgan va «ajdaho tishlari» ostiga ham minalar joylashtirilgandi. Harbiylardan birining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari operatsiya davomida juda ko‘p qurbon berdi. U jurnalistlar bilan muloqotda o‘z oyoq kiyimini ko‘rsatib, undan «ko‘plab DNK namunalari» topish mumkinligini aytadi va shunday aniqlik kiritadi: «Afsuski, ukrainlarnikini».

Notanish joy harbiylar uchun yana bir muammo tug‘dirib, Ukraina qurolli kuchlari frontning boshqa uchastkalarida aloqa qilish uchun foydalanadigan Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti bu yerlarda ishlamaydi. Harbiylardan biri hikoya qilishicha, uning Chasiv Yardan Kursk oblastiga yuborilgan ekipaji adashib qolgan. Yana bir necha askar internet o‘chiqligi tufayli bir necha soat davomida o‘z bo‘linmalari komandirlari bilan bog‘lana olishmaganini bildirgan.

Ukrainalik rasmiylar Moskva Kursk oblastiga 30 ming atrofida harbiy xizmatchi yuborganini aytishadi. Ukrainalik ikki ofitserning so‘zlariga ko‘ra, bu miqdor «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangchilarini ham o‘z ichiga oladi, ularning fikricha, bu yollanma jangchilar G‘arbiy Afrikadan ko‘chirib o‘tkazilgan. Batalyonlardan birining komandiri bo‘lgan harbiy ham Kursk oblastida «Vagner» XHK bayrog‘i va boshqa tanish belgilarini uchratganini aytgan. Uning so‘zlarini boshqa askarlar ham tasdiqlaydi. Ukrainalik harbiylar aytishicha, vagnerchilar Rossiya armiyasining boshqa harbiylaridan yaxshiroq qurollangani va yaxshi ta’lim ko‘rgani bilan ajralib turadi.

Ukraina qurolli kuchlarining 6 avgust kuni Kursk oblastida boshlangan yurishidan ko‘p o‘tmay rossiyalik «harbiy muxbir»larning telegram-kanallarida bu hududga Malidagi vagnerchilar olib kelingani haqida ma’lumot tarqalgandi. Keyinroq Rossiya mudofaa vazirligiga yaqin hisoblangan Rybar telegram-kanali bu xabarni dezinformatsiya deb atadi. Xususiy harbiy kompaniyaga aloqador bo‘lgan «Razgruzka Vagnera» telegram-kanalida 26 avgust kuni bugungi kunda jangchilar «nafaqat „Qora qit’a» va Belarusda ishlayotgani», balki «maxsus harbiy amaliyot»da ham qatnashayotgani haqida post paydo bo‘ldi.

CNN bilan gaplashgan harbiylarning deyarli barchasi Kursk oblastidagi amaliyot tufayli «ruhiy ko‘tarinkilik» paydo bo‘lganini aytishgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga «o‘z dorilarini sinab ko‘rishga berish» qilingan mashaqqatga arziydi. «„Jin ursin, ha!“ — men tanklarimiz rossiyaliklarning pozitsiyalarini o‘qqa tutayotganini ko‘rganimda mana shunday hissiyot paydo bo‘lgandi. Ular qo‘l ko‘tarib chiqishdi, biz ko‘p asir oldik», — deya hikoya qiladi Ukraina qurolli kuchlarining «Xolod» laqabli jangchisi.

Mavzuga oid