Jahon | 22:51 / 15.09.2024
2210
2 daqiqa o‘qiladi

Vetnamda «Yagi» supertayfuni yetkazgan zarar 1,6 mlrd dollarga baholandi

Mamlakatda suv toshqinlari va tayfun oqibatida 257 mingta uy, 1,3 mingdan ortiq maktab, yuzlab to‘g‘onlar va boshqa infratuzilma obektlari vayron bo‘lgan yoki suv ostida qolgan.

Foto: Reuters

Vetnamning shimoliy hududlariga yopirilgan «Yagi» supertayfuni mamlakatga 1,63 milliard dollardan ortiq zarar keltirdi. Bu haqda Vetnam investitsiya va rejalashtirish vaziri Nguen Chi Zung 15 sentabr kuni o‘tkazilgan hukumat yig‘ilishida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur supertayfun Vetnamda oxirgi 30 yilda kuzatilgan eng kuchli tabiiy ofatga aylangan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, undan keyin boshlangan yog‘ingarchilik va suv toshqinlari 26 ta provinsiya va aholi punktiga zarar yetkazgan bo‘lib, ushbu hududlarga mamlakat YaIMining 41 foizi to‘g‘ri keladi.

Ta’kidlanishicha, suv toshqinlari va tayfun oqibatida 257 mingta uy, 1,3 mingdan ortiq maktab, yuzlab to‘g‘onlar va boshqa infratuzilma obektlari vayron bo‘lgan yoki suv ostida qolgan. Bundan tashqari, sholi va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekilgan 262 ming gektar yer maydoni yuvilib ketgan, 2,3 million boshdan ortiq qoramol va parranda nobud bo‘lgan.

Chi Zungning aytishicha, tabiiy ofat oqibatida mamlakatning ko‘plab hududlarida 2024 yil ikkinchi yarmida YaIMning o‘sishi sekinlashadi. «Butun yil bo‘yicha YaIM ikkinchi chorakdagi 6,8-7 foizli o‘sishga nisbatan 0,15 foizga tushib ketadi», — deydi idora rahbari.

Avvalroq Vetnamning shimoliy qismiga yopirilgan «Yagi» supertayfuni natijasida yuzaga kelgan suv toshqini oqibatida kamida 324 kishi halok bo‘ldi va bedarak yo‘qolgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, «Yagi» tayfuni Tailand va Myanmaga yetib kelishi natijasida har ikki davlatning shimoliy shtatlarida so‘nggi 80 yil ichidagi eng kuchli suv toshqinlari kuzatilgan.

Mavzuga oid