Bugundan yangi formatdagi Yevropa Chempionlar Ligasiga start beriladi. 36 jamoa klublar o‘rtasidagi eng nufuzli sovrinni qo‘lga kiritish yoki turnirda uzoqroqqa borish uchun bahsga kirishadi. Har qanday o‘zgarishning ilk davrlarida bo‘lgani kabi turli tushunmovchiliklar, savollar paydo bo‘lgani, ko‘pchilik uchun yangi format biroz murakkabroq tuyulgani tabiiy. Quyida ushbu musobaqa formatini sodda shaklda tushuntirishga harakat qilamiz. Xo‘sh, nimalar o‘zgardi?
Hech qanday guruh yo‘q
Shu paytgacha, butun yoz bo‘yi, hamda qur’a paytida ham jamoalarning guruhlar, to‘g‘rirog‘i, toifalar sifatida taqdim etilishi bu haqida ma’lumoti bo‘lmagan muxlislarni biroz chalkashtirgan bo‘lishi mumkin. Aniq qilib aytish mumkinki, 36 jamoa ishtirok etadigan birinchi bosqichda hech qanday guruh yo‘q. O‘yinlarda to‘plangan ochkolar bo‘yicha umumiy jadval amalda bo‘ladi.
U holda 9 talik guruhlar nima edi?
Gap shundaki, 36 jamoa yakdil umumiy jadvalda kurashgani bilan, hamma bir-biri bilan o‘ynab chiqishiga vaqt yetmaydi. Har bir jamoa 4 marta safarda, 4 marta o‘z maydonida, jami 8 uchrashuvda maydonga tushadi. Hech qaysi jamoa boshqasi bilan ikki marta to‘qnash kelmaydi. Bir mamlakat vakillari bir-biri bilan o‘ynamaydi.
Jamoalarning 4 toifaga ajratilishi esa raqiblarning kimgadir oson, boshqasiga qiyin bo‘lib qolmasligi uchun edi. Ya’ni toifalar reyting va jamoalar kuchiga qarab ajratilgan. Har bir jamoa har toifadan 2 tadan raqibga (biri bilan o‘z maydonida, ikkinchisi bilan safarda) qarshi maydonga tushadi.
Misol uchun, «Arsenal»ni olaylik. Londonliklar 1-savatdagi «PSJ» bilan o‘z maydonida, «Inter» bilan safarda o‘ynaydi. 2-savatdagilardan «Shaxtyor» bilan uyida, «Atalanta» bilan safarda bahslashadi. Uchinchi savatdan, «Dinamo» Zagreb (uyda), «Sporting» (safarda), to‘rtinchilar ichidan esa, «Monako» hamda «Jirona» raqib bo‘ladi. Har bir ishtirokchi jamoa uchun raqiblar aynan shu asosda tanlangan.

Keyingi bosqichga qanday chiqiladi?
Har bir jamoa 8 tadan o‘yin o‘tkazgach, to‘plangan ochkolar bo‘yicha 36 jamoa uchun umumiy jadval asosida o‘rinlar aniqlanadi. Ilk 8 o‘rinni egallagan jamoa to‘g‘ridan to‘g‘ri nimchorak final ishtirokchisiga aylanadi.
Keyingi 16 jamoa, ya’ni 9-24 o‘rinni egallagan jamoalar esa nimchorak finaldan oldin, 8 juft bo‘lib uy-safar tizimida pley-off o‘tkazadi. G‘oliblar haligi 8 jamoaga qo‘shilib, nimchorak final ishtirokchilarini tashkil etadi. Nimchorak finaldan keyingi bosqichlar xuddi avvalgi Chempionlar Ligasi formatida davom etadi.
















