O‘zbekiston | 22:25 / 24.09.2024
5942
6 daqiqa o‘qiladi

24 sentabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Baland binolar uchun konstruktorlik byurosi, qum-shag‘al qazib olish bo‘yicha muqobil xomashyo bazasi, oshayotgan aliment to‘lovlari va O‘zbekistonda o‘qiyotgan hindistonlik talabalar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Baland binolar uchun konstruktorlik byurosi

O‘zbekistonda joriy yil yakuniga qadar 16 qavatdan yuqori binolar qurish bo‘yicha Toshkent arxitektura-qurilish universiteti qoshida alohida Konstruktorlik byurosi tashkil etiladigan bo‘ldi.

Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda Shaharsozlik normalari va qoidalarining 38 tasi ro‘yxatdan o‘tmagan, yana 13 tasi yangilanmagani ta’kidlandi.

Shu bois quruvchilar zamonaviy obekt qurishda loyihaga maxsus texnik shart olish uchun qo‘shimcha vaqt va mablag‘ sarflamoqda, bu esa tannarxga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Qurilishdagi o‘zgarishlardan orqada qolib ketmaslik uchun Shaharsozlik normalari va qoidalarini muntazam yangilab borish kerakligi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan Qurilish va Adliya vazirliklariga bir oyda 38 ta Shaharsozlik normalari va qoidalarini ro‘yxatdan o‘tkazib, amaliyotga joriy qilish, 1 martga qadar 16 qavatdan yuqori binolar, savdo kompleksi va parkinglar bo‘yicha milliy normalarni hamda yana 13 ta Shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqish topshirildi.

Qum-shag‘al bo‘yicha muqobil xomashyo bazasi

Ekologik muvozanatni tiklash maqsadida daryo o‘zanlarini qazishga moratoriy joriy etilgan. Shu munosabat bilan respublika bo‘yicha muqobil qum-shag‘al uchastkalari aniqlanib, auksionga chiqarilmoqda.

Jumladan Olmaliq kon metallurgiya kombinatida yig‘ilgan uyumlar muqobil qum-shag‘alga aylantiriladi.

Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan qurilish industriyasi va qurilish materiallarini ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytildi.

Respublika bo‘yicha 135 ta qum-shag‘al uchastkalari aniqlanib, hozirgacha ulardan 40 tasi auksionga chiqarildi. Qolgan 95 ta uchastkalarni auksionga chiqarish bilan bog‘liq masalalarni hal qilish topshirildi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, so‘nggi 7 yilda qurilish materiallari sohasiga 9 milliard dollar investitsiya kiritilib, 5 mingga yaqin yangi korxona ishga tushdi, 94 mingta doimiy ish o‘rni yaratilgan.

Kambag‘al oilalar reyestri

2024 yil 1 dekabrdan «mahalla yettiligi» tomonidan kambag‘al oilalarning ijtimoiy sharoiti va kambag‘allikka tushish sabablarini o‘rganish natijasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Kambag‘al oilalar reyestri shakllantiriladi.

Bu haqda prezident farmoni qabul qilindi

Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan:

  • kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam olayotgan oilalarning rasmiy band bo‘lmagan a’zolari ishga joylashganda, o‘zini o‘zi band qilganda yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganda ushbu nafaqa va moddiy yordamni ularning muddati tugagunga qadar, biroq 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘lash davom ettiriladi;
  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,5 baravaridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi to‘langan holda ishga joylashgan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oila a’zosi uchun ijtimoiy soliq uch yil davomida 1 foiz stavkada to‘lanadi;
  • kambag‘al oilalarga ko‘mak choralari ijtimoiy shartnoma asosida mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlash, o‘z tomorqasidan samarali foydalanish, oila a’zolari, shu jumladan, farzandlarining bilim olishi, kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishi hamda sog‘lig‘ini nazoratga olishi, uy-joyini ozoda tutishi kabi shartlar inobatga olingan holda ko‘rsatiladi.

Aliment to‘lovlari oshadi 

O‘zbekistonda aliment to‘lovlari oshadi.

2024 yil 1 sentabrdan boshlab, qarzdorning nafaqasiga qaratilgan ijro hujjatlari bo‘yicha to‘lanadigan aliment miqdori 15 foizga, 1 oktyabrdan boshlab, qarzdor pedagog xodimlarning ish haqiga qaratilgan ijro hujjatlari bo‘yicha to‘lanadigan aliment miqdori 15 foizga, xususiy sektor va budjet tashkilotlarida faoliyat yurituvchi qarzdorlarning ish haqiga qaratilgan ijro hujjatlari bo‘yicha to‘lanadigan aliment miqdori esa 10 foizga oshadi.

2024 yil 1 oktyabrdan ishsiz aliment to‘lovchilar tomonidan to‘lanadigan aliment miqdori ham o‘rtacha 10 foizga oshadi.

Agar aliment to‘lovchi shaxs ishlamaydigan bo‘lsa yoki uning ish haqi va daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan bo‘lsa, aliment qarzi undirilayotgan vaqtda O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik ish haqi miqdori bo‘yicha hisoblab chiqiladi.

Hindistonlik talabalar

O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindistonning Uttar-Pradesh shtatida bo‘lib o‘tgan madaniyatlar tutashuvi va ta’lim uyg‘unligiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda ishtirok etdi.

Bugungi kunda O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida 5 mingdan ortiq hindistonlik yoshlar tahsil olayotgani, o‘zbekistonlik yigit-qizlar ham Hindistonda axborot texnologiyalari, tibbiyot, farmatsevtika, tilshunoslik va boshqa raqobatbardosh yo‘nalishlarda mutaxassislikka ega bo‘layotgani urg‘ulandi.

Shuningdek, O‘zbekistonning turizm salohiyati ham keng targ‘ib qilindi. Jumladan, ayni paytda ikki mamlakat o‘rtasida haftasiga 15 ga yaqin aviareyslar yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.

Mavzuga oid