Iqtisodiyot | 18:13 / 23.09.2024
5024
7 daqiqa o‘qiladi

Daryo o‘zanlaridagi qum-shag‘al o‘rniga muqobil xomashyo bazasi yaratiladi

Ekologik muvozanatni tiklash maqsadida daryo o‘zanlarini qazishga moratoriy joriy etilgan. Shu munosabat bilan, respublika bo‘yicha 135 ta qum-shag‘al uchastkalari aniqlanib, auksionga chiqarilmoqda. Olmaliqdagi kombinatda yig‘ilgan uyumlar muqobil qum-shag‘alga aylantiriladi. Noruda konlar bo‘yicha nazoratni kuchaytirish maqsadida marksheyderlar jalb etiladi.

Foto: Kun.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish industriyasi va qurilish materiallarini ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor o‘tkazdi.

Qurilishda yashirin iqtisodiyot darajasi yuqori

Mamlakatimizda so‘nggi 7 yilda qariyb 100 milliard dollarlik qurilish ishlari bajarildi. Prezident tannarx, sifat va qurilish madaniyati eng dolzarb masala bo‘lib qolayotanini qayd etdi.

Yig‘ilishgacha 400 ga yaqin ishlab chiqaruvchi, quruvchi va loyiha tashkilotlarining fikri o‘rganildi. Ularning ko‘pchiligi sohadagi byurokratiya va ortiqcha xarajatlar, mahsulotlar tannarxi va sifatiga e’tiroz bildirgan.

Tadbirkorlarga to‘g‘ri sharoit yaratib berilsa, ularning o‘zi shaffof ishlashdan manfaatdor. Tadbirkorlar reytingi joriy qilingandan keyin, 11 mingta quruvchi va ishlab chiqaruvchi quyi o‘rindan yuqori va o‘rta o‘ringa ko‘tarildi. Ulardagi 90 mingta ish o‘rni “soya”dan chiqdi, o‘rtacha oylik 1,4 barobar oshdi. Lekin sohada yashirin iqtisodiyot yuqoriligicha qolayotgani qayd etildi.

Qurilish materiallari ishlab chiqarishda erishilgan natijalar

Qayd etilishicha, so‘nggi 7 yilda qurilish materiallari sohasiga 9 milliard dollar investitsiya kiritilib, 5 mingga yaqin yangi korxona ishga tushdi, 94 mingta doimiy ish o‘rni yaratilgan.

Ishlab chiqarish 2 karra o‘sdi, yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan oshgan korxonalar 150 tadan oshdi. So‘nggi besh yilda qurilishlar hajmi ham 2 baravar ko‘paydi.

Shu bilan birga, 650 million dollarlik yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish hisobiga qurilishdagi import ulushini 31 foizdan 25 foizga tushirishga erishildi. Qurilish materiallari eksport bozori ham 58 taga yetdi, xorijda 20 dan ortiq savdo omborlari, 50 dan ziyod savdo do‘konlari ochildi.

Yangi yo‘nalishlar

Salohiyati, mahsulotiga bozorda talab yuqori bo‘lgan ushbu soha uchun bu ko‘rsatkichlar kamligi ko‘rsatib o‘tildi. Birgina qo‘shnilarimizning o‘zi bizda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan 2 milliard dollarlik qurilish materiallarini boshqa davlatlardan import qilyapti.

Bizda haligacha lak-bo‘yoq, gulqog‘oz, PVXdan quvur va fitinglar, pol qoplamasi, pardozbop tosh, santexnika kabi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan tovarlar import bo‘lmoqda.

Bazalt xomashyosi qayta ishlanib, qurilishda keng qo‘llanayotgani hisobiga yangi uy-joy va ijtimoiy obektlarda energiya sarfi 20 foizgacha kamaygani ta’kidlandi.

Biroq qurilishda bazaltdan tashqari quyosh nurini qaytaruvchi oyna, fibro tolali panel, vermikulit aralashmasi kabi materiallarni ishlatib, energiya sarfini yana 2 baravar qisqartirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Hozir qurilishda talab yuqori bo‘lgan quyoshni qaytaruvchi indiy, alyuminiy yoki rux plyonkasi bilan qoplangan maxsus oynalar ishlab chiqarish haligacha yo‘lga qo‘yilmagan.

Bu borada Quvasoydagi “Kvars” korxonasi 20 million dollar investitsiya kiritib, yillik 5 million kvadrat metr bunday oyna ishlab chiqarish tashabbusini bildirmoqda. Prezident bu loyihani ma’qullab, mutsaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Yana bir misol – binolarning fasad qismida fibro tolali paneldan foydalanib, energiya sarfini yana 10 foizga kamaytirish mumkin. Muhimi, fibro tolali panellar narxi olovga chidamli boshqa fasad qoplamalariga nisbatan 20 foizgacha arzon. Bu mahsulotni ishlab chiqarishda asosiy komponent hisoblangan – sement va boyitilgan qum o‘zimizda yetarli.

Mutasaddilarga bunday energiya tejamkor zamonaviy qurilish materiallari loyihalarini ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

“Sanoat ipotekasi” asosida avtoklav gazobeton, fibrosement panel, geotekstil, bazalt kabi yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha 170 million dollarlik 7 ta loyihani ishga tushirish topshirildi.

Energiya tejamkorlik

Qurilish materiallari ishlab chiqarish ikki yilda 1,2 karra oshgan bo‘lsa-da, ko‘rilgan choralar hisobiga energiya sarfi 1,3 barobar, energiya sig‘imi 1,6 barobar kamaydi.

Bugungi kunda ilg‘or xorijiy korxonalar ishlatib bo‘lingan issiqlik energiyasidan qayta foydalanish orqali elektr ishlab chiqarish texnologiyasini faol qo‘llamoqda.

Misol uchun, Navoiydagi “Qizilqumsement” pechlarni, issiqlik almashish uskunalarini rekonstruksiya qilib, yiliga 37 million kilovatt soat elektr iqtisod qildi.

Mutasaddilarga energiya sarfi yuqori bo‘lgan 34 ta korxonada 1 noyabrgacha energoauditni yakunlab, yiliga 300 million kilovatt soat elektr energiyasi iqtisod qilishni ta’minlash topshirildi.

Qurilish materiallari uyushmasi qoshida Koreya namunasi asosida sinov laboratoriyasini tashkil qilish zarurligi qayd etildi.

Laboratoriyada energiya samarador, yuqori qo‘shilgan qiymatli issiqlik saqlovchi materiallar, sanfayans, lak-bo‘yoq, keramika, PVX mahsulotlari hamda xomashyo sifatini tekshirish yo‘lga qo‘yiladi.

Muqobil xomashyo: OKMK chiqindilari – qum-shag‘al o‘rnida

Ekologik muvozanatni tiklash maqsadida daryo o‘zanlarini qazishga moratoriy joriy etilgan. Shu munosabat bilan muqobil xomashyo bazasini yaratish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Respublika bo‘yicha 135 ta qum-shag‘al uchastkalari aniqlanib, hozirgacha ulardan 40 tasi auksionga chiqarildi. Qolgan 95 ta uchastkalarni auksionga chiqarish bilan bog‘liq masalalarni hal qilish topshirildi.

Yil yakunigacha Olmaliq kombinatida yig‘ilgan uyumlarni qayta ishlovchi sanoat maydonini tashkil etib, yiliga qo‘shimcha 3 million kub metr qum-shag‘al yetkazib berish yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Davlat rahbari joylarda noruda konlardan noqonuniy yoki samarasiz foydalanish holatlari ko‘payib borayotganini qayd etdi. O‘tgan yili 6 million kub metr noqonuniy qazilma aniqlanib, ulardan 17 milliard so‘m qo‘shimcha soliq undirilgan.

Marksheyder mutaxassislar yetarli bo‘lmagani uchun yer qa’ridan foydalanuvchilarning atigi 36 foizi monitoring qilinmoqda. Nazoratni kuchaytirish maqsadida noruda qazilmasidan tushumning 3 foizi Soliq qo‘mitasi jamg‘apmaciga yo‘naltiriladi. Qo‘mitaga buning hisobiga har bir hududda kamida 2 ta marksheyderni jalb qilish, zamonaviy videokuzatuv va o‘lchash uskunalarini o‘rnatib, ta’sirchan nazoratni ta’minlash topshirildi.

Prezident qurilish materiallari tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqot qildi. Mutasaddilarga aytilgan fikr va tashabbuslarni puxta o‘rganib, tegishli takliflarni kiritish topshirildi.

Mavzuga oid