Jahon | 15:41 / 03.10.2024
4727
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil yana Bayrut markaziga zarba berdi: qurbonlar bor

Isroil chorshanba kuni kechqurun Bayrut markazi bo‘ylab yo‘llagan navbatdagi aviazarba oqibatida kamida olti kishi halok bo‘ldi, deb xabar qilmoqda Livan sog‘liqni saqlash vazirligi. Vazirlik xabarida yana 11 kishi jarohatlangani aytilgan.

Foto: Reuters

Isroil mudofaa armiyasi avvalroq «Hizbulloh» guruhining Bayrutdagi obektiga aniq zarba berganini xabar qilgandi.

Livandagi manbalarga ko‘ra, zarba oqibatida «Hizbulloh»ga tegishli tibbiyot markazi shikastlangan.

BBC’ning Livan poytaxtidagi muxbiri shahar markazida kuchli portlash ro‘y berganini xabar qilgan. Shuningdek, Bayrut janubida ham avvaliga uchta portlash, uning ortidan yana ikkita portlash kuzatilgan.

Shikastlangan bino Al-Bashur tumanida joylashgan. Foto: AFP

Muxbir ma’lumotiga ko‘ra, zarbaga uchragan bino Al-Bashur tumanida, Livan parlamenti hamda BMTning mintaqaviy shtab-kvartirasi yaqinida joylashgan.

Isroil armiyasi Bayrut markaziga ilk zarbani dushanbaga o‘tar kechasi yo‘llagandi, bunga qadar faqat shaharning janubiy chekkalari o‘qqa tutib kelinayotgandi, bu yerdagi Dahiya tumanida «Hizbulloh» obektlari joylashgan.

Isroillik harbiylar tunda yana Livan poytaxti janubidagi ayrim tumanlar aholisini TsAHAL zarba berishni rejalashtirayotgan bu hududlarni tark etish to‘g‘risida ogohlantirdi.

«Siz „Hizbulloh“ga tegishli obektlar yaqinidasiz, armiya yaqin kelajakda harakatga tushadi», — degan Isroil mudofaa armiyasi vakili Avixay Adrai.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi kun davomida isroilliklar zarbalari oqibatida 46 kishi halok bo‘lib, 85 kishi yaralangani to‘g‘risida xabar berdi.

Bayrut janubida chorshanba oqshomidagi holat. Foto: AFP

Chorshanba kuni, Livan bilan chegarada quruqlik amaliyoti boshlangani e’lon qilinganidan keyingi kunda Isroil armiyasi «Hizbulloh» bilan janglarda halok bo‘lgan ilk harbiy xizmatchisi haqida xabar berdi. Keyinroq harbiylar orasidagi qurbonlar soni sakkiz nafarga yetdi.

«Hizbulloh» vakili chorshanba kuni guruh jangchilari «mudofaaga to‘liq tayyorligi» va Isroil armiyasi bilan kurashish uchun yetarli miqdorda o‘q-doriga ega ekanini bildirdi.

Chorshanba kuni tongda ham Isroil mudofaa armiyasi Livan janubidagi 25 ga yaqin qishloq aholisini evakuatsiya zarurati haqida ogohlantirgandi.

Isroil armiyasi avvalroq Livan janubidagi chegara qishloqlarda «terrorchilik infratuzilmalari»ni yo‘q qilish bo‘yicha amaliyotga qo‘shimcha bo‘linmalar jalb etilgani haqida ma’lum qilgandi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu halok bo‘lgan askarlarni xotirlab, ular «Isroilni yo‘q qilishga intilayotgan Eron qarshilik o‘qiga qarshi og‘ir urushning avj pallasida» jon berganini aytgan.

«Bunday bo‘lmaydi, chunki biz birgamiz va xudoning yordamida g‘olib bo‘lamiz», — degan u.

Isroilning havo hujumidan mudofaa kuchlari chorshanba kuni ham hujumlarni qaytarish uchun harakatga keltirilgan — TsAHAL ma’lumotiga ko‘ra, kun davomida Livan janubidan Isroil shimoliga 240 dan ortiq raketa uchirilgan.

1 oktyabr kuni Isroil havo hujumidan mudofaa kuchlari Amerikaning O‘rta yer dengizi sharqida turgan esminetslari yordamida Eron «Hizbulloh» va Hamas yetakchilari o‘ldirilishiga javoban uchirgan 200 ga yaqin ballistik raketalarni qaytargandi.

Netanyahu Livandagi quruqlik amaliyoti «Hizbulloh»ning imkoniyatlarini zaiflashtirib, jangarilarni chegara hududlardan chekinishga majbur qilishi, bu esa o‘n minglab isroilliklar mamlakat shimolidagi uylariga qaytishiga imkon berishiga ishonmoqda.

Mavzuga oid