Jahon | 14:30 / 10.10.2024
4547
2 daqiqa o‘qiladi

RFda amerikalik yollanma faoliyat uchun sirtdan 14,5 yilga hukm qilindi

Trevor Rid Ukraina armiyasiga qo‘shilganlikda aybdor deb topildi. 2022 yilning bahorida Rid rossiyalik uchuvchi Konstantin Yaroshenkoga almashtirildi.

Trevor Rid Foto: Rossiya Federatsiyasi Tergov

Rossiya sudi AQSh fuqarosi Trevor Ridni Ukraina armiyasiga yollanma askar sifatida qo‘shilganlikda ayblab, sirtdan 14,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi, deb xabar berdi 9 oktyabr, chorshanba kuni Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi.

Sud hukmiga ko‘ra, ilgari AQSh dengiz piyodasida xizmat qilgan Rid 2023 yil may oyida «g‘arazli maqsadda» Ukraina Qurolli kuchlari (UQK)ga qo‘shilgan, harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan va Donetsk oblastidagi janglarda qatnashgan, buning uchun muntazam ravishda pul mukofotlari olgan. Rossiya amerikalikni xalqaro qidiruvga ham berdi.

Ridning Ukraina tomonida jang qilgani o‘tgan yilning iyul oyida, u minadan yaralanganida ma’lum bo‘lgan edi. Xabar qilinishicha, Rid o‘shanda AQSh rasmiylaridan uni Germaniya yoki Polshadagi Amerika muassasasiga o‘tkazishni so‘ragan.

Ridning Yaroshenkoga almashtirilishi 

Avvalroq, 2022 yil aprelida Rid 2011 yilda AQShda giyohvand moddalar savdosida ayblanib, yigirma yillik qamoq jazosiga hukm qilingan rossiyalik uchuvchi Konstantin Yaroshenkoga almashtirilgan edi. Bu vaqtga kelib, Rid deyarli ikki yil davomida Rossiya koloniyasida bo‘lgan — 2020 yil iyul oyida u politsiya xodimlariga hujum qilgani uchun to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Trevor Rid 2019 yil avgust oyida Moskvadagi Leningradskoye shosseda ikki qiz bilan janjallashgani uchun qo‘lga olingan edi. Ayblovga ko‘ra, amerikalik ushlash chog‘ida qarshilik ko‘rsatgan, patrul mashinasida esa haydovchiga hujum qilgan, uning formasini yirtgan va sherigini urgan. Rid o‘z aybini tan olmadi va mast holda bo‘lgani uchun nima yuz berganini eslay olmasligini aytdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid