1917 yil fevralda Rossiyada imperator Nikolay II taxtdan ag‘dariladi va hokimiyat muvaqqat hukumat ixtiyoriga o‘tadi. 1917 yil oktyabrda o‘zlarini bolsheviklar va mensheviklar deb atagan inqilobchi to‘dalar davlat to‘ntarishini amalga oshiradi va hokimiyatni egallaydi.

Shundan so‘ng Rossiya imperiyasida imperator tarafdorlari va o‘zini «inqilobchilar» deb atagan to‘da tarafdorlari o‘rtasida fuqarolar urushi boshlanadi.

Boshqa tomondan Rossiya imperiyasi qo‘l ostida mustamlaka bo‘lgan Boltiqbo‘yi, Polsha, Ukraina, Kavkaz, O‘rta Osiyoda milliy ozodlik harakatlari boshlanadi.

Rossiyadagi imperator tarafdorlari qo‘shinlariga Chor Rossiyasi davrida armiya qo‘mondonlari bo‘lgan generallar boshchilik qiladi.

Bolsheviklar va mensheviklar deb atalgan inqilobchi to‘da hamma yoqni egallab olgani uchun ularda ta’minot bilan bog‘liq muammo kamroq, qarshi tomonda esa oziq-ovqat va qurol-yarog‘ yetishmovchiligi bor edi.

Bundan tashqari, bolsheviklar rahnamosi Vladimir Lenin «Boylarning mulki tortib olinib, kambag‘allarga bo‘lib berish va shu yo‘l bilan hammani teng qilish» haqida gapirib, Rossiya imperiyasi va uning tarkibiga kiruvchi o‘lkalarda millionlab tarafdorlar orttirgandi.

Shu sababli aholining o‘rtahol va kambag‘al qismi davlat to‘ntarishini qo‘llayotgandi. Biroq ular bir kun kelib bolsheviklar boshlariga qanday og‘ir kunlar solishini anglab yetmagan edi.

Fuqarolar urushi va ozodlik harakatlari bir necha yil davom etadi. Natijada, Boltiqbo‘yi davlatlari – Latviya, Litva, Estoniya, Finlandiya va Polsha mustaqillikni qo‘lga kiritadi.

Ukraina, Kavkaz va O‘rta Osiyo kuch bilan Rossiya tarkibida saqlab qolinadi. Bundan tashqari, 1920 yilgacha mustaqil davlat sifatida yashab kelgan Buxoro amirligi va Xiva xonligi yiqitilib, ularning hududi Rossiyaga qo‘shib olinadi.

1917 yilda Rossiyada odir bo‘lgan davlat to‘ntarishidan so‘ng Polsha, Finlandiya, Latviya, Litva va Estoniya mustaqillikni qo‘lga kiritgandi

1922 yil 30 dekabr kuni Sovet sotsialistik respublikalari ittifoqi (SSSR) tuziladi va unga Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Kavkazorti respublikalari kiradi.

Keyinchalik Kavkazorti va Turkiston parchalanadi va ularning hududida bir nechta sotsialistik respublikalar tashkil etiladi.

Bolsheviklar SSSRni tashkil etib olganidan so‘ng eng avval asosiy raqobatchilari – mensheviklarni qatag‘on qiladi. So‘ng Moskva, Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) va boshqa yirik shaharlardagi kichik savdogarlar, baqqollar, hunarmandlar va boshqalarning mulklarini tortib oladi.