Zelenskiy: UQK Kursk oblastida o‘z pozitsiyalarini saqlab turibdi
Ukraina prezidenti o‘zining kechki videomurojaatida Rossiya Qurolli kuchlarining Ukraina qo‘shinlarini Kursk oblastidagi egallab olingan pozitsiyalaridan siqib chiqarishga urinishlari haqida ma’lum qildi, ammo «ayrim yo‘nalishlar» saqlab qolinganini tasdiqladi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 12 oktyabr, shanba kuni kechqurun Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyning «oldingi chiziqdagi barcha hududlarda va bizning Kursk operatsiyamiz to‘g‘risida»gi hisoboti haqida e’lon qildi. Rossiya kuchlari Kursk oblastida hujum amaliyotlarini o‘tkazdi, biroq Ukraina tomoni hujumlarni to‘xtatishga muvaffaq bo‘lmoqda, dedi Zelenskiy vatandoshlariga kechki videomurojaatida. «Rossiya bizning pozitsiyalarimizni orqaga surishga urinib ko‘rdi, lekin biz ma’lum chegaralarni ushlab turibmiz», — deydi Ukraina prezidenti. U frontning ushbu sektoridagi vaziyat haqida batafsil ma’lumot bermadi.
Zelenskiy, shuningdek, Ukraina harbiylarining Pokrovskiy yo‘nalishidagi «pozitsiyalarni himoya qilish»dagi muvaffaqiyatlarini alohida qayd etib, Donetsk va Zaporijjya yo‘nalishlaridagi og‘ir sharoit va «dushmanning qattiq harakatlari» haqida ma’lum qildi. «Ammo bizning bo‘linmalarimizning barqarorligi juda muhim», dedi Ukraina prezidenti.
Rossiya Kursk yaqinida UQKga qarshi keng ko‘lamli qarshi hujum boshladi
Rossiya harbiylari Kursk oblastida Ukraina Qurolli kuchlari (UQK)ga qarshi keng ko‘lamli qarshi hujumga o‘tdi. Bu haqda 10 oktyabr kuni kechqurun Ukrainaning Deepstate monitoring loyihasi ma’lum qildi. Rossiyalik harbiy blogerlar ham Rossiya Federatsiyasining Korenev, Sudja va Glushkovo rayonlarida faol qarshi hujumi haqida yozyapti.
Xususan, Rossiya Mudofaa vazirligiga yaqin bo‘lgan «Rybar» Telegram-kanali Rossiya bo‘linmalari «Ukraina qo‘shinlarini Glushkovo tumanidan deyarli butunlay siqib chiqarganini» da’vo qilmoqda. «Dva mayora» kanali ruslarning Sudja rayonidagi Zeleniy Shlyax qishlog‘i yaqinida oldinga siljigani haqida xabar berdi. Korenev rayonida, Ukrainaning Deepstate loyihasiga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari 10 oktyabrda 38 kvadrat kilometrdan ortiq maydonni yo‘qotdi. Shunday qilib, Ukraina bir oy ichida Kursk oblastida eng katta yer uchastkasidan 24 soat ichida mahrum bo‘ldi, deb yozadi «Agenstvo» Telegram-kanali.
«Severnyy veter» kanaliga ko‘ra, 10 oktyabr kuni kechqurun rus qo‘shinlari «beshta aholi punktini egallab, kamida ikkita dushman batalonini o‘rab olishga, ikkita muhim ta’minot va evakuatsiya yo‘lini kesishga» muvaffaq bo‘lishdi. 11 oktyabr kuni Chechenistonning «Axmat» maxsus kuchlari qo‘mondoni Apti Alaudinov «Komsomolskaya pravda» gazetasiga bergan intervyusida Rossiya Federatsiyasi allaqachon Kursk oblastida 15 aholi punktidan ukrainalik harbiylarni siqib chiqarganini aytdi.
Mavzuga oid
15:50 / 25.12.2024
Zelenskiy: Slovaklarga RFdan gaz uchun tovon puli taklif qilingan
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
18:44 / 21.12.2024
Zelenskiy bir qator ukrainalik diplomatlarni ishdan oldi
07:55 / 20.12.2024