Jahon | 09:40 / 21.10.2024
3749
3 daqiqa o‘qiladi

Kiyev ittifoqchilari KXDR harbiylari RFda ekani haqidagi xabarlarga baho berdi

Ukraina bilan urushda Rossiyani qo‘llab-quvvatlash uchun Shimoliy Koreya muntazam qo‘shinlarining ishtirok etishi G‘arb nazarida jiddiy keskinlashuv bo‘ladi.

Foto: Ng Han Guan/AP

Pentagon hozircha Janubiy Koreya razvedkasining Shimoliy Koreya qo‘shinlari Ukrainada joylashtirilishi uchun Rossiyaga o‘tkazilgani haqidagi xabarlarini tasdiqlay olmaydi. 19 oktyabr, shanba kuni AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostinning so‘zlarini Reuters agentligi keltirdi.

Shu bilan birga, Ostinning qo‘shimcha qilishicha, agar tasdiqlansa, bu qadam Vashingtonda xavotir uyg‘otadi.

Berlin: So‘nggi xabarlarni katta tashvish bilan kuzatmoqdamiz

Berlin Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasida, masalan, qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha tobora yaqinroq harbiy hamkorlik kuzatilayotganini ta’kidladi. 19 oktyabr kuni Germaniya Tashqi ishlar vazirligi vakili Reuters agentligiga: «Bu jiddiy tashvish uyg‘otadi» dedi.

Shimoliy Koreya qo‘shinlarining Rossiya Federatsiyasiga yuborilishi haqidagi xabarlarni izohlar ekan, u shunday dedi: «Biz bu boradagi so‘nggi xabarlarni ham katta tashvish bilan kuzatib boramiz».

Fransiya: Bu qadam mojaroni yangi bosqichga olib chiqadi

Shimoliy Koreya muntazam qo‘shinlarining Rossiya Federatsiyasini qo‘llab-quvvatlashga jalb etilishi urushning jiddiy avj olishi bo‘ladi, dedi Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro va uning ukrainalik hamkasbi Andrey Sibiga 19 oktyabr kuni Kiyevda o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida.

«Bu jiddiy (qadam) va mojaroni yangi bosqichga, qo‘shimcha avj olish bosqichiga olib chiqadi», dedi Barro Kiyevga bu lavozimdagi birinchi tashrifi chog‘ida. U bu holat Moskva urushda qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgani haqida signal bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

Pentagon KXDR qo‘shinlari Ukrainaga ehtimoliy yuborilishi haqidagi xabarlarni tahlil qilyapti

AQSh Mudofaa vazirligi (Pentagon) paydo bo‘lgan xabarlar asosida Rossiyani qo‘llab-quvvatlash uchun Ukrainaga Shimoliy Koreya harbiy kontingenti ehtimoliy yuborilishi imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi brigada generali Patrik Rayder kundalik brifingda aytdi.

Rayderning ta’kidlashicha, Pentagon Pxenyanning Ukrainaga qo‘shin yuborishi mumkinligi haqidagi xabarlarni ko‘rgan, ammo ularning haqiqiyligini hali tasdiqlay olmagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Pentagon bu masalani o‘rganmoqda va bu yo‘nalishdagi vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etmoqda.

«Agar bu ayblovlar rost bo‘lib chiqsa, bu Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik kuchayib borayotganini anglatadi. Bu, shuningdek, Rossiyaning jang maydonidagi kuch nuqtayi nazaridan qanchalik og‘ir ahvolda ekanini ko‘rsatadi», — dedi u.

Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Bryusselda Yevropa Ittifoqi (YeI) yetakchilari bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha jurnalistlarga Rossiya 10 mingga yaqin Shimoliy Koreya askarini janglarga jalb etishni rejalashtirayotganini aytgandi.

Mavzuga oid